Barcha britaniyaliklar bosh vazir nomidan uyda qolishga chorlovchi maktub olishdi
Britaniyada barcha oilalar bosh vazir Boris Jonson imzolagan va koronavirus pandemiyasi sharoitida uyda qolishga chorlovchi maktub oldi.
Britaniyada pandemiya sababli karantin rejimi 2 hafta oldin kiritilgan. Odamlarga uylarini oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon xarid qilish, uy hayvonlarini sayr qildirish, jismoniy mashqlar bajarish uchun tark etishga ruxsat berilgan. Shuningdek, 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlash buyurilgan va 2 kishidan ko‘proq bo‘lib yig‘ilish taqiqlangan.
“Men bu beqarorlik tufayli hayotingiz, ishingiz va biznesingiz qanday qiyinchiliklarga duch kelayotganini to‘liq anglayman. Biroq biz tomondan qabul qilingan choralar birgina oddiy sabab tufayli zarur. Agar juda ko‘p odam bir vaqtda jiddiy kasallansa, sog‘liqni saqlash milliy xizmati (NHS) bunchalik ko‘p bemorni uddalay olmaydi. Bu esa ko‘plab hayotlarni olib ketishi mumkin. Biz ko‘proq hayotlarni saqlab qolish uchun infeksiya tarqalishini sekinlashtirishimiz va shifoxonaga yotishga ehtiyoj sezuvchi odamlar sonini kamaytirishimiz lozim. Aynan shu sababli sizning birgina oddiy qoidaga amal qilishingizni so‘raymiz – siz uyda qolishingiz lozim”, deb aytilgan maktubda.
Jonson, shuningdek, ko‘plab britaniyaliklar qanday moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelganlarini tushunishini ta'kidlab o‘tgan. “Hukumat sizga oilangizni boqa olishingiz uchun yordam berishda barcha imkoni bor ishni amalga oshiradi”, deb va'da qilgan bosh vazir.
U karantin choralari yanada qat'iylashtirilishi mumkinligini aytgan. “Biz ikkilanmasdan olg‘a borib, ilmiy va tibbiy tavsiyalar talab qilsa, bu choralarni qat'iylashtiramiz. Biz qoidalarga qanchalik qat'iy rioya qilsak, shunchalik kam hayotlar yo‘qotiladi va hayotimiz shunchalik tezroq avvalgi tarziga qaytadi”, deb ta'kidlab o‘tgan Jonson.
Jonsonning o‘zi ham koronavirusga chalinib, 10 kun uyda karantinda qolgandan keyin 6 aprelda yuqori harorat va yo‘tal bilan shifoxonaga yotqizildi. U o‘z maktubida NHS xodimlariga minnatdorlik bildirgan.
“Biz shifokorlarimiz, hamshiralarimiz va boshqa tibbiy xodimlar zamon chaqirig‘iga javoban matonatli ishlayotganlaridan ilhomlanamiz. Pensiyaga chiqqan minglab shifokor va hamshiralar NHS’ga qaytmoqdalar va yuz minglab fuqarolar eng zaif odamlarga yordam berish uchun ko‘ngillilar bo‘lib yozilmoqdalar. Aynan bizning buyuk britan ruhimiz tufayli koronavirus ustidan g‘alaba qozona olamiz va birgalikda uni mag‘lub etamiz! Aynan shu sababli - NHS’ni himoyalash va hayotlarni saqlab qolish uchun milliy favqulodda vaziyatda uyda qolishingizni so‘rayman”, deb yozgan Britaniya bosh vaziri
Mavzuga oid
17:36 / 04.11.2024
Britaniyalik olimlar “asab tizimi”ga ega dronlarni sinovdan o‘tkazmoqda
14:58 / 03.11.2024
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori
09:36 / 03.11.2024
Jaguar Britaniyada avtomobil sotishni to‘xtatdi
15:30 / 01.11.2024