Iqtisodiyot | 17:42 / 30.03.2020
5450
2 daqiqa o‘qiladi

MB fuqarolarni bankka kelmasdan onlayn xizmatlardan foydalanishga chaqirdi

Fuqarolar oddiy to‘lovlar uchun ham bankka kelishda davom etmoqda. Karantin davrida bank xizmatlaridan maksimal tarzda masofadan foydalanish tavsiya qilinadi.

Markaziy bank boshqarma boshlig‘i Husanxo‘ja Abidov fuqarolarni imkon qadar onlayn bank xizmatlaridan foydalanishga chaqirdi.

«Fuqarolar oddiy to‘lovlar uchun ham bankka kelishda davom etmoqda. Karantin davrida bank xizmatlaridan maksimal tarzda masofadan foydalanishni tavsiya qilamiz.

Amalga oshirilgan to‘lov operatsiyalari banklar mobil ilovalari va to‘lov tizimlari bazasida saqlanib qoladi», deya ta'kidladi Husanxo‘ja Abidov AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Bundan tashqari, Husanxo‘ja Abidov bugungi kunda ham banklarning kreditlash amaliyoti to‘xtamagani va barcha turdagi kredit xizmatlari amalga oshirilayotgani haqida ham ma'lumot berdi.

«Bank tomonidan kredit ajratish bo‘yicha majburiyatlar vaqtida bajariladi. Biroq bugungi kundagi vaziyatdan kelib chiqib, banklar o‘z mijozlarining kredit to‘lovlari muddatlarini uzaytirish va qarz yukini kamaytirishga ko‘proq urg‘u bermoqda», deya MB rasmiysining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, o‘tgan bir hafta davomida tijorat banklari tomonidan 10 mingga yaqin kredit shartnomalari muddati uzaytirib berilgan.

Mavzuga oid