O‘zbekiston | 18:46 / 20.04.2020
6349
4 daqiqa o‘qiladi

DSQ tadbirkorlarning pandemiya davridagi muammolarini aniqlash uchun so‘rov o‘tkazmoqda

Davlat soliq qo‘mitasi koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar duch kelayotan muammolarni aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazmoqda.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

Anonim tarzda o‘tkazilayotgan so‘rovdan maqsad – pandemiya vaqtida tadbirkorlar o‘z faoliyatida to‘qnashayotgan muammolar, soliq organi xodimlarining ular faoliyatiga noqonuniy aralashuvi, karantin davrida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan xabardorlik darajasini aniqlashdan iborat.

Qo‘mitadan ma'lum qilishlaricha, so‘rov natijalari ekspertlar tomonidan tahlil qilinadi. Olingan ma'lumotlar orqali tadbirkorlarning muammolarni hal qilishga ko‘maklashish, shuningdek, soliq tizimida aniqlanadigan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

So‘rovnomani o‘zbek yoki rus tillarida to‘ldirish mumkin.

Tadbirkorlardan quyidagi savollarga javob so‘ralmoqda:

·       Karantin tufayli faoliyatingizda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

·       Covid-19 pandemiyasiga qarshi kurash bahonasida tadbirkorlik faoliyatingizga aralashuvlar kuzatildimi?

·       Karantin davrida faoliyatga ruxsat etilgan tovarlarni sizga yetkazib berishda muammolar yuz bermoqdami?

·       Transport vositalari harakatini kamaytirilgani tufayli tovar va xomashyo yetkazib berilishida muammolarga uchradingizmi?

·       Pandemiya davrida soliq organi xodimlarining faoliyatingizga noqonuniy aralashuvi holatlari kuzatildimi?

·       QQSni qaytarishda muammolar bormi?

·       Karantin sabab faoliyatingizni to‘xtatganingiz haqida xabar bergan bo‘lsangiz-da, sizga soliq organi tomonidan talabnoma yo‘llangan holat yuz berdimi?

·       «Soliq servis» EHF operatori bepul xizmat muddatini uzaytirgani haqida xabar topdingizmi?

·       Turoperatorlar, turagentlar va mehmonxona xizmatlari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilinishi yuzasidan xabar topdingizmi?

·       Tovar va xizmatlarni realizatsiya qilish aylanmasi oyiga 1 mlrd.so‘mdan oshmaydigan va EHFlarni qo‘llaydigan yuridik shaxslar uchun QQSni har choraklik asosda hisoblash va to‘lash huquqi berilganligi haqida xabaringiz bormi?

·       Tovar va xizmatingiz bahosi oshdimi?

·       Soliq organlari bilan faoliyatingizdagi qiyinchliklar masalasida bog‘landingizmi?

·       Soliqlarni to‘lash bo‘yicha kechiktirishga oid muammoli vaziyatlar yuzaga keldimi?

·       Soliq hisobotlarini jo‘natish yuzasidan o‘z majburiyatlaringizni qanday bajarmoqdasiz?

·       Tadbirkorlardan soliq majburiyatini bajarish va narx-navoga oid boshqa muammolari bo‘lsa, ular haqida yozib qoldirish so‘ralgan.

Quyidagi havola orqali o‘tib so‘rovda qatnashish mumkin:

"COVID-19" pandemiyasi davrida tadbirkorlar faoliyati

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid