Jahon | 22:06 / 14.04.2020
8049
3 daqiqa o‘qiladi

Avstriya karantinni yengillashtirdi: ko‘plab do‘konlar ochildi

Avstriya koronavirus pandemiyasiga qarshi joriy qilingan karantin choralarini yengillashtirishni boshladi.

4 hafta davomida o‘z-o‘zini yakkalash sharoitida yashagan Avstriya bosqichma-bosqich normal hayotga qaytmoqda. 14 aprel kunidan boshlab, ko‘plab do‘konlar yana o‘z eshigini mijozlarga ochdi

Hozircha, faqat 400 kv.m. hududdan oshmaydigan savdo shoxobchalari, xususan, kitob, parfyumeriya, xo‘jalik mollari do‘konlari, butiklarning ish boshlashiga ruxsat berildi. Bunda barcha mijozlar niqobda bo‘lishi, savdo aravachalaridan foydalanishi va ijtimoiy masofani saqlashi haqidagi talab o‘z kuchini saqlab qoldi. Bu cheklovlar jamoat transportida harakatlanayotganlarga ham taalluqli. Qoidani buzganlarni 3600 yevro miqdoridagi jarima kutmoqda.

Yengillashtirishning navbatdagi bosqichi 2 maydan boshlanadi va barcha turdagi do‘konlarning, xizmat ko‘rsatish joylarining ochilishiga ruxsat beriladi. Restoran va barlar may oyining o‘rtalaridan ish boshlaydi. 

Avstriya Yevropada birinchilardan bo‘lib, karantin choralarini yengillashtirmoqda. Hozirgi vaqtda do‘konlarning 80 foizi ish boshladi. Vena shahrining o‘zida 4,5 mingga yaqin savdo shoxobchalari ochildi. Ularning ish vaqti 7.40 – 19.00 oralig‘ida belgilangan. 

Avstriyada koronavirus bilan xastalanganlar soni nisbatan kam, sog‘ayib ketganlarning salmog‘i esa yuqori darajada. Bundan tashqari, koronavirus bilan xastalanganlarni davolash uchun klinikalar yetarli. Hozirgi kungacha mamlakatda koronavirus yuqtirib olganlar soni 6500ga yaqin. Ularning taxminan ming nafari shifoxonada davolanmoqda, 368 nafari vafot etgan. Avstriya klinikalarida bemorlarni qabul qilish uchun 20 mingga yaqin bo‘sh joylar bor.

Kansler Sebastyan Kurs karantinni yengillashtirib, iqtisodiyotni ko‘tarish uchun normal hayotga qaytish zarurligini e'lon qilgan bo‘lsa-da, ehtiyotkorlikni unutmaslikka chaqirdi.

«Iqtisodiy tomondan bu inqirozni tezroq yengib o‘tishni istaymiz. Ammo hali qiladigan ishimiz ko‘p. O‘z-o‘zini yakkalash va ijtimoiy masofani saqlash choralari dolzarbligini yo‘qotmadi. Xavf-xatar hamon oramizda kezib yuribdi», - dedi u.

O‘z navbatida Jahon sog‘liqni-saqlash tashkiloti (JSST) o‘tgan haftada karantin cheklovlarini yengillashtirayotgan mamlakatlarni umumiy tarzda ogohlantirdi. 

«Cheklovlarning erta olib tashlanishi koronavirus epidemiyasining yangi to‘lqinini yuzaga keltirishi mumkin», deyiladi JSST bayonotida.

Mavzuga oid