Jamiyat | 19:46 / 10.04.2020
32003
3 daqiqa o‘qiladi

Gulistonda «Matiz» emas, uni ortib olgan evakuator tezlikni oshirgani uchun jarimaga tortilgan

Unda Sirdaryo viloyatiga tegishli «Matiz» avtomashinasi evakuatorga ortib olib ketilayotgan chog‘da tezlikni o‘lchovchi moslama bilan, belgilangan tezlikdan ortiq harakat qilgani uchun jarimaga tortilgani xabar qilinadi.

Sirdaryo viloyat IIB rasmiy saytida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mazkur postga rasmiy munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yil 9 aprel kuni Guliston shahri hududida o‘tkazilayotgan reyd tadbiri davomida «Matiz» rusumli 20 F814DA davlat raqam belgili avtomashina haydovchisi karantin qoidalarini buzib, viloyat markazida harakatlanib yurganligi sababli, haydovchiga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirishga jo‘natilgan.

«Mersedes-Bens Sprint» rusumli 20 Ye298DA davlat belgili maxsus evakuator yuk mashinasi «Matiz» avtomashinasi jarima maydonchasiga olib ketayotib, O‘zbekiston ko‘chasida yuqori tezlik 60 km/soat belgilangan joyda 70 km/soat tezlikda harakatlangan chog‘da tezlikni o‘lchovchi asbob, ya'ni «radar»ga tushgan.

«Radar» tezlik o‘lchovchi moslama avtomatik tartibda ushbu maxsus evakuator avtomashinasi ustiga ortilgan «Matiz» rusumli 20 F814DA davlat raqam belgili avtomashinani ham suratga olib KSUBD bazasiga jo‘natgan.

Qaror ijro etishlik uchun Sirdaryo viloyati IIB YHXB mas'ul xodimiga kelib tushgandan so‘ng esa uni asosligini va boshqa rekvizitlari to‘g‘riligini tasdiqlash vaqtida faqatgina «Mersedes-Bens Sprint» rusumli 20 Ye298DA davlat belgili maxsus evakuator yuk mashinasi tezlikni oshirganligi sababli jarima solish to‘g‘risidagi qaror tasdiqlanib, qoidabuzarning yashash manziliga pochta orqali jo‘natilgan.

Bu holatda ijtimoiy tarmoqlarda «Matiz avtomashinasi haydovchisi uyiga jarima xati keldi», deb noto‘g‘ri talqin qilingan. Aslida, faqatgina maxsus evakuator avtomashinasiga nisbatan jarima qarori tasdiqlangan va transport vositasi egasining yashash manziliga jo‘natilgan. «Matiz» avtomashinasiga nisbatan esa qaror tasdiqlanmagan va haydovchining uyiga hech qanday jarima xati bormagan», deya munosabat bildiradi Sirdaryo viloyati IIB YHXB axborot xizmati.

Mavzuga oid