– Nigora opa, keling hammasini boshidan boshlaymiz. Fransiyaga nima ish bilan borgandingiz, kimlar bilan edingiz va u yerda necha kun bo‘ldingiz?

– Fransiyaga ikki maqsad bilan borgandim, jiyanim [ijtimoiy tarmoqlar orqali xolasi bilan Fransiyadagi videosini namoyish etgan o‘smir – tahr.] va murabbiyining musobaqadagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash uchun. Ikkinchidan, men Fransiyada faqat bir kun bo‘lib, boshqa davlatga uchib ketganman. Sheriklarim 5 martda Turkiya orqali ortga qaytishgan. Shu jiyanim ham karantinga olinib tekshirildi, Allohga shukr, unda hech qanday kasallik aniqlanmadi. 10 mart kuni boshqa davlatdan Parijga uchib keldim va ertalabdan kech soat 17:00gacha aeroportning tranzit hududida bo‘ldim.

O‘zbekistonga taxminan 40-50 nafar yo‘lovchi uchib keldik. Ertalab, ya'ni 11 mart kuni soat 5:30da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nganmiz. Samolyotga mutaxassislar chiqib, teplovizorlar bilan hammaning tana haroratini o‘lchashdi.

Aeroportda meni turmush o‘rtog‘im kutib oldi va uyimizga olib ketdi. Boshqa davlatdan Fransiyaga 9 soat uchganman, aeroportda kechgacha bo‘lib, yana Toshkentgacha 7 soat uchganmiz. Tabiiyki juda charchaganman va 11 martda kun bo‘yi uyimda uxlaganman. 12 mart, payshanba kuni tushlik paytida 5 kishi mehmonga kelishdi. O‘zimiz, kelinlarim, qizlarim bilan uyda edik. Hammamiz, nari borsa 10 kishi yig‘ilgan edik. 35 kishini mehmon qilgan degan gaplar to‘g‘ri emas – o‘zim ko‘p qavatli uyda turaman va uyimga buncha odam sig‘maydi.

– O‘zingiz shifokorsiz, kasallikning ilk belgilarini qanday his qildingiz va koronavirus degan taxmin dastlab qanday paydo bo‘ldi? Tashxis haqida qayerdan bildingiz?

– O‘zi fevral oyi boshlarida Xitoyga borish uchun chipta ham olgandim. Klinikamizga uskunalar olib kelishim kerak edi. Aynan koronavirusdan qo‘rqqanim uchun safarni bekor qilgandim. Lekin baribir shu kasallikka chalinish peshonamda bor ekan.

Yuqorida aytganimday, uyga kelgunimcha ham, keyingi bir kunda ham kasallikning biror alomati yo‘q edi. 13 mart, ya'ni juma kuni o‘zimda biroz lohaslik his qildim. Haroratim ko‘tarilmagan, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i yo‘q, faqat boshim og‘rib, holsizlik paydo bo‘ldi. Keyin tanish virusolog vrachga qo‘ng‘iroq qildim va o‘zimni tekshirtirmoqchiligimni aytdim. Shifokor 14 mart kuni Virusologiya ilmiy tekshirish institutiga kelishimni aytdi, boshqa joyda bu kasallikka test o‘tkazilmasligini bildirdi.

13 mart kuni ishimga bordim, 1,5 soatga yaqin payt faqat kabinetimda, kompyuterimda ishladim. Lekin hech qaysi shifokorning xonasiga kirmadim, kasal qabul qilmadim. Vrach diplomiga ega bo‘lsamda, ayni paytda amaliyotchi shifokor emasman. Asosan klinikani rivojlantirish ishlari bilan shug‘ullanaman. Ishxonadan uyimga qaytdim va yana xonamga kirib yotdim.