Panama va Peruda karantin doirasida ayollar va erkaklarning bir vaqtda ko‘chaga chiqishi taqiqlandi
Panama va Peruda koronavirus tarqalishi oldini olishga qaratilgan choralar qat'iylashtirildi. Unga ko‘ra, ushbu davlatlarda endi ayollar va erkaklar oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish va boshqa kechiktirib bo‘lmas vaziyatlarda haftaning turli kunlari ko‘chaga chiqadilar.
Yakshanba kunlari esa hech kimga ko‘chaga chiqishga ruxsat berilmaydi. Hukumat bunday cheklovlarga ko‘plab qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilayotgani sababli borishiga to‘g‘ri kelgan.
France24 nashrining xabar berishicha, Panamada 1 apreldan majburiy o‘zini izolyatsiyalash rejimiga qo‘shimcha tarzda yuqorida tilga olingan yangi cheklov kiritildi.
Hukumatning qaroriga ko‘ra, ayollar supermarketlarga haftaning toq kunlari, ya'ni dushanba, chorshanba va juma kunlari, erkaklar esa juft kunlari - seshanba, payshanba va shanba kunlarigina borishlari mumkin. Yakshanba kuni esa barchaga ko‘chaga chiqish taqiqlanadi. Bu qoida 15 kun davom etadi.
Hukumat bunday gender cheklovlarni fuqarolar haqida qayg‘urishi bilan tushuntirgan. “Bu qat'iy chora hayotlaringizni saqlab qolishga qaratilgan”, deb aytgan Panama ichki ishlar vaziri Xuan Pino.
U ushbu chora odamlar o‘zini izolyatsiyalash qoidalarini tizimli ravishda buzayotganlari sababli kiritilganini ma'lum qilgan. Mamlakatda o‘zini izolyatsiyalash rejimi 25 martdan kiritilgan. Unga ko‘ra, aholiga oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon xarid qilish uchun kun davomida soat 6.30dan 19.30gacha 2 soat ajratiladi. Aholining qachon ko‘chaga chiqishi mumkinligi esa ularning pasportidagi oxirgi raqam bilan belgilanadi.
Ayollar va erkaklarning haftaning turli kunlarida ko‘chaga chiqishiga cheklov Peruda ham joriy qilindi.
Bu haqda mamlakat prezidenti Martin Viskarra e'lon qilgan. Uning ta'kidlashicha, ushbu cheklov 12 aprelgacha amal qiladi.
Viskarraning ta'kidlashicha, ushbu cheklov uyidan maishiy masalalar bo‘yicha ko‘chaga chiqishi kerak bo‘lgan odamlarga taalluqli bo‘ladi. Favqulodda vaziyat vaqtida o‘z ishini davom ettirayotgan korxona va muassasalar xodimlariga bu cheklov qo‘llanmaydi.
Peruda ayni vaqtda favqulodda vaziyat va komendantlik soati amal qilmoqda.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Panama va Peruda koronavirusga chalinganlar soni mos ravishda 1475 va 1414 nafarni, vafot etganlar soni 37 nafar va 55 nafarni tashkil qilmoqda.
Mavzuga oid
14:22 / 16.11.2024
Peruda Xitoy sarmoyasiga qurilgan megaport ochildi
18:24 / 04.11.2024
Peruda futbolchi o‘yin vaqtida chaqmoq urishi oqibatida halok bo‘ldi
21:55 / 22.10.2024
Peru sobiq prezidenti Alexandro Toledo pora olgani uchun 20 yilga qamaldi
23:36 / 11.10.2024