O‘zbekiston | 22:15 / 12.04.2020
65831
3 daqiqa o‘qiladi

Namangan shahrida ko‘chaga chiqishga cheklov o‘rnatilmoqda

13 aprel kuni soat 06:00dan boshlab Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani hududida transport va fuqarolarning harakatlanishi butunlay to‘xtatiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bergan.

Namangan viloyati markazi Namangan shahrida hamda viloyatning Uchqo‘rg‘on tumanida koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan cheklov choralari yanada kuchaytirilmoqda.

«2020 yil 13 aprel soat 06:00dan boshlab Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani, shu jumladan Qayqi qishlog‘i hududida barcha turdagi shaxsiy va xizmat avtotransport vositalari, mototransport (skuter), velosiped hamda fuqarolarning harakatlanishi butunlay to‘xtatiladi.

Ushbu cheklov viloyatga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha viloyat maxsus komissiyasining yig‘ilishi bayoni bilan tatbiq etiladi.

Respublika maxsus komissiyasining bayonida ko‘rsatilgan harakatlanish huquqi saqlab qolinadigan va maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan avtotransport vositalaridan tashqari, Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani, shu jumladan Qayqi qishlog‘i hududida faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalari, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi (shu jumladan ularni yetkazib beruvchi va autsorsing xizmatlari), eksportyor korxonalar, qishloq xo‘jaligida jalb etilgan (ishchi-xodim va texnika)lar, shuningdek ularga tegishli faqat yuk tashishga ixtisoslashgan «Damas» (Van va Labo) rusumli avtomashinalari bundan mustasno.

Harakatlanish to‘xtatilgan davr mobaynida qayd etilgan hududlarda yashovchi fuqarolar faqat istisno tariqasida yashash uyidan 100 metr atrofidagi savdo nuqtalariga kuniga bir marta chiqib, hayotiy zarur ehtiyojlar – oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalar xarid qilishiga ruxsat beriladi.

Fuqarolarning karantin davrida joriy etilgan tartib va qoidalar hamda «o‘zini yakkalash» hayot tarziga zid ravishda sababsiz uydan tashqariga chiqishi, jamoat joylarida bo‘lishi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) muvofiq ma'muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ushbu cheklovlar davrida Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani mahallalar hududlaridagi, Qayqi qishlog‘i hududidagi oziq-ovqat do‘konlari, dorixonalar, Namangan shahridagi «Chorsu» va «Yashil» dehqon bozorlari faoliyat ko‘rsatishga davom etadi. Barcha mahallalar hududlarida doimiy ko‘chma savdo do‘konlari tashkil etib boriladi», deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid