Davlat va fuqaro munosabatlari
Epidemiya nafaqat odamlarning sog‘ligi va yashash tarziga, balki davlat boshqaruv tizimlariga ham jiddiy ta'sir o‘tkazmoqda. Ma'lumki, davlat va fuqaro munosabatlaridagi barqarorlik har ikki tomon uchun ham muhim siyosiy va iqtisodiy masalalardan biri hisoblanadi. Fuqarolar o‘z iqtisodiy faoliyati natijasi o‘laroq davlatga soliq to‘laydilar. Zotan, ijtimoiy faoliyat izdan chiqmasligi uchun ham shunday bo‘lishi kerak, aslida. Davlat esa ushbu jarayonning to‘g‘ri yo‘lda davom etishi uchun makro jarayonlar (ishlab chiqarish, xavfsizlik, sog‘liqni saqlash)ni yaxshi muvofiqlashtirishi lozim.
Hozirgi epidemiya sharoitida resurslarni aholiga qay tarzda taqsimlash muammosi mamlakatlar oldida turgan eng asosiy masalalardan biriga aylandi. Shu bois ham mart oyining boshida davlatlar katta miqyosdagi qutqaruv paketlarini e'lon qilishdi. Shu asno ular global epidemiya natijasida kelib chiquvchi tizimli va keng miqyosli vayronagarchilikka javob qaytarishdi. Ayni paytda bu javob davlatlarning inqirozga tayyor emasligining ifodasi hamdir.
«Daromad taqsimlovchi davlat» modeli
Inqiroz davlat va jamiyat o‘rtasidagi shartnomalarni qaytadan ko‘rib chiqishga undamoqda. Afsuski, Sovid-19 pandemiyasi inqiroz jarayonida markaziy kapitalistik va liberal davlatlarning moliyaviy vositalardan boshqa hech bir narsani o‘rtaga qo‘ya olmasliklarini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu esa davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarda «daromad taqsimlovchi davlat» modelini esga soldi. Zotan, bugun neftga boy mamlakatlarda hukmron elita o‘z aholisining ommaviy siyosiy va ijtimoiy talablarini qondirish, ularning roziligini olish uchun davlat resurslarini taqsimlash mexanizmlaridan imkon qadar ko‘proq foydalanmoqda.
Aytish mumkinki, institutsional va elita darajasida hal qilinadigan siyosatni ishlab chiqish va amalga tatbiq etish bugungi kunda davlatlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan eng asosiy masaladir. Sovid-19 epidemiyasi shu ma'noda inqirozga olib kelmaydigan, ammo inqirozni keltirib chiqargan potensial dinamikani tezlashtiradigan ta'sirga ega. Aytish mumkinki, har bir mamlakat bu jarayonni tarixiy, institutsional va madaniy tuzilishiga ko‘ra turlicha boshdan kechiradi.
Muammo nimadan kelib chiqmoqda?
AQSh, Germaniya va Fransiya kabi aksariyat davlatlarning fuqarolari o‘z mamlakatlarida sog‘liqni saqlash tizimi havas qilgulik darajada emasligiga guvoh bo‘lishdi. Ushbu vaziyatni esa o‘rta muddatli istiqbolda AQSh va Yevropada o‘ng qanot populist liderlar hokimiyatining zaiflashishiga olib keladigan jarayon sifatida ham ko‘rish mumkin. Muammo liderlarning balandparvoz nutqlari va mavjud haqiqatning bir-biriga to‘g‘ri kelmasligidan kelib chiqmoqda. Amaliy, keng qamrovli va inklyuziv yechimlar bizga texnik bilim va tajribaning muhimligini takror eslatmoqda. Populist rahbarlarning millatchilik ritorikasi Tramp ma'muriyatida ko‘rinib turganidek, kosmopolit texniklar va texnokratlarning tizimdan uzoqlashishiga olib keldi.
















