Jahon | 22:51 / 31.03.2020
7399
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish vaqtida 19 kishi halok bo‘ldi

Xitoyning janubi-g‘arbida o‘rmon yong‘inlari yuz bermoqda. Vaziyat quruq va shamolli ob-havo sababli yomonlashgan. Yong‘inlarni o‘chirishga minglab o‘t o‘chiruvchi jalb qilingan.

Foto: Anadolu

Eng murakkab vaziyat Sichuan provinsiyasining Sichan shahrida yuzaga kelgan. Bu yerda yong‘inlar 30 mart kuni mahalliy fermada boshlanib, yaqin atrofdagi tog‘larga ko‘chgan. Kechga yaqin yong‘in bilan qamrab olingan maydon ming gektardan oshgan, 80 gektar o‘rmon yo‘q bo‘lgan.

31 mart soat 1:30da yong‘inni o‘chirishga jo‘natilgan 22 kishi aloqaga chiqmay qo‘ygan. Soat 7 atrofida ulardan 3 nafari topilib, shifoxonaga jo‘natilgan. Keyinroq 19 kishining jasadi topilgan. Ulardan 18 nafari o‘t o‘chiruvchi bo‘lgan, biri mahalliy o‘rmon xo‘jaligi ishchisi bo‘lib, u o‘t o‘chiruvchilarga yo‘l ko‘rsatgan. Qurbonlar shamolning to‘satdan o‘zgarishi sababli “olovli tuzoq”da qolib ketishgan. 

Ayni vaqtda yong‘inni o‘chirish ishlari davom etmoqda. Unda 2 mingdan ko‘proq odam ishtirok etmoqda, 1200 kishi evakuatsiya qilingan. 

Shuningdek, qo‘shni Yunnan provinsiyasida ham vaziyat murakkab. Bu yerda o‘t o‘chiruvchilar Nanszyan uyezdidagi yong‘inni bartaraf eta olishgan. Olov 90 gektar maydonning kulini ko‘kka sovurgan. Yong‘inni o‘chirishda 1800 kishi, 12 ta o‘t o‘chirish mashinasi va 3 ta vertolyot ishtirok etgan.  

Yana 2 mingdan ko‘proq kishi Ditsin-Tibet avtonom okrugining Shangri-La iqtisodiy rivojlanish hududidagi yong‘inni o‘chirishga yuborilgan. Ta'kidlanishicha, bu yerda kuchli shamol va tik qoyalar yong‘inga qarshi kurashni qiyinlashtirmoqda.

Mavzuga oid