Jahon | 23:57 / 11.04.2020
83617
4 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: AQShda bir kunda 2 mingdan oshiq o‘lim, Braziliyada ahvol yomonlashmoqda

AQSh bir kunda koronavirus tufayli 2 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan ilk davlat bo‘ldi. Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi 24 soatda bu yerda 2108 kishi halok bo‘lgan.

Foto: EPA

Pandemiya boshlanganidan buyon Amerikada 18777 kishi koronavirus qurboniga aylandi, o‘limlarning uchdan bir qismi Nyu-York shtatiga to‘g‘ri kelmoqda. Shtat gubernatori Endryu Kuomo so‘nggi bir kunda shtatda 777 kishi koronavirusga chalinish oqibatida halok bo‘lgani haqida xabar berdi.

Qo‘shma Shtatlar o‘limlarning umumiy soni bo‘yicha Italiyani ortda qoldirdi. Mamlakatda yarim millionda ortiq kishida infeksiya aniqlangan.

Ammo Oq uydagi ekspertlar guruhi mamlakatda vaziyat o‘nglana boshladi deb hisoblamoqda.

Shanba kuni Italiyada koronavirusdan zararlanganlar orasida vafot etganlar soni 619 nafarga oshdi va jami qurbonlar soni 19468 nafarga yetdi. Italiyada so‘nggi kunlarda zararlanish holatlari o‘sishi pasaya boshlagandi: juma kuni 570 o‘lim qayd etilgandi.

Italiyada zararlanish holatlari ham o‘sishi qayd etildi - 3,1 foizlik o‘sish va 152271 zararlanish holati. Shu bilan birgalikda, intensiv terapiya bo‘limiga yotqizish zarurati bo‘lgan bemorlar soni bir kun oldingidan 116 kishiga kamaygan.

Fransiyadagi shifoxonalarda so‘nggi bir kunda 353 nafar bemor vafot etdi, qariyalar uyida esa - 290 kishi. Bu mamlakatda ham reanimatsiyadagi bemorlar soni qatorasiga uchinchi kun kamaymoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining fikricha, bu shifoxonalarga yuklamani pasaytirib, ular epidemiyaga qarshi yaxshi kurasha boshlaganini anglatadi.

Boris Jonsonning ahvoli yaxshilanmoqda
Britaniyada so‘nggi bir kunda 917 kishi koronavirus oqibatida vafot etdi, pandemiya boshlanganidan buyon halok bo‘lganlarning jami soni 9875 nafarga yetdi.

Birlashgan qirollik hududida so‘nggi kunda qayd etilgan o‘limlarning aksari Angliya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda - 823 o‘lim. Vafot etganlarning yosh bo‘yicha statistikasi - 11dan 102 yoshgacha. Ularning 33 nafarida sog‘liq bilan bog‘liq muammo bo‘lmagan. Shotlandiyada so‘nggi 24 soatda 47 kishi, Shimoliy Irlandiyada esa 15 kishi virusdan vafot etdi.

Britaniya hukumati mamlakat bosh vaziri Boris Jonsonning avholi yaxshilanishda davom etayotganini ma'lum qilgan. U payshanba kuni reanimatsiyadan oddiy palataga o‘tkazilgandi, shanba kuni esa Dauning-stritdagilar u boshqalarning yordamisiz yura boshlagani haqida ma'lum qildi.

Braziliya Janubiy yarim shardagi virus qurbonlari soni mingdan oshgan ilk davlat bo‘ldi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lumotiga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan buyon mamlakatda virusdan zararlanish bilan bog‘liq 19638ta holat va 1056 o‘lim holati qayd etilgani.

Hukumat haqiqiy holat og‘irroq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda, mamlakatda koronavirusga tahlillar faqat shifoxonalarga murojaat qilganlardan olinmoqda. Mutaxassislarning fikricha, ko‘tarilish davridan oy oxirida o‘tiladi.

Shtatlarning aksarida karantin joriy etilgan, ammo prezident Jair Bolsonaru bunday choralar mamlakat iqtisodiyotiga zarar keltirishi mumkinligini aytib, ularni bekor qilishga harakat qilmoqda. U kompaniyalarni faoliyatini boshlashga majburlash ko‘zda tutilgan farmon imzolash bilan tahdid qilmoqda.

  • 11 aprel holatiga ko‘ra, butun dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari 1,7 milliondan oshgan (1763570), 108 mingga yaqin bemor vafot etgan, 400 mingga yaqin kishi sog‘aygan.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid