Jahon | 22:20 / 07.04.2020
81713
4 daqiqa o‘qiladi

Uhan ochildi, ammo shahar odatiy hayotga qaytmadi

Koronavirus tarqalishi o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyning Uhan shahrining qayta ochilishi paydo bo‘lgan xavotir, qiyinchiliklarni yo‘q qila olmadi.

Foto: Shutterstock

Yer kurrasidagi deyarli barchaning hayot tarzini o‘zgartirib tashlagan pandemiya beshigi — Uhan shahri, karantini tugatildi. O‘n haftadan ortiq virus bilan kurashgan shahar endilikda ham jahon hamjamiyati diqqat e'tiborida: Uhan aholisi qanday qiyinchiliklarga duch kelmoqda? Jahon xalqlar yana nimaga tayyor turishi lozim?

Shaharda ish boshlagan tadbirkorlar ham rejaga mos ishlay olmayapti. Hukumat haligacha Uhanga kirish va chiqish oqimini nazorat qilmoqda. Shuningdek, maktab va boshqa ommaviy muassasalar hanuz yopiq.

Kommunistik partiya rahbariyati 11 million aholiga ega shaharni yanvarda tashqi olam uchun yopgandi. Ko‘pchilik buni Xitoyning avtoritar rejimi tutgan beo‘xshov chora, deb bildi. Ammo epidemiya pandemiya ko‘rinishini olganda boshqalar ham Xitoy tajribasidan namuna ola boshladi.

Koronavirusdan so‘ng, yo‘qotilgan daromadlar va ish o‘rinlari, keltirilgan qurbonliklarning to‘liq o‘lchovini Uhan misolida ko‘rish mumkin. Yanvardan buyon Xitoyda koronavirus bilan bog‘liq o‘lim qayd etilmagan kunning ertasiga Uhan ochilishi haqida ma'lumot paydo bo‘ldi.

Shaharni uyali telefoniga maxsus ilova o‘rnatgan fuqarolar tark etishi mumkin. Ilovada foydalanuvchining shaxsiy ma'lumotlari, tibbiy varaqa tarixi va risk guruhiga mansubligi haqida batafsil ma'lumot saqlanadi. Hukumat esa hozirda ham aholini uyda qolishga chaqirmoqda. 

Uhanliklarni karantin qoidalariga qat'iy rioya etishga o‘rgatish shart emas: ular o‘n minglab o‘limga guvoh bo‘lishdi. Bu odamlarning psixikasiga ta'sir qilgan. Shahar ham avvalgi megapolis kabi jozibasini ko‘z-ko‘z etmayotir. Shaharliklarning yetkazib berish xizmatiga murojaat etishi oshib bormoqda. Ammo iste'molchilar xaridi sekin-asta birlamchi oziq-ovqatdan pardoz va sayohat anjomlariga almashmoqda.

Bir sutkada Uhandagi 94 foiz biznes o‘z faoliyatini qayta tikladi. Ammo ularning ishchanlik qobiliyati haqida aniq raqam mavjud emas. Asosiy muammolar ishchilarning korxonalarga qaytishi bo‘lmoqda. Ta'kidlanishicha, Uhan sanoati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1/5 kam energiya sarf etmoqda.

Jahon mamlakatlarining ko‘pida pandemiya bilan kurash avjida bo‘lgani uchun, Xitoy sanoati katta eksport hajmini tasavvur qilmayapti. Uhan o‘zida epidemiya avj olgan fevral oyida birorta mol-mulk oldi-sotdisi qayd etilmadi.

Aholining xarid quvvati baland emas, kichik korxonalarni yurituvchi ish beruvchilar xodimlarga maosh berish uchun yetarli mablag‘ga ega emas. Yirik ishlab chiqaruvchilar esa sotilmay qolgan tovarlar, eksportga ketmay qolgan mollardan xavotirda.

Uhandagi yirik umumiy ovqatlanish maskanlari ijara va boshqa majburiy to‘lovlarni kechiktirishni so‘rab hokimiyatga murojaat qilgan. Shuningdek, ular davlatdan subsidiya olishdan umidvor bo‘lmoqda. Shahar ochilganiga qaramay, boshqa provinsiyalarda tartib qat'iylashtirilgani tufayli vaziyat yumshamagan.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid