Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyodagi vaziyat. Oksfordda vaksinani odamlarda sinash boshlanmoqda
Britaniyada payshanba kuni koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovi boshlanadi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Mett Henkok ma'lum qildi.
Covid-19’ga qarshi vaksina Oksford universiteti va Londondagi Imperiya kollejida tayyorlangan. Vazir Henkokning so‘zlariga ko‘ra, 23 aprel kuni Oksforda ishlab chiqarilgan vaksinani odamlarda sinash boshlanadi.
Ikki universitetdagi olimlar hukumatdan klinik sinovlar uchun jami 42,5 mln funt miqdorida mablag‘ olgan.
«Bu ikki umidli loyiha rivojlantirilmoqda, men olimlarga va'da qildimki, hukumat ularni qo‘llab-quvvatlash uchun bor imkoniyatni ishga soladi», degan vazir. U odamlarni emlash - koronavirus ustidan g‘alaba qozonishning eng ishonchli vositasi ekanini qayd etib o‘tgan.
Henkokning ma'lum qilishicha, Buyuk Britaniya uchun vaksina ishlab chiqarish juda muhim va mamlakat vaksina tayyor bo‘lishi uchun bor kuchini tashlagan, hozirga kelib Britaniya koronavirusga qarshi eng ko‘p mablag‘ sarflagan davlatga aylangan.
Angliyada har uchinchi o‘lim koronavirusdan
Angliya va Uelsda aprel oyi boshidagi bir haftada qayd etilgan o‘limlar soni o‘tgan yilning shu davridagidan ikki barobar ko‘proq bo‘lgan. O‘limlarning har uchinchisi Covid-19 tufayli sodir bo‘lgan. Butun dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 2,5 milliondan oshdi.
Buyuk Britaniya milliy statistika byurosi 4 apreldan 10 aprelgacha 18500 o‘lim qayd etgan, bu o‘tgan yilning shu davridagidan 8 mingga ko‘p. Bu so‘nggi 20 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Bu o‘limlarning uchdan bir qismi koronavirus bilan bog‘liq, ammo o‘limlar soni boshqa sabablarga ko‘ra ham o‘sgan. Bunday o‘sish epidemiya avjiga chiqqan mahalda boshqa kasallik bilan og‘rigan bemorlar ham shifoxonalarga murojaat qilmayotgani bilan izohlanadi. Pandemiya boshlanganidan buyon tez yordamga qo‘ng‘iroqlar soni ikki baravar kamaygan.
Britaniya hukumati har kuni Covid-19 qurbonlari bo‘yicha ma'lumotlarni e'lon qilib bormoqda, ammo bu raqamlar faqat shifoxonada vafot etganlarni ifodalaydi. Boshqa joylarda - xususan qariyalar uylaridagi o‘limlar kechikib qayd etiladi, Milliy statistika byurosi ma'lumotlari tafovut qandayligini ko‘rsatib qo‘yadi.
Byuro ma'lumotlariga ko‘ra, 4 apreldan 10 aprelgacha Angliya va Uelsda Covid-19 dan zararlanish oqibatida 6200dan ortiq kishi vafot etgan. Shundan oltidan bir qismi shifoxonalardan tashqarida ro‘y bergan. Qariyalar uylarida ko‘plab o‘limlar sodir bo‘lgan - normadagidan ikki barobar ko‘p. Koronavirus uylar va boshqa joylardagi o‘limlar soniga jiddiy ta'sir ko‘rsatmagan.
Britaniya sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan 21 aprel kuni soat 17:00 holatiga ko‘ra Birlashgan Qirollik hududidagi shifoxonalardagi o‘limlar 828taga o‘sgan va jami o‘limlar soni 17337taga yetgan. So‘nggi bir kunda qayd etilgan o‘limlarning 778tasi Angliyaga to‘g‘ri keladi (jami qurbonlar soni 15607), Uelsda so‘nggi yigirma to‘rt soatda 25 o‘lim qayd etilgan (jami o‘limlar soni 609).
Seshanba kuni Britaniya parlamentining Vakillar palatasi Pasxa ta'tillaridan keyin faoliyatini davom ettirdi, ammo parlamentariylar tarixda birinchi marta ijtimoiy masofa saqlagan holda o‘tirishdi. Bu talabga ko‘ra majlislar zalida 50dan ortiq deputat bo‘lmasligi, ular bir-biridan kamida 2 metr masofada joylashishi kerak. Qolgan parlamentariyalar majlisda videoaloqa orqali ishtirok etishdi.
- So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 2,5 milliondan oshgan, bemorlarning 686 mingdan ortig‘i sog‘aygan, 176 mingdan ortiq kishi vafot etgan.
Koronavirus boshqa davlatlarda
Germaniya, Daniya va Avstriyada do‘konlar faoliyatiga ruxsat berilgan.
Dushanba kuni Germaniyada kitob do‘konlari, gul va kiyim do‘konlari, avtosalonlar va maydoni 800 kvadrat metrdan katta bo‘lmagan boshqa turli do‘konlar ochildi.
Kansler Angela Merkel videomurojaatida fuqarolardan ogohlikni yo‘qotmaslikni so‘radi va hududiy rahbarlarni tartiblarga rioya qilishga chaqirdi. Germaniya hukumatidagilarning mamlakatda koronavirus tarqalishi jilovlanganiga ishonchi komil.
Ammo Germaniyada ijtimoiy masofa saqlash davom etadi. Hukumat fuqarolarga niqoblarni yechmaslikni tavsiya qilmoqda, Saksoniya federal yerida esa tibbiy niqob taqish majburiyligicha qolmoqda.
Seshanba kuni Germaniyada 1109ta yangi holat qayd etildi (dushanba kuni 1775ta edi) va 99 o‘lim ro‘y berdi (dushanba kuni 110 o‘lim edi). Ayni vaqtgacha mamlakatda zararlanish holatlari soni 148 mingdan oshgan, o‘limlar soni 5 mingga yaqinlashgan.
Germaniyada futbol bo‘yicha chempionat 9 maydan davom ettirilishi mumkin. Bundesliga rahbarlari o‘yinlarni tomoshabinlar ishtirokisiz, gigiyena talablariga rioya qilgan holda o‘tkazishni rejalashtirishmoqda. «Odamlar futbolli dam olish kunlarida futbolsiz dam olish kunlaridagidan ko‘ra toqatliroq bo‘lishadi», - degan Bavariya bosh vaziri Markus Zyoder.
Daniyada 500dan ortiq kishi ishtirokidagi yig‘ilishlarga taqiq kamida 1 sentyabrgacha davom etadi. Avvalroq OAV hukumat 10 mayda ommaviy yig‘ilishlarga qo‘yilgan taqiqlarni bekor qilishi kutilayotgani haqida yozgandi. Ayni vaqtda ko‘pi bilan 10 kishi bo‘lib yig‘ilishga ruxsat beriladi.
Norvegiyada dushanba kuni bir oylik tanaffusdan keyin bolalar bog‘chalari ochildi. Hozircha bolalar maktabga borishiga ruxsat berilmagan. Qo‘shni Daniyada bo‘lgani kabi (bu davlat bolalar uchun karantinni bekor qilgan ilk davlat bo‘ldi) Norvegiyada ham maktablar ochilishiga qarshilar ko‘p. Maktabgacha ta'lim muassasalarining ochilishiga qaramay, ko‘plab ota-onalar bu kabi vaziyatda farzandlari uyda qolishini ma'qul ko‘rmoqda.
Shuningdek, norvegiyaliklarga o‘z dachalariga borishga ruxsat etiladi, fizioterapevtlar va psixologlar ham o‘z mijozlarini qabul qilishi mumkin, shu hafta davomida sartaroshxonalar va tatu-salonlar ham ish boshlashi kutilmoqda.
Polshada ham karantin yumshatilmoqda. Polsha hukumatidagilar dushanba kunidan xiyobonlarga va o‘rmonlarga sayohat uchun borishga ruxsat berdi.
Chexiyada o‘tgan haftadayoq nooziq-ovqat do‘konlari ochilgandi, dushanba kunidan fermerlar bozorlari ishlay boshladi, avtosalonlar ochildi va boshqa bir necha toifadagi kompaniyalar ham faoliyatini tikladi.
Latviyadagi shifoxonalarda dushanba kunidan ayrim ambulator xizmatlar, shu jumladan stomatologik xizmatlar ham ko‘rsatila boshlandi. Tibbiyot muassasalari ehtiyotkorlik choralariga rioya etishi zarur, jumladan, bir binoda bemorlar soni ma'lum miqdordan oshmasligi kerak.
Latviyada 11 mart kuni favqulodda vaziyat e'lon qilingandi va qat'iy choralar 12 mayga qadar o‘z kuchida qoladi. Mamlakatda ta'lim muassasalari yopilgan, aholi imkon qadar masofadan ishlamoqda, jamoat joylarida ijtimoiy masofa saqlash tartibi amal qiladi.
Estoniyada Saaremaa volosti rahbari Madis Kallas iste'foga chiqdi. Avvalroq Saaremaa oroli epidemiya o‘chog‘iga aylangandi. Bir oy muqaddam bu yerga voleybol o‘yinida ishtirok etish uchun Milandan jamoa kelgan. Bu orolda 33 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi.
Osiyoda vaziyat qanday?
Singapurda zararlanish holatlari yana o‘sa boshladi. Dushanba kuni hukumat 1426 kishida Covid-19 aniqladi. Bu epidemiya boshlanganidan buyon eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi bo‘ldi. Singapurda yakshanba 596ta yangi holat tasdiqlangandi, seshanba kuni zararlanish holatlari soni 1111taga oshdi.
Amaldorlar ma'lumotiga ko‘ra, yangi zararlanish holatlari migrantlar orasida qayd etilmoqda. Hukumat mamlakatdagi umummilliy karantin muddatini 1 iyungacha uzaytirdi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi dushanba kuni koronavirus epidemiyasi Uhandagi dengiz mahsulotlari bozorida emas, shahardagi virusologiya instituti laboratoriyasida paydo bo‘lgani to‘g‘risidagi xabarlarga izoh berdi.
Avvalroq Amerikadagi nashrlar epidemiya boshlanishidan ikki yil muqaddam Amerika elchixonasi xodimlari ushbu institutda bo‘lishgani va Vashingtonga laboratoriyadagi xavfsizlik masalalaridagi muammolar haqida xabar bergani to‘g‘risida ma'lumot tarqatdi.
Prezident Donald Tramp muxbirning shu haqdagi savoliga javoban bu ma'lumotni rad etmagan va AQSh sinchkovlik bilan tekshiruv olib borishini bildirgandi.
Nobel mukofoti sohibi Lyuk Montane ham virusning Uxandagi laboratoriyada ishlab chiqilgani haqida fikr bildirgan.
Yakshanba kuni Avstraliya TIV rahbari Maris Peyn virus paydo bo‘lishi sabablarini aniqlash uchun mustaqil xalqaro tekshiruv o‘tkazishni davlat darajasida talab qilgan ilk siyosatchi bo‘ldi.
XXR TIV vakili Chjao Litszyan dushanba kuni virus laboratoriya sharoitida tayyorlangani to‘g‘risidagi xabarlar asossizligini bildirdi. U Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusning sun'iy sintez oqibatida paydo bo‘lganligini tasdiqlamaganini qayd etgan.
Uhan virusologiya instituti rahbari Yuan Chjimin bugungi kun olimlari yangi turdagi koronavirusdek virusni sun'iy tarzda yaratish uchun yetarli bilimga ega emas, deb aytgan. U Bloomberg so‘roviga javoban «nolinchi bemor» institut xodimi bo‘lishi mumkin emasligi, chunki virus xodimlari orasida shu vaqtgacha biror kishida koronavirusdan zararlanish holati tasdiqlanmaganini bildirgan.
JSST koronavirus kelib chiqishi hayvonlar bilan bog‘liqligini ta'kidlamoqda.
«Mavjud barcha dalillar ushbu virus hayvonlardan kelib chiqqanligini ko‘rsatmoqda. Virus yaratilmagan, u bilan laboratoriya tajriba o‘tkazilmagan. Katta ehtimol bilan uning ekologik manbai ko‘rshapalaklardir. Biroq virus qanday yo‘l bilan odamga yuqqanini aniqlash zarur. Barchamiz nazariyaga emas, balki faktlarga e'tibor qaratishimiz kerak», degan tashkilot rasmiyi Fadela Chaib Jyenevada o‘tkazilgan brifingda.
BBC kuzatuvlariga ko‘ra, Xitoyda statistika bo‘yicha yanglishishlar davom etmoqda.
Juma kuni Xitoy sog‘liqni saqlash bo‘yicha komissiya saytida Uhanda kasallikdan sog‘ayganlar soni 47300 nafar qilib ko‘rsatilgandi, dushanba kuni esa bu raqamlar 46359 ko‘rinishini olgan. Mamlakatda kasallikdan tuzalganlar soni juma kunidan buyon qariyb 900 nafarga kamaygan.
Mavzuga oid
18:37 / 21.09.2025
COVID-19 pandemiyasi boshlanishini yoritgan xitoylik jurnalist 4 yilga qamaldi
15:47 / 06.08.2025
AQSh Sog‘liqni saqlash vazirligi mRNK-vaksinalari uchun mablag‘ni qaytarib oldi
21:02 / 24.07.2025
Olimlar COVID-19 pandemiyasi odamlarning miyasini qaritganini aniqladi
17:18 / 05.07.2025