O‘zbekiston | 10:18 / 03.11.2025
2606
2 daqiqa o‘qiladi

Qurilishdan turizmgacha: turk bozorida o‘zbekistonliklar uchun ish taklifi ko‘paymoqda

O‘zbekiston TIV delegatsiyasi Turkiyaga tashrif doirasida bir qator mahalliy ish beruvchilar va xususiy bandlik agentliklari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbatlarda fuqarolarning qonuniy bandligini ta’minlash, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish hamda bo‘sh ish o‘rinlariga uyushgan holda tanlash va joylashtirish masalalari muhokama qilindi. Turkiya tomoni qurilish, ishlab chiqarish, uy xizmatlari, servis va turizm yo‘nalishlarida 2 000 dan ortiq bo‘sh o‘rin mavjudligini ma’lum qildi.

Uchrashuvlarda xususiy bandlik agentliklari vakillari ishtirok etdi. Tomonlar o‘rtasida Turkiyada o‘zbekistonlik fuqarolarning qonuniy bandligiga oid talab va tartiblar, tajriba almashuvi, shuningdek ishga jalb etish jarayonlarini shaffof va tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.

Foto: "Dunyo" AA

Delegatsiya a’zolari mehnat migratsiyasini tartibga solish, xavfsiz va tartibli mehnat sharoitlarini yaratish hamda fuqarolar huquqlarini himoya qilish borasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. Turkiya tomoni esa bozordagi ehtiyoj va mavjud vakansiyalar ro‘yxatini taqdim etdi.

Ayniqsa, Antaliya shahrida faoliyat yuritayotgan Mos İnsan Kaynakları İşkur Özel İstihdam Bürosu vakillari hududdagi 10 dan ortiq mehmonxonalarga mavsumiy ishlar uchun 500–1000 nafar o‘zbekistonlik fuqaroni jalb etish imkoniyati mavjudligini qayd etdi. Shu bilan birga qurilish, ishlab chiqarish, uy xizmatlari va servis sohalarida ham talab ortgani ma’lum qilindi.

Muzokaralar davomida ishga tanlash va joylashtirish jarayonida kuzatilayotgan ayrim kamchiliklar muhokama qilindi. Ular bo‘yicha qisqa muddatda bartaraf etish chora-tadbirlari belgilab olindi hamda ma’lumot almashuvini tezkorlashtirish, hujjatlashtirish jarayonlarini soddalashtirish va fuqarolar uchun maslahat-axborot yordamini kuchaytirishga kelishib olindi.

Mavzuga oid