O‘zbekiston | 08:18 / 13.04.2020
3270
3 daqiqa o‘qiladi

Koreya O‘zbekistonda biznes-inkubatorlarni yaratish uchun 5,5 mln dollar yo‘naltiradi

SSP tomonidan ishlab chiqilgan prezidentning tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirilgan. Uning muhokamasi 18 aprelda yakunlanadi.

Poytaxtning Olmazor tumanidagi o‘nta mahallada sinov tariqasida («Tadbirkorlik markazlari»), shuningdek Jizzaxda «Ilg‘or Hudud» dasturi doirasida yoshlar tadbirkorligi klasterlari doirasida O‘zbekistonda biznes-inkubatorlarni yaratish ishlari amalga oshirilmoqda, deb yozadi Norma.    
 
Matnda qayd etilishicha, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga 5,5 mln dollar miqdorida grant taqdim etadi. U 2014 yil 17 iyundagi hukumatlararo grant yordamini taqdim etish to‘g‘risidagi Hadli bitimga muvofiq amalga oshiriladi.
 
Mablag‘lar «O‘zbekistonda biznes-inkubatorlarni yaratish va tadbirkorlikning o‘sishini rag‘batlantirish» loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Xususan, Toshkentda namunaviy biznes-inkubator yaratiladi. U Islom Karimov ko‘chasi, 11-uydagi binoda faoliyat yuritadi.  
 
Quyidagilar loyihaning asosiy maqsadlari etib belgilangan:

yangi ish boshlagan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda umuman innovatsion biznes ekotizimini rivojlantirish sohasidagi me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

faoliyati yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan tashkilotlarning institutsional rivojlanishiga ko‘maklashish;

Koreya Respublikasida o‘quv amaliyotini tashkil etish orqali yoshlar va innovatsion biznesni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi idora va tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish;

yangi ish boshlagan tadbirkorlarga o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirishda amaliy yordam ko‘rsatish;

boshlovchi tadbirkorlar uchun o‘z biznesini tashkil etish va yuritish to‘g‘risidagi barcha zaruriy ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan yaxlit axborot tizimini yaratish.
 
Grant mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan barcha tovarlar, ishlar va xizmatlarni bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlari bundan mustasno), shuningdek QQS to‘lashdan ozod qilmoqchilar. Loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislardan kirish vizalarini rasmiylashtirish chog‘ida konsullik va boshqa to‘lovlar undirilmaydi.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid