Jahon | 12:48 / 10.04.2020
11334
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp, Putin va Saudiya podshohi o‘rtasida neft masalasida telefon suhbati bo‘lib o‘tdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtondagi matbuot anjumanida 9 aprel kechki payt Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Saudiya Arabistoni podshohi Salmon Ol Saud bilan telefon orqali suhbatlashib, neft qazib olish hajmini qisqartirishni muhokama qilganini ma'lum qildi.   

Foto: Getty Images

Trampning aytishicha, Rossiya va Saudiya Arabistoni oxirgi vaqtda “bir-biri bilan kurashib”, neft olish hajmini qisqartirishni istashmagan. Bu esa bozorda neftning ko‘payib ketishiga va omborlarning to‘lib-toshishiga olib kelgan. “Neft buncha ko‘p kerak emas. Ko‘rib turibsiz-ku, pandemiya sharoitida mashinalarda yurmay qo‘yishdi”, deb aytgan Tramp jurnalistlarga.

“Endi ular kelishuvga erishishga yaqinlar”, deb javob qilgan AQSh prezidenti Rossiya va Saudiya Arabistoni o‘zaro bahsni davom ettirishi-yo‘qligi haqida berilgan savolga. “Ko‘ramiz, buyog‘iga nima bo‘ladi. Balki hammasi yaxshi bo‘ladi, balki uncha yaxshi bo‘lmas, biroq suhbat yaxshi tarzda o‘tdi va umid qilamanki, bitim tuziladi”, deb qo‘shimcha qilgan Tramp.

O‘z navbatida, Kremlda suhbat bo‘lib o‘tgani tasdiqlangan. Suhbat davomida uch yetakchi “Katta yigirmatalik” energetika vazirlarining bo‘lib o‘tajak videoanjumanini muhokama qilishgan. Bundan tashqari, tomonlar neft bozoridagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirishga hamda neft narxi o‘zgarishining jahon iqtisodiyotiga salbiy ta'sirini kamaytirish bo‘yicha kelishib olishgan. 

OPeK+ muzokaralari ishtirokchilari 9 aprelda neft olish hajmini qisqartirish bo‘yicha 9 soatlik anjumandan keyin muhokamalarni 10 aprelga ko‘chirishga qaror qilishgandi. Meksikaning pozitsiyasi sababli yakuniy kelishuvga erishilmagan. Bitim shartlari Meksikani qanoatlantirmagach, uning vakili videoanjumanda ishtirok etishdan bosh tortgan.

Mavzuga oid