GETTY IMAGES

To‘satdan bu ofat Yevropaga yopirildi. Virus butun qit'aga tarqala boshladi va qisqa muddatda Italiya koronavirus bilan kasallanganlar bo‘yicha Eronni «quvib o‘tib» ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Eng yomoni Italiyada koronavirusdan halok bo‘layotganlar soni kasallanganlarga nisbatan foiz hisobida Xitoy va Erondagidan ancha ko‘p. «Buzoqlar o‘lkasi»da koronavirusdan vafot etganlar soni 9 mingdan oshib ketdi. Bu Xitoyda vafot etganlardan qariyb ikki yarim baravar ko‘p degani.

Italiyada koronavirus tufayli vafot etayotganlar soni yanada ko‘p bo‘lishi mumkin. Sababi hukumat faqat rasmiy ro‘yxatga olingan kasallar orasida vafot etganlarning hisobi bo‘yicha ma'lumot beryapti. Virus sabab ro‘yxatga olinmay vafot etayotganlar ham bo‘lishi mumkin. «Covid-19 virusidan bir kishi vafot etsa, yana uch kishi hech qanday tessiz uyda pnevmoniyadan jon bermoqda», deydi Bergamo shahri meri Jorjo Gori.

Koronavirus: Italiyada qurbonlar o‘n mingga yaqinlashdi, lekin hali hammasi oldinda bo‘lishi mumkin

Nega aynan Italiyada koronavirus ortidan o‘lim holati ko‘payib ketdi? Bu savol barchani o‘ylantirmoqda.

Getty Images

26 mart kuni Bergamoda 32 ming odam koronavirus infeksiyasini yuqtirgani ma'lum bo‘ldi. Birgina dushanba kunining o‘zida yana 2 mingdan oshiq odam virus yuqtirgani va 400 nafar odam vafot etgani qayd etildi. So‘nggi kunlarda epidemiyaning o‘sish sur'ati biroz pasaydi, ammo Italiya umumiy amaliyot vrachlari federatsiyasi matbuot kotibi Paola Pedrinining aytishicha, mamlakatda vaziyat hanuz yomonligicha qolmoqda.

«Virus yuqtirganlarning ko‘pchiligi rasmiy statistikaga kirmagan bo‘lishi mumkin, chunki hammada ham koronavirusga qarshi test o‘tkazilmagan va ular kasallikka chalingan holda odamlar orasida yurgan bo‘lsa, hech kim bilmaydi. Odamlarni yoppasiga testdan o‘tkazish amaliyotini avvalroq boshlaganimizda, virusga chalinganlar, halok bo‘lganlar rasmiy ma'lumotlarda hozirgidan 5-10 barobar ko‘p bo‘lishi ham mumkin edi», deydi Paola.