Jamiyat | 14:09 / 16.04.2020
6217
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyati yuzasidan Call center tashkil etiladi

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i tomonidan karantin tadbirlari davrida poytaxt ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyati yuzasidan murojaatlarni qabul qilish uchun “Qaynoq tarmoq” tashkil etish topshirig‘i berildi

Foto: IIBB axborot xizmati

Shu kunlarda Toshkent shahar IIBB xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Mudofaa vazirligi xizmatchilari bilan hamkorlikda karantin qoidalariga so‘zsiz rioya qilinishini ta'minlab, fuqarolarning salomatligini himoya qilish yo‘lida xizmat qilmoqdalar. 

IIBB xabariga ko‘ra, fuqarolarga karantin tadbirlarining tartib-qoidalari, maqsadi va mohiyati, tibbiy niqob taqish zarurligi va uyni sababsiz tark etish tavsiya etilmasligi eslatilmoqda.

Ba'zi holatlarda qoidabuzarlarga nisbatan ma'muriy choralar ko‘rilmoqda, sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati ishchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasiga muvofiq bayonnomalar rasmiylashtirilmoqda. 

Bildirilishicha, shu sababli ba'zi fuqarolarda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlarining harakatlari borasida tushunmovchilik yuzaga kelmoqda. Qayd etilishcha, barcha choralar qonun doirasida ko‘rilmoqda.

“Biroq, ba'zi fuqarolar har doim ham ichki ishlar organlari xodimida o‘z himoyachisini ko‘rmaydi. Gohida xodimlarning qo‘pol muomalasi va fuqaroning gaplariga quloq solmasligi bunga sabab bo‘ladi.  

Karantin qoidalariga rioya qilinishini ta'minlayotgan Toshkent shahar IIBB xodimlariga nisbatan sizning bildirgan e'tirozlaringiz Bosh boshqarma rahbariyatining e'tiboridan chetda qolmayapti. Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, polkovnik Aziz Toshpo‘latov tomonidan karantin tadbirlari davrida poytaxt ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyati yuzasidan sizning murojaatlaringizni qabul qilish uchun “Qaynoq tarmoq” (Call center) tashkil etish topshirig‘i berildi”, - deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, Toshkent shahar IIBB xodimlarining faoliyatidagi kamchiliklar haqida quyidagi raqamlar orqali tun-u kun xabar berish mumkin:

71 232-30-40, 71-232-40-50, 71 232-03-30.

Shuningdek, xabarlar Toshkent shahar IIBBning [email protected] elektron pochtasi orqali qabul qilinadi. 

IIBBning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “IIBB: Aholi bilan muloqot (Toshkent)” sahifasiga shaxsiy xabar ko‘rinishida, shuningdek @iibb_bot telegram-boti orqali murojaat yo‘llash mumkin. 

Murojaatlar diqqat bilan o‘rganiladi, xabar bergan ma'lumot tasdiqlansa, xodimlarga nisbatan qonun doirasida choralar ko‘riladi.

Bildirilishicha, anonim murojaatlar tekshirilmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid