O‘zbekiston | 20:40 / 10.04.2020
19278
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Xitoy va Germaniyadan yana 250 ming dona test sotib oldi

Shavkat Mirziyoyev navbatdagi videoselektorda koronavirus pandemiyasi sharoitida hech bir inson, hech bir oila davlatning e'tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmasligi kerakligini ta'kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 aprel kuni paxtachilik va g‘allachilikda klaster tizimi samaradorligini va hosildorlikni oshirishda eng dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi avvalida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish borasidagi ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Avvalambor, dunyoning ko‘plab davlatlarida koronavirusning tez tarqalishi bilan bog‘liq bugungi vaziyat biz O‘zbekistonda karantin va aholini besabab ko‘chaga chiqmaslik rejimini o‘z vaqtida joriy etganimizni isbotlaganini ta'kidlamoqchiman.

Buni to‘g‘ri tushunib va ma'qullab, sabr-toqat bilan uyida va karantin maskanlarida o‘tirgan barcha fuqarolarimizga, shuningdek o‘z burchini mardlik va matonat bilan bajarayotgan shifokorlarimizga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman», degan davlat rahbari.

«Ochig‘ini aytish kerak, agar xalqimizning mentaliteti va turmush tarzini, shu jumladan, ish-o‘qish, to‘y-ma'raka, mahalla, bozor, qarindoshlar, qo‘shnilar, do‘stlar, ayniqsa bemorlardan tez-tez xabar olish kabi juda keng ijtimoiy munosabatlarimizni hisobga olsak, karantin va cheklash tadbirlarini vaqtida kiritmaganimizda, bemorlar va yo‘qotishlar bundan ancha ko‘p bo‘lishi aniq edi.

Infeksiya tarqalishini deyarli bir oy davomida sekinlashtirib, bu vaqtdan davolash o‘rinlarini ko‘paytirish, chet davlatlarning davolash tajribasini o‘rganish va joriy qilishda unumli foydalandik.

Shuningdek, Rossiyadan 500ta sun'iy nafas berish apparatini xarid qildik. Ularning birinchi qismi yaqin kunlarda olib kelinadi. Xitoydan kasallikni aniqlovchi 200 ming dona va Germaniyadan 50 ming dona test olib kelinmoqda.

Biz bu illatga qarshi kurashishda xalqaro hamjamiyat bilan keng hamkorlik qilyapmiz. Bugun Turkiy tilli davlatlar kengashining aynan shu masalaga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sammiti videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.  

Anjumanda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston, O‘zbekiston va Vengriyaning davlat va hukumat rahbarlari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus ishtirok etdi.

Sammitda biz Turkiy kengash doirasida qo‘shma epidemiologik kuzatuv tizimini shakllantirish, diagnostika, davolash masalalari bo‘yicha o‘zaro ma'lumotlar va tajriba almashish yuzasidan kelishib oldik, keng yo‘lga qo‘yishni taklif etdik.

Shuni alohida aytib o‘tmoqchimanki, barcha delegatsiya rahbarlari birinchi navbatda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliya va transport sohalaridagi hamkorligimizni pandemiya tarqalishi sharoitlarida rivojlantirish uchun yangi mexanizm va formatlar kerakligini ta'kidladilar.

Turkiy kengash davlatlarining o‘zaro savdo aylanmasi hajmlarini inqirozoldi darajasida saqlab qolish, investitsiyalarni rag‘batlantirish va ustuvor loyihalarni amalga oshirishda o‘zaro ko‘mak ko‘rsatish, transport infratuzilmasidan samarali foydalanish va yuk tashish tariflarini pasaytirish, umuman olganda, davlatlarimiz uchun birinchi galda zarur bo‘lgan mahsulotlar tashuvlari uchun hech qanday to‘siqlar bo‘lmasligi haqida atroflicha kelishib oldik.  

Biz bu xatarga qarshi kurashda mamlakat ichida bo‘ladimi, yurtimizdan tashqarida bo‘ladimi, bor kuch va imkoniyatlarimizni to‘la safarbar etamiz.

Vatanimizda yashayotgan hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimizning e'tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmasligi kerak.

Shuning uchun joylardagi 6ta sektor rahbarlari, barcha mutasaddilar, respublikadan biriktirilgan vazirlar juda qattiq ish olib borishlari kerak!

Xavf hali o‘tib ketgani yo‘q. Hali oldinda juda katta sinovlar kutmoqda.

Temir intizom va yuksak mas'uliyat bilan kecha-yu kunduz ish davom etishi kerak!», degan Shavkat Mirziyoyev.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid