Bir qator olimlar so‘nggi vaqtlarda dunyoning aksar davlatlarida amal qilayotgan karantin rejimi – sanoat korxonalari faoliyatining to‘xtatilishi, transport harakatining cheklanishi ekologiya manfaati uchun xizmat qilish mumkin, degan qarashni ilgari surishmoqda. 

CNBC telekanali koronavirus pandemiyasining ekologiyaga ta'siri xususida iqlimshunos mutaxassislarning mulohazalarini taqdim etdi.

«Inson atrof-muhitga beparvolarcha munosabatini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi»

Stenford universiteti assistent-professori Marshall Burk, pandemiya insoniyatning tabiatga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish uchun saboq beradi, deb hisoblaydi.

– Kasallik, o‘limlar iqtisodiy beqarorlikni keltirib chiqaryapti, sog‘liqni saqlash sohasiga jiddiy ta'sir qilyapti. Ammo biz bu jarayonni boshqara olmaymiz. Pandemiya oqibatida iqtisodiy, ijtimoiy va tibbiy sohadagi xarajatlar borgan sari kattalashib boraveradi. Biz hozirgi vaziyat bizga qanday saboqlar berishini o‘ylashimiz kerak.

Marshall Burk, Stenford universiteti assistent-professori
Foto: stanford.edu

Karantin davrida inson faoliyatining aksariyat ko‘rinishlarida masofaviy ishlash tizimi joriy qilindi. Va bu yaxshi. Transportdan zaharli gazlarning ishlab chiqarish qisqardi. Tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, texnologiyalardan foydalanib ishni masofaviy rejimda tashkil etish faqatgina foydaga xizmat qiladi.

Zavod va fabrikalar faoliyatini, transport harakatini qat'iy nazoratga olish pandemiya bilan kurashda o‘zining ijobiy samarasini beryapti. Atmosfera havosini yaxshilash kabi dolzarb masalada ham shu kabi keskin choralarni ko‘rish orqali natijaga erishish mumkin.

O‘z sog‘ligining qadrini tushuna boshlagan inson atrof-muhitga bo‘lgan beparvolarcha munosabatini o‘zgartirishga, zararli odatlarni qisqartirishga majbur bo‘ladi.

«Ehtiyojlarni qisqartirib ham yashashda davom etish mumkin»