Jahon | 11:39 / 20.11.2025
2356
3 daqiqa o‘qiladi

Italiya «Shimoliy oqim» ishi bo‘yicha Ukraina fuqarosini Germaniyaga topshirishini tasdiqladi

«Shimoliy oqim» gaz quvurlarini portlatish ishi bo‘yicha gumonlanayotgan Ukraina fuqarosi Sergey K. 10 kun ichida Germaniyaga topshirilishi kerak. Bu haqda uning advokati kassatsiya sudi hukmiga tayanib ma’lum qildi.

Foto: Swedish Coast Guard / Getty Images

Italiya kassatsiya sudi — mamlakatning eng yuqori sud instansiyasi — «Shimoliy oqim» gaz quvurlarida portlash bo‘yicha ishda gumonlanayotgan Ukraina fuqarosi Sergey K.ni Germaniya hokimiyatiga ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi qarorni yakuniy tarzda tasdiqladi. Bu haqda chorshanba, 19 noyabr kuni kechqurun uning advokati Nikola Kanestrini jurnalistlarga ma’lum qildi.

Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, 49 yoshli Sergey K. 10 kun ichida Germaniyaga topshirilishi lozim. Dpa agentligi yozishicha, u, ehtimol, Hamburgda sud oldida javob beradi. Germaniya Federal prokuraturasi Sergey K.ni portlashlarni amalga oshirishga sheriklikda va konstitutsiyaviy tuzumga qarshi diversiya faoliyatida ayblamoqda.

Bu Ukraina fuqarosini Germaniyaga topshirish haqidagi qarorga berilgan shikoyatni ko‘rish bo‘yicha ikkinchi marotaba o‘tkazilayotgan jarayon. Ilgari kassatsiya sudi shikoyatni qanoatlantirib, ishni qayta ko‘rib chiqish uchun yuborgan edi. Biroq takroriy eshituv ham yana ekstraditsiya to‘g‘risidagi qaror bilan yakunlandi.

Sergey K. yozda oilasi bilan dam olayotgan paytida Adriatika dengizining Italiya qirg‘og‘ida qo‘lga olingan. Nemis tergovchilari ma’lumotlariga ko‘ra, ukrainalik bu shaxs to‘rt nafar g‘avvosni o‘z ichiga olgan yetti kishidan iborat guruhga rahbarlik qilgan. Rejani amalga oshirish uchun ular Germaniyada Andromeda nomi bilan yuradigan yaxtani ijaraga olib, Boltiq dengiziga chiqqan.

«Shimoliy oqim» gaz quvurlaridagi portlash ishi bo‘yicha yana bir gumonlanuvchi — avvalroq Polshada qo‘lga olingan, 46 yoshli Ukraina fuqarosi Vladimir J.ni Germaniyaga topshirishdan Varshava sudi oktyabr o‘rtasida bosh tortib, uni qamoqdan ozod etish to‘g‘risida qaror chiqardi. Sudya Dariush Lyubovskiy Berlinning ekstraditsiya to‘g‘risidagi so‘rovini «ko‘rib chiqishga loyiq emas», deb baholadi. Polsha bosh vaziri Donald Tusk sud qarori to‘g‘ri bo‘lganini ta’kidladi.

2022 yil kuzida «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim – 2» quvurlaridagi portlashlar xalqaro miqyosda katta rezonansga sabab bo‘ldi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan yarim yil o‘tgach, Boltiq dengizi, Bornxolm oroli yaqinidagi bir nechta suvosti portlashlari quvurlarni vayron qildi. Keyinchalik gaz quvurining to‘rtta yo‘nalishidan uchtasida sizib chiqish joylari aniqlandi, ular orqali gaz yetkazib berish imkonsiz bo‘lib qoldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid