Jahon | 23:59 / 08.04.2020
15469
3 daqiqa o‘qiladi

JSST Trampning tanqidiga javob berdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus tarqalishi xavfiga o‘z vaqtida munosabat bildirgan va boshqa davlatlarni undan o‘z vaqtida ogohlantirgan. 

Buni “Rossiya-24” telekanali efirida JSSTning Rossiyadagi vakili Melita Vuynovich AQSh prezidenti Donald Trampning JSSTni tanqid qilishiga javoban aytdi.

“JSST 31 dekabrda Xitoydan virus haqida ma'lumot paydo bo‘lgandayoq, bu ma'lumotni barcha ekspertlar o‘rtasida tarqatgan. Shu sababli har bir davlat og‘ir zotiljamga olib keluvchi infeksiya paydo bo‘lganidan ogoh qilingan. Shundan keyin JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus o‘z vakolatiga asoslanib, butun dunyodan, jumladan Rossiya, Xitoy va AQShdan mutaxassislar bo‘lgan favqulodda yig‘ilish chaqirtirgan”, deb ma'lum qilgan Vuynovich. 

Uning aytishicha, o‘sha yig‘ilishning barcha ishtirokchilari vujudga kelgan vaziyat Xitoy uchun katta ahamiyatga egaligi, biroq “qolganlar ham ehtiyotkor bo‘lishi kerakligi” haqidagi fikrga kelgan. “Shundan 3 kun keyin infeksiya boshqa davlatlarga ham olib kirilayotgani ayon bo‘lgan va trevoga darajasi eng yuqori darajagacha ko‘tarilgan”, deb qo‘shimcha qilgan JSST vakili.

Melita Vuynovich Foto: RIA Novosti /Ariv foto

Donald Tramp 7 aprelda JSSTni tanqid ostiga olib, tashkilot asosan AQSh tomonidan moliyalashtirilsa-da, bor e'tiborini Xitoyga qaratganini aytgan. Keyinroq u Oq uydagi brifingda Vashington JSST budjetiga badallar to‘lashni to‘xtatish imkoniyatini o‘rganayotganini ta'kidlab o‘tgan. U JSST tomonidan koronavirusga qarshi kurashda ko‘rilgan barcha choralar noto‘g‘ri bo‘lganini aytgan. 

JSST koronavirus tarqalishini Xitoy u haqida rasman ogohlantirgandan deyarli 2,5 oy o‘tib, 11 martda rasman jahon miqyosidagi epidemiya - pandemiya deb  e'lon qilgan. 

Wall Street Journal nashrida keltirilgan maqolada ham JSST tanqid qilinib, u Xitoy hukumati izmida yurib, koronavirus pandemiyasini e'lon qilishni cho‘zib yuborgani aytilgan.

Mavzuga oid