Jahon | 20:55 / 21.04.2020
5994
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida Ramazon oyida komendantlik soati yumshatildi

Saudiya Arabistonida koronavirusga qarshi kurash doirasida kiritilgan komendantlik soati Ramazon oyida bo‘shashtiriladi.

Foto: SPA

Bu haqda podshohlikning SPA axborot agentligi xabar berdi.

“Koronavirusga qarshi kurash doirasida ko‘chaga xarid uchun chiqish va shahar bo‘ylab harakatlanishga ruxsat beriladigan vaqtni o‘zgartirishga qaror qilindi. Avvalroq kunbo‘yi komendantlik soati amal qilgan hududlarda ro‘za vaqtida zarurat bo‘lganda yaqin oradagi do‘konlar va dorixonalarga borish uchun o‘z uylarini soat 9 dan 17gacha tark etishga ruxsat berildi. Biroq bu hududlarda avtotransport harakatlanishiga cheklov saqlanib qoladi. Qa'iy taqiqlar kiritilmagan hududlarda esa shahar bo‘ylab soat 9dan 17gacha erkin harakatlanishga ruxsat beriladi”, deyilgan xabarda.

Talabchanlikning bo‘shashtirilishi karantinga yopilgan hududlarga amal qilmaydi, ular avvalgidek to‘liq izolyatsiyada qoladi.

Saudiya Arabistonida komendantlik soati 23 martdan joriy qilingan. Unga ko‘ra kechki soat 19dan tonggi 6gacha harakatlanish taqiqlangandi.

20 aprelda Saudiya Arabistoni hukumati islom dinining ikki bosh muqaddas qadamjosi - Makkadagi Masjidul-harom va Madinadagi Nabaviy masjidlari Ramazonda ham yopiq qolishini e'lon qilgan. 

Ayni vaqtda podshohlikda koronavirusga 11,6 mingdan ko‘proq kishi chalingan, 109 kishi undan vafot etgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid