Jahon | 20:58 / 21.04.2020
57864
9 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: AQSh Xitoyni nimalarda va nega ayblamoqda?

Covid-19 epidemiyasi Uhandagi laboratoriyadan tarqalgani haqidagi iddaolar o‘rtaga chiqqach, Xitoyga qarshi qaratilgan fikrlar Oq uyda tobora ko‘proq yangray boshladi. Ya'ni Vashington epidemiyani «Xitoyga qarshi strategiya»ning bir qismi sifatida qo‘llashga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.

Foto: Alex Wong/Getty Images/AFP

Xitoy epidemiya sababchisi sifatida ko‘rilmoqda

Xitoyning Uhan shahridan tarqalgan va qisqa muddat ichida butun dunyo bo‘ylab 175 mingdan ortiq odam o‘limiga sabab bo‘lgan Covid-19 epidemiyasining paydo bo‘lishi va ehtimoliy oqibatlari Vashington kun tartibida turgan eng muhim masalalardan biriga aylandi. Qariyb to‘rt oydan beri davom etayotgan munozaralarda avvaliga ishtirok etmagan Donald Tramp ma'muriyati so‘nggi paytlarda Xitoyga qarshi qaratilgan ayblovlar otashini yanada olovlantirib, Chinni epidemiya sababchisi sifatida ko‘rsatishga urinmoqda.

Ma'lumki, Covid-19 virusi ilk bor 2019 yil dekabrda Xitoyning Xubey provinsiyasida joylashgan Uhan shahridagi dengiz mahsulotlari bozorida bo‘lgan odamlarda aniqlangandi. Ushbu epidemiya tarqalgan dastlabki kunlardanoq uning xalqaro siyosatga, shuningdek, insonlar salomatligi va kundalik hayotga qanday ta'sir ko‘rsatishi haqida munozaralar avj oldi. Virus sun'iymi yoki tabiiymi, degan bahslarga qo‘shimcha o‘laroq, uning global kuchlar tomonidan biologik qurol sifatida qo‘llangan-qo‘llanmagani xususidagi savollar ham o‘rtaga chiqa boshladi.

«Xitoy virusi» iborasi qanday tug‘ildi?

Nature Medicine jurnalida chop etilgan bir tadqiqotda Covid-19’ning genetik ketma-ketligi har tomonlama chuqur tahlil qilingani, natijalar esa virusning sun'iy ravishda yoki laboratoriya muhitida yaratilmaganini ko‘rsatgani ma'lum qilingandi.

Ta'kidlash joizki, AQShda yaqin kunlargacha virus sun'iy tarzda yaratilganiga oid hech qanday dalil yo‘q edi. Albatta, Vashington so‘nggi haftalarda virus kelib chiqishini Xitoyga bog‘lashdan foydalanayotgani va barcha bo‘lib o‘tgan ishlarda uni aybdor qilishga urinayotgani ko‘rinib turibdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining epidemiya bilan bog‘liq ilk bayonotida Xitoy hukumatining epidemiyaga qarshi kurashini yuqori baholagandi. Biroq virus AQShda ham tezlik bilan tarqala boshlagach, mart oyi o‘rtalaridan e'tiboran u Covid-19’ni «Xitoy virusi» deb atay boshladi.

Tramp o‘z gaplarini xaspo‘shlashga urinmoqda

Trampning bu tarzda tavr o‘zgartirishi mamlakat ichki siyosati bilan bog‘liq, deb taxmin qilinmoqda. Chunki u dastlab epidemiyani yetarlicha baholamagani uchun tanqid qilingan edi. Endi esa AQShning muvozanati buzila boshlashi bilan Tramp Xitoyni ayblash orqali o‘zi oldin gapirgan gaplarni xaspo‘shlashga urinmoqda. Qolaversa, prezidentlik saylovlari tobora yaqinlashar ekan, u iqtisodiy yo‘qotishlar va ko‘p sonli o‘limlarning saylovga o‘tkazadigan ta'sirini kamaytirish uchun Xitoyni ayblash yo‘lidan bormoqda. Ayni paytda Tramp Kongress va ilmiy markazlar tomonidan Xitoyga qarshi ilgari surilayotgan dalillarga befarq bo‘lishni ham istamayapti.

Xitoyga nisbatan ilgari surilayotgan ikki ayblov

AQSh ma'muriyati va Kongress Xitoyning bo‘yniga asosan ikkita aybni «ilish»ga urinmoqda. Birinchi ayblov shundan iboratki, Xitoy virus bilan bog‘liq tafsilotlarni o‘z vaqtida va ochiq shaklda oshkor qilmadi. Xitoyning shaffof emasligi Vashingtonda epidemiyaning manbayiga nisabatan shubha uyg‘otdi va bu shubhaning keng miqyosda tarqalishiga sabab bo‘ldi. Ayrim senatorlar va AQSh Kongressi vakillari hatto Xitoyni jazolash kerak, degan fikrda. Senat va Vakillar palatasiga taqdim etilgan loyihada Xitoyning Covid-19’ga nisbatan «nomuvofiq va shubhali munosabati»ni tekshirish va Pekindan tovon puli undirish mexanizmini ishlab chiqish talab qilinmoqda.

AQShning yana bir ayblovi virus Uhan shahrida ko‘rshapalaklar ustida tekshiruv o‘tkazilgan laboratoriyadan sizgani haqidagi da'voga asoslanadi. Yanvar oyida Amerika ommaviy axborot vositalari AQSh Davlat departamentiga Uhandagi laboratoriyada zarur choralar ko‘rilmagani va bu yerda epidemiya yuzaga kelishi mumkinligiga oid ma'lumot berilganini ma'lum qilgandi. Tashqi ishlar vaziri Mayk Pompeo ushbu razvedka ma'lumotlari bo‘yicha bergan bayonotida virusning laboratoriyadan tarqalganiga oid to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillar yo‘qligini, ammo buni diqqatda tutish lozimligini aytdi. Ushbu munozaralar avjiga chiqqach, Tramp Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini (JSST) ham bu ishning o‘pqoniga tortib, Xitoy ushbu tashkilot yordamida butun dunyoning ko‘zini shamg‘alat qilganini ta'kidladi va  AQShning tashkilotga beradigan mablag‘i to‘xtatib qo‘yilishini e'lon qildi.

AQSh Covid-19 daftarini osonlikcha yopmaydi

AQSh razvedkasi tomonidan epidemiyaning kelib chiqishi va miqyosi o‘rganilmagani dargumon, albatta. AQSh Bosh shtab boshlig‘i general Mark Milley matbuot anjumanida ushbu virus sun'iy yoki tabiiy ekani xususida fikr bildirar ekan, «OAV va bloglarda g‘iybat-u mish-mishlar ko‘p. Ushbu da'volar bilan shug‘ullanayotganimiz sizni ajablantirmasligi lozim. Razvedka masalani jiddiy o‘rganib chiqdi», deb aytdi.

Milley, shuningdek, ko‘plab dalillar virusning tabiiy ekaniga dalolat qilayotganini ham ta'kidladi. Ushbu bayonotdan ko‘p o‘tmay Oq uy va AQSh razvedkasi hozirda virus manbayini tekshirayotganini ma'lum qildi. Ertasi kuni esa Pentagon rahbari Mark Esper Xitoyga hech qachon ishonilmasligi, Pekin tomonidan haqiqat yashirilishiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligini ta'kidladi. Bu esa Covid-19 daftarini AQSh osonlikcha yopmasligiga ishora qilmoqda.

AQSh Xitoyga qarshi ayblovlarni kun tartibiga olib chiqar ekan, bir qator strategik maqsadlarni ko‘zlayapti. Amerika va Yevropa boshchiligidagi ko‘plab davlatlar epidemiya sabab juda katta iqtisodiy zarar ko‘rayotgan ayni bir paytda Xitoy epidemiya ustidan g‘alaba qozonganini e'lon qildi va hatto ishlab chiqarish tugmalarini bosishga ham ulgurdi. Bu esa o‘z navbatida qisqa vaqt ichida global kuchlar muvozanatiga ta'sir ko‘rsatishi aniq. AQSh buni juda yaxshi bilib turibdi. Shuning uchun ham bunga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda. Qolaversa, u o‘zining Xitoyni cheklash asosiga qurilgan strategiyasiga global qonuniy tus berish uchun Covid-19’dan foydalanishga urinyapti.

Xitoyni qurshab olish strategiyasi

AQShning 2018 yilgi Milliy mudofaa strategiyasida «ulkan kuchlar raqobati» terrorizmga qaraganda Vashington uchun ko‘proq ustuvor ahamiyatga ega ekani ma'lum qilingandi. Hujjat bu bilan garchi Rossiya va Xitoyga ishora qilsa-da, AQSh xavfsizlik byurokratiyasi, ayniqsa, Esper o‘shanda ko‘proq Xitoyni nazarda tutgandi. Zotan, u o‘zining ko‘plab bayonotlarida boshqa hududlar, xususan, Yaqin Sharq va Afrikadagi qurolli kuchlarni chaqirib olib, ularni Tinch okeani mintaqasiga ko‘chirishga harakat qilayotganini aytgandi. Keyingi paytlarda AQSh harbiylari Janubiy Xitoy dengizida ikkita aviatashuvchi kemasini tutib turibdi.

Amerika armiyasi Xitoy tomon uzangan qulochini sekin-asta toraytirib borar ekan, Pentagon Kongressdan Xitoy va Rossiya kabi raqib davlatlarga qarshi ishlab chiqilgan besh yillik mudofaa dasturlariga oid ma'lumotlarni sir saqlashni talab qildi. Odatda, Pentagon har yili Kongress orqali kelgusi besh yillik mudofaa dasturlari haqidagi ma'lumotlarni e'lon qilib boradi. Shu sababli, AQSh harbiy kuchlari kelgusida qarama-qarshiliklarni keltirib chiqaradigan qurol tizimlari ustida ishlashini va buni Xitoydan yashirish uchun mana shunday talab bilan chiqayotganini bildirdi.

O‘tgan hafta esa AQSh Vakillar palatasiga «Hind-Tinch arsenali tashabbusi»ni tuzish uchun qonun loyihasi taqdim etildi. Mazkur loyihada mintaqada doimiy baza tashkil etish va yanada ko‘proq harbiy resurslarni jalb qilish taklifi ilgari surilmoqda. Qonun loyihasiga ko‘ra, buning uchun har yili 6 milliard dollardan ortiq budjet ajratish ko‘zda tutilgan.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib aytish mumkinki, AQShda koronavirus epidemiyasi manbayi bilan bog‘liq munozaralarning tobora avj olishi Covid-19 Vashington tomonidan Xitoy strategiyasining bir qismi sifatida ishlatilayotganidan dalolat bermoqda.

Mavzuga oid