Ayni vaqtga kelib dunyoning 210 ga yaqin davlatida 1 862 000 nafar bemorlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan, ulardan 431 000 nafari sog‘aygan, 115 000 nafari vafot etgan, 51 000 ga yaqin bemorlar og‘ir ahvolda qolmoqda.

Oxirgi bir sutka davomida (12.04.2020) dunyo bo‘ylab 72 500ta yangi kasallanish holati qayd etilib, 5 400 nafar bemorlar ushbu kasallikdan vafot etdi.

Kunlik o‘sishning eng yuqori ko‘rsatkichlari AQSh (+27 421), Buyuk Britaniya (+5 288), Turkiya (4 789) va Italiya (4 092) davlatlarida kuzatildi.

13 aprel soat 16.00 holatiga O‘zbekiston Respublikasida 896 nafar bemorda koronavirus infeksiyasi qayd etildi, 66 nafar bemorlar butunlay sog‘aydi, 4 nafar bemorlar ushbu kasallikdan vafot etdi.

Kasallangan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolar bo‘yicha epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda. Ushbu tadbirlarga Sanitariya-epidemiologiya xizmatining 20 mingga yaqin xodimlari jalb qilingan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning joylardagi markazlari tunu-kun faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning foliyati Agentlikning markaziy shtabi orqali muvofiqlashtirib borilmoqda.

Shuningdek, kasallikni keng tarqalishini oldini olish va bemorlarni samarali davolash maqsadida xorijiy ekspertlar bilan muntazam ma'lumot almashinish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ularning tajribasi o‘rganilib, amaliyotga joriy etilmoqda.

Yana bir muhim masala – epidemiologiyaning qonuniyatiga ko‘ra, boshqa davlatlardagi kasallanish dinamikasini kuzatadigan bo‘lsak, virus yuqib, tarqalib, o‘sishi davom etadi. Har bir davlat tibbiyotining oldida turgan masala – kasallanishning keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik.