O‘zbekiston | 07:51 / 13.04.2020
8632
2 daqiqa o‘qiladi

Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimining qalbaki guvohnomasidan foydalangan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Joriy yilning 8 aprel kuni Shayxontohur tumani Nurafshon ko‘chasida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektorlari xizmat olib borishlari davomida «Lasetti» rusumli avtomobil to‘xtatilgan. 

Poytaxt IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, tekshiruv davomida haydovchi SEX ishchisining guvohnomasini taqdim etgan. Hujjatni yaxshilab ko‘zdan kechirgan xodimlar uning haqiqiyligiga shubhalanib qolishgan. 

Xabarda aytilishicha, sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati orqali aniqlashtirish ishlari natijasida mazkur shaxs u yerda ishlamasligi ma'lum bo‘ldi. Guvohnoma qalbaki edi. 

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Qonuniy choralar ko‘rilishi uchun 43 yoshli S.Sh. Shayxontohur tumani IIO FMB 4-son IIBga olib kelingan. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi («Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 

«Eslatib o‘tamiz, soxtalashtiruvchining o‘zi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni sotishi, shunday maqsadlarda korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash yoxud sotish – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Hurmatli fuqarolar! Hujjatlar qalbakilashtirish va soxtalashtirish sizga yordam bermaydi. Karantin qoidalariga amal qilishdan bosh tortayotgan ba'zi fuqarolar nafaqat o‘zlarini, balki yaqinlarini ham xavf ostiga qo‘yishmoqda. Aql bilan ish tuting, uyingizni zaruratsiz tark etmang», - deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid