Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
13 aprel – tuman (shahar) adliya organlari tashkil etilgan kun
Bundan ikki yil oldin, ya'ni 2018 yil 13 aprelda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5415-sonli farmoni qabul qilindi va unga asosan joylarda tuman (shahar) adliya bo‘limlari tashkil etildi.
Huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish jarayonida yagona davlat huquqiy siyosatini amalga oshirish, bunda bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini ta'minlash, shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini oshirishning yaxlit tizimini joriy etish maqsadida ushbu bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, hozirgi kunda tuman-shaharlarda adliya bo‘limlarining ish yuritayotganligi o‘z samarasini bermoqda.
Jumladan, respublikaning barcha tuman va shahar adliya bo‘limlari tomonidan fuqarolarning ko‘plab murojaatlari chuqur tahliliy o‘rganib chiqilib, aksariyat holatlarda murojaatlarning qanoatlantirilishiga erishilmoqda.
Birgina Toshkent viloyatining tuman (shahar) adliya bo‘limlariga joriy yilning 1-choragi davomida kelib tushgan 2400 dan ortiq murojaatlarning 1452 tasi yoki qariyb 60 foizdan ortig‘i qanoatlantirilgan.
Bo‘limlar tomonidan aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan ko‘plab taqdimnoma, ma'muriy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar hamda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga da'vo arizalari kiritilishi ta'minlanmoqda.
Bundan tashqari, qonun hujjatlarini ijrochilarga yetkazish, huquqiy maslahatlar berish, huquqiy targ‘ibotni tashkil etish, mahalliy hokimlik va kengashlarning normativ tusdagi qarorlarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish, yuridik xizmat faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Adliya bo‘limlariga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda kelgusida ham yuqoridagi kabi ishlar tizimli ravishda davom ettirilishiga umid bildirib qolamiz.