O‘zbekiston | 18:50 / 07.04.2020
46647
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat tibbiyot muassasalarining ilmiy darajaga ega xodimlari maoshlari sezilarli darajada oshiriladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Prezident qaroriga ko‘ra, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab quyidagicha tartib o‘rnatilmoqda. Unga muvofiq:

a) ta'lim bosqichidan qat'i nazar, chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan tibbiyot oliy ta'lim muassasalari talabalariga (mutaxassislik fanlarni «qoniqarli» bahoga o‘zlashtirayotgan talabalardan tashqari) Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har oylik stipendiyasiga bazaviy stipendiya miqdorida qo‘shimcha to‘lov amalga oshiriladi;

b) xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingidagi tibbiyot yo‘nalishida birinchi 200 o‘rinni egallagan oliy ta'lim muassasalarida:

  • klinik ordinatura (rezidentura) va magistratura mutaxassisligini tamomlagan davlat tibbiyot muassasalari xodimlari lavozim maoshiga mehnatga haq to‘lashni eng kam miqdorining yetti baravariga teng miqdorda har oylik qo‘shimcha ustama;
  • falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan mutaxassislarga davlat tibbiyot muassasalarida lavozim maoshiga mehnatga haq to‘lashni eng kam miqdorining o‘n besh baravariga teng miqdorda har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Nazarda tutilgan xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid