Jamiyat | 17:15 / 14.04.2020
15675
2 daqiqa o‘qiladi

«Milliy tiklanish» partiyasi deputati salkam 2 mlrd so‘mlik xayriya qilmoqda

«Milliy tiklanish» partiyasi a'zolari bo‘lgan «Grand farm trade» kompaniyasi rahbariyati xayriya uchun 1 mlrd 650 mln so‘m ajratdi.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va xalqimizning ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan xayriya tadbirlariga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida «Grand farm trade» kompaniyasi hududiy filiali rahbari, «Milliy tiklanish» partiyasidan Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashiga saylangan deputat Qahramonjon Otaxonov boshchiligida ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlamlariga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda.

Aksiya Toshkent, Andijon, Namangan viloyatlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bunga esa 1 mlrd. 650 mln. so‘m ajratilgan. Ya'ni har bir hudud aholisiga 550 mln so‘mlik ko‘mak ko‘rsatiladi. Bugun – 14 aprel Toshkent viloyatining mingta xonadoniga 550 mln. so‘m miqdoridagi xayriya yordami tarqatildi.

Toshkent, Andijon, Namangan viloyatlaridagi mingtadan xonadonga 300 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, 250 ming so‘mdan pul ajratilgan. Shunda bitta oilaga 550 ming so‘mlik xayriya qilinadi.

Partiya a'zosi tomonidan karantin boshlangan davrdan Andijon shahridagi dorixonalarda ehtiyojmandlar uchun bepul dorilar burchaklari ham tashkil etilgan. «Milliy tiklanish» partiyasining 2020–2024-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ham aynan keksalarni qadrlash, mehr-oqibatni asrash, inson omilini barcha sohalar markaziga qo‘yish kabi vazifalar belgilangan. Mazkur partiyaviy g‘oyalar deputatlar tomonidan hayotga tatbiq etilmoqda.

Albatta, chinakam insoniylik sabog‘iga aylanib borayotgan bu kabi xayrli ishlar ortida yurtimiz aholisining turmush tarzini yanada yaxshilash barobarida ertangi kunga bo‘lgan ishonch va intilish yuksalib boradi.

Xayriya ertaga – 15 aprel kuni Namangan viloyatida davom etadi. Andijon viloyatida esa davom etmoqda.

Mavzuga oid