London shoshilinch tarzda Ukrainaga Buyuk Britaniyada ishlab chiqarilgan qo‘shimcha 1000 ta raketa va 500 mln funt sterlingdan (574 mln yevro) ortiq qiymatdagi havo mudofaasi tizimlarini taqdim etadi. Bu haqda payshanba, 12 fevral kuni Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Paket RFning energiya infratuzilmasi va turar joyga zarbalaridan himoya qilish uchun mo‘ljallangan. Shu bilan birga, umumiy summaning 150 mln funt sterlingi (172 mln yevro) PURL (Prioritised Ukraine Requiremens List — “Ukraina uchun ustuvor so‘rovlar ro‘yxati”) dasturi doirasida yo‘naltiriladi. 12 fevral kuni London Bryusselda, NATO shtab-kvartirasida Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhining 33-yig‘ilishiga hamraislik qiladi.
Gap Belfastda ishlab chiqarilgan ko‘p maqsadli yengil LMM raketalari haqida ketmoqda. Bu maqsadlarga 390 mln funt sterling (447 mln yevro) sarflanadi.
Yaqin oylarda Buyuk Britaniya Air Defence Consortium doirasida Kiyevga qo‘shimcha 1 200 ta HHM raketaci va 200 000 ta artilleriya o‘q-dorisini ham yetkazib beradi.
“Keng ko‘lamli hujum to‘rt yilligi arafasida Buyuk Britaniya va ittifoqchilarimiz Ukrainaga yordam berishda har qachongidan ham qat’iyroq”, — dedi Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Xili.
50 ta davlat ishtirok etgan Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhi yig‘ilishiga Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius hamraislik qildi. Uchrashuvda, shuningdek, Ukraina mudofaa vaziri Mixail Fedorov, NATO bosh kotibi Mark Ryutte va Avstraliya bosh vaziri o‘rinbosari Richard Marlz ham qatnashdi.
Tomonlar 2026 yil uchun Ukrainaning asosiy harbiy ehtiyojlari, frontdagi vaziyat va kelgusi texnika yetkazib berishlar haqida gaplashdi.
Bundan oldin, 10 fevral kuni AQShning NATOdagi doimiy vakili Mettyu Uitaker onlayn-brifingda AQSh yaqindagi NATO mudofaa vazirlari uchrashuvida alyans a’zolari PURL tashabbusi doirasida Ukraina uchun qurol-yarog‘ xarid qilish bo‘yicha yangi majburiyatlar olishini kutayotganini aytgan edi.
Bu dastur 2025 yil yozida AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan ishga tushirilgan. U NATO tomonidan muvofiqlashtiriladi. Ukraina hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda PURL dasturiga badallar summasi 4,3 mlrd dollar bo‘lgan, shundan dekabr oyiga to‘g‘ri kelgani — qariyb 1,5 mlrd dollar.
Politico nashri hisob-kitobicha, 2025 yilda Ukraina ittifoqchilari PURL dasturi uchun 5 mlrd yevro ajratgan. Shu orada fevral oyi boshida NATO bosh kotibi Ryutte 2026 yilda alyans a’zolari bu maqsad uchun yana 15 mlrd yevro jamlay olishiga “mutlaq ishonch” bildirgan.







