Karantin davrida aholini ish bilan ta'minlash qanday kechmoqda? Vazir bilan suhbat
O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga Inqirozga qarshi jamg‘armadan 200 milliard so‘m ajratildi. Bu mablag‘lar pandemiya sharoitida odamlarni ish bilan ta'minlashga yo‘naltiriladi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov bilan suhbatimiz ayni shu mavzuda bo‘ldi.
«Prezidentimizning maxsus farmonlariga muvofiq, karantin davrining iqtisodiyotga salbiy ta'sirlarini yumshatish bo‘yicha bir nechta chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Shu bilan birgalikda, ishsiz bo‘lgan fuqarolarimizni jamoat ishlariga jalb qilish maqsadida vazirligimizga ham Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 200 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
Bizga ma'lumki, hozirgi kunda ishlab chiqarish korxonalari va xizmat ko‘rsatuvchi sub'yektlar karantin sababli vaqtincha ish faoliyatini to‘xtatdi. Xizmat ko‘rsatish yoki umumiy ovqatlanish shoxobchalarida kunbay ish haqi olgan ishchilarda qiyinchiliklar yuzaga kelyapti.
Mazkur farmon yuzasidan mablag‘larni tizimli ravishda, maqsadli ishlatilishini tashkil etish bo‘yicha vazirligimiz vakillari hududlarga chiqib, muammolarni joyida hal etish, tuman hokimliklari va fuqarolarga yaqindan amaliy yordam bermoqda. Jumladan, uch kun davomida Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy, Uychi, Andijon viloyatining Baliqchi va Marhamat tumanlarida bo‘ldik. Joylarda fuqarolarni jamoat ishlariga jalb qilish masalasida amaliy yordam ko‘rsatib kelyapmiz.
O‘zi jamoat ishlariga nimalar kiradi? Yashash joylarini chiroyli ko‘rinishga keltirish uchun deyarli barcha joylarda obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Mavjud ariqlarni tozalash, ko‘cha daraxtlarini oqlash, yo‘laklarni tartibga solishga uyda bo‘sh o‘tirgan fuqarolarimizni jalb qilyapmiz.
Barcha hududlarda investitsiya dasturi asosida ijtimoiy soha obektlari qurilmoqda. Andijon viloyatida joriy yilda 118ta ijtimoiy soha obektlarini qurish uchun mablag‘lar ajratilgan va bu ishlar boshlangan. Bu bilan yaxshi bir tizim bo‘ldiki, ish beruvchiga va ish izlovchiga imkoniyat paydo bo‘ldi. Tadbirkorga esa rag‘bat. Ya'ni, ijtimoiy soha obektlarida qurilish ishlarini olib borayotgan tadbirkor ishchilarni ko‘paytirish orqali tez fursatda obektni sifatli topshiradi. Jamoat fondidan esa qo‘shimcha jalb qilingan mablag‘ evaziga ishchilarga ish haqlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan.
Yana bir tomoni, inqirozga qarshi kurashish ishchi guruhining qarori bilan karantin davrida jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolarimizga ish haqlarini oy davomida avans yoki oylik qilib emas, har 5 kunda to‘lab borish tartibini belgilab oldik.
Kecha Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida bo‘lganimizda, tuman hokimligi juda yaxshi bir taklif berdi. Barcha hududlarda SEOM xodimlari tomonidan bozorlar, oziq-ovqat shoxobchalari va aholi qatnovchi yo‘laklarda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
SEOM xodimlari esa yetarli emas. Shuning uchun, tuman hokimining taklifi bilan ishsiz fuqarolar, jumladan, ilgari SEOM sohasida ishlagan, tibbiyot kollejlarini tamomlagan 50 nafar kishini Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tizimi xodimlari bilan birgalikda aniqlab, ularni jamoat ishlariga jalb qildik.
Yana bir yo‘nalish, karantin davrida barcha hududlarda ogohlikka da'vat qilish bo‘yicha ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘shimcha postlar tashkil qilingan. Postlar ko‘p tashkil qilingani uchun ularga ham yordam berilishi kerak.
Tumanlardagi harbiy xizmatni o‘tab kelgan va bugungi kunda ishsiz bo‘lgan yoshlarimizni jamoat ishlari orqali ishga jalb qilib, jamg‘armadan ularga haq to‘lash yo‘lga qo‘yildi. Hozirda ular kirish-chiqish postlarida ichki ishlar xodimlari bilan birgalikda, xalq posbonlari sifatida ish olib bormoqda.
Fuqarolar yoki xonadonlar karantinga olingach, hamshira biriktirilishi kerak. Shu bois yana bir yo‘nalish paydo bo‘ldi. Tibbiy ma'lumoti bo‘lsa-da, ishsiz bo‘lgan fuqarolar yoki tibbiyot yo‘nalishini tamomlagan yoshlarimiz tuman sog‘liqni saqlash tizimi orqali ishga jalb qilinib, hamshira va patronaj sifatida ish olib bormoqda.
Shu bilan birgalikda, qishloq joylarida aksariyat aholi o‘zining tomorqasiga ega. Kambag‘allikni qisqartirish maqsadida vazirlik, tuman iqtisodiyot bo‘limi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi xodimlari bilan birgalikda mahallabay va xonadonbay inventarizatsiya qilib o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar aniqlanyapti. Yaqqol misol – Andijon viloyati Paxtaobod tumani Fayziobod mahallasida 5 nafar shunday oila bor. Ularning tomorqa yerlari mavjud. Xonadon egalarining roziligi va taklifi bilan maxsus jamg‘armadan subsidiya, yordam puli berish orqali 2 sotix yeriga issiqxona qurib beriladi.
Bu bilan oilaga munosib daromad manbayi paydo bo‘ladi, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha bozorimizga mahsulot chiqadi.
Shaxsiy tomorqalarni rivojlantirish bo‘yicha subsidiyalar shakllangan. Aprel oyi ekin ekiladigan paytda respublikaning barcha hududlarida vazirlik xodimlari mahallalarda ish olib borib, fuqarolarga bu imkoniyatlardan foydalanish kerakligini tushuntirmoqda.
Karantin vaqtida ayrim vazirliklar tizimi ishlari ozgina cheklangan bo‘lsa, bizning vazirlik xodimlari oldidagi mas'uliyat bir necha karra oshdi. Chunki, biz his qilyapmizki, uyida o‘tirgan fuqarolarimizning bandligini ta'minlash katta ahamiyatga ega. Birinchidan, oilani daromad manbayiga ega qilish kerak. Ikkinchidan, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha bozorlarda mahsulotlar yetarli bo‘lishi masalasi turibdi», – deydi Nozim Husanov.
– Kooperativlar qay tartibda tashkil etilyapti?
– Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq, joylarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoy tajribasidan kelib chiqqan holda, qishloq ho‘jaligida foydalanilmayotgan lalmi yerlarda kooperativlar tashkil qilinmoqda.
Mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj kambag‘al oila a'zolaridan o‘rtacha 50 nafarini birlashtirib, har biriga 20 sotixgacha yer ajratilyapti. Ayni paytda Baliqchi tumanidagi ishlar bunga yaqqol misol bo‘ladi. Bu yerda yetakchi tadbirkor aniqlanib, boshqa kooperativ a'zolarini birlashtirgan. Yetakchi tadbirkor yerga nima ekin ekish va ertaga qayerda sotish masalalari bo‘yicha ularga ko‘mak beradigan va o‘zida qo‘shimcha mablag‘ga ega bo‘lishi kerak. Qolgan 50 nafar kooperativ a'zo esa – shu mahalla fuqarosi, hozirgi kunda ishsiz, mehnat muhojirligi bilan shug‘ullanib kelgan, ayni paytda shu hududda qolgan fuqarolardir.
Kooperativ tizimi juda katta imkoniyat beradi. Kecha a'zolar bilan gaplashganimizda, xursand bo‘lgani, shunday imkoniyatlar yaratib bergan prezidentimizdan minnatdorligini bildirishdi. Ular uchun yashash joyiga yaqin bo‘lgan joydan yer ajratdik. Har bir a'zoga 2 million 300 ming so‘m miqdorida subsidiya berildi. Bu mablag‘lar barchasi kooperativ a'zolarining hisob raqamiga tushirildi. Mablag‘larni ko‘chat, urug‘lik olish, agrotexnika tadbirlari uchun sarfladilar.
Namangan viloyatining Pop, Uychi, To‘raqo‘rg‘on va Kosonsoy tumanlarida ham xuddi shu tartibda ish tashkil qilindi.
Tuman hokimlari bilan shu tajribani tizimli yo‘lga qo‘yib olsak, joylardagi ishsiz fuqarolarning bandligini ta'minlash va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha juda katta ijobiy natijaga erishamiz.
Afzalligi shundaki, katta investitsiya talab qilmaydigan soha. Ishlab chiqarish korxonasi millionlab investitsiya va ancha vaqt talab qiladi.
Bu – ota-bobolarimizdan qolgan soha. Ozgina e'tibor qaratilib, tuman hokimlari mas'uliyat bilan yondashsa va bo‘sh turgan yerlar ajratib berilsa bo‘lgani. Hukumat tomonidan berilgan imkoniyatdan foydalanib, jamg‘armadan subsidiya ajratiladi va shu ishlarni tashkil qilish mumkin.
– Aholiga dala tomorqasi uchun berilayotgan subsidiyaning miqdori va olish tartibi qanday?
– Subsidiya degani, qaytarib berilmaydigan pul mablag‘i hisoblanadi. Bu kredit emas. Aynan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarimizga ajratilgan mablag‘dir. Bu pullarni oyoqqa turib olish uchun sarflaydilar.
Prezidentning bir gapi bor. Ya'ni fuqarolarimizga baliq emas, qarmoq berishimiz kerak. Bu ham qarmoq rolini o‘ynaydi. Shu tizim orqali fuqaro yerlik bo‘ldi. Dala tomorqasidan foydalanish uchun tuman hokimining qarori bilan yer beriladi. Subsidiya sifatida, ko‘chat olishga va boshqa tadbirlarni amalgan oshirish uchun mablag‘ berilyapti. Fuqaro mahsulot yetishtiradi va sotadi. Kambag‘al bo‘lmaydi.
– Aprel oyi jamoat ishlari yo‘nalishi uchun 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu mablag‘lar viloyat va tumanlar kesimida taqsimot qilindi. Joylarda qo‘shimcha talab bo‘lsa, qo‘shimcha moliyalashtirilishi mumkin.
Shaxsiy tomorqa subsidiyasi bo‘yicha esa, respublika miqyosida 20 mlrd so‘m rejalashtirildi. Dala tomorqalarini kooperativlashtirish uchun 15 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi bo‘yicha reja qilindi.
– Kooperativga a'zo bo‘lish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
– Birinchi navbatda, mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qilish kerak. Sababi, ayni paytda mahalla oqsoqollari bilan ish olib boryapmiz. Qolaversa, Mehnat vazirligining 200-06-00 telefon raqamlariga ham murojaat qilishi mumkin.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘zlarining hududidagi aholi vakillariga qay darajada ish kerakligini bilib, shunga qarab ro‘yxat shakllantirdi. Mahalla oqsoqoli shu fuqaroni bilishi, bandlik tashkiloti ishsiz sifatida ro‘yxatga olishi kerak.
– Vodiy viloyatlarida aholi zich yashaydi. Ish bilan ta'minlashda alohida jihatlari nimalardan iborat?
– Vodiy viloyatlarida aholi zich yashaydi. Tomorqalar ham kichik. Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida tomorqalar 10-20 sotixdan. Vodiy viloyatlarida esa, 4 yoki ko‘pi bilan 8 sotixdan iborat. Shuning uchun viloyat hokimlari bilan suhbatlashdik. Asosiy qishloq ho‘jaligida foydalanilmayotgan yerlarni kooperativ usulida o‘zlashtirish orqali mexanizm joriy qilmoqchimiz. Ijobiy ta'sirini beryapti.
Namangan viloyati, Pop tumani hokimligi tomonidan ko‘p yillardan buyon foydalanilmay kelgan 60 gektar yer maydoni qariyb 200 oilaga taqsimot qilib berildi. Kimdir issiqxona qildi, kimdir mevali daraxtlar ekdi. Mevali daraxt uch yilda hosilga kiradi. Bu paytgacha daraxt oralariga no‘xot va boshqa ekinlarni ekish yo‘lga qo‘yildi.
Vodiy viloyatlariga kooperativ birlashma tashkil qilishni joriy etmoqdamiz.
– Xorijga ishga keta olmagan mehnat muhojirlarining taxminiy soni qancha va ularning qanchasi ish bilan ta'minlanishi kutilmoqda?
– Vazirligimiz Rossiya Federatsiyasining Migratsiya xizmati bilan doimiy ravishda ma'lumot almashib boradi. Ular tomonidan taqdim qilingan ma'lumotga asosan, hozirgi kunda O‘zbekistonda mehnat muhojirligi faoliyati bilan shug‘ullanganlar va chegara yopilishi hisobiga chiqa olmaganlar soni 500 mingga yaqin fuqaroni tashkil qiladi.
Ya'ni, ular O‘zbekiston hududida. Ularni ish bilan ta'minlash uchun 100-150 ming nafariga reja qilindi.
Albatta, bu ko‘proq bo‘lishiga harakat qilinmoqda. Hozirgi qisqa muddatda, mart va aprel oylarida turli xil yo‘nalishlarga jalb qilish orqali bandligini ta'minlash rejalashtirilgan.
Elmurod Ermatov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.
Mavzuga oid
08:50 / 22.11.2024
200 mingdan ortiq fuqaro iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarga ishga yuborilishi mumkin
13:27 / 21.11.2024
O‘zbekiston fuqarolari Malayziyada qonuniy asosda ish bilan ta’minlanishi mumkin
12:33 / 21.11.2024
Qozog‘iston holdingi O‘zbekistondan 169 nafar mutaxassisni ish bilan ta’minlaydi
15:39 / 19.11.2024