Iqtisodiyot | 22:11 / 24.04.2020
121720
8 daqiqa o‘qiladi

Dollar kursi nega oshib ketmoqda?

Dollarning rasmiy kursi yuqorilashda davom etmoqda. Iqtisod fanlari doktori, professor Nodir Jumayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bu holat sababi va uning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'siri qanday bo‘lishi mumkinligi borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

— Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy qiymati doimiy oshib boryapti. Buning sababi qanday omillarga bog‘liq?

 — To‘g‘ri ta'kidlab o‘tdingiz, lekin aslida bu holat dollar kursi qadrli bo‘lmoqda, o‘smoqda, degan ma'noni bildirmaydi. Chunki, dollar jahon iqtisodiyotida rezerv valutalardan biri (asosiysi) sanaladi. Qaysi ma'nodaki, ya'ni, butun dunyo YaIMning qariyb 20 foizi faqatgina AQShga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, butun dunyo iste'molining 40 foizi AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi. 

 Xalqaro moliya institutlarining deyarli barchasi AQSh hududida joylashgan, qolaversa, so‘nggi jahon valuta tizimi, ya'ni valuta munosabatlarini tartibga solish bo‘yicha konferensiya Yamaykaning Kingston shahrida 1976-78 yillarda bo‘lib o‘tgan. Bu tizimda ham qator nomuvofiqliklar mavjud. Lekin, so‘nggi jahon valuta tizimini strukturasini, arxitekturasini saqlab qolishga harakat qilinmoqda. Eng rivojlangan davlatlar (G-7) ichida ham eksport-import operatsiyalari hajmi bo‘yicha ham, qo‘llaniladigan valuta bo‘yicha ham AQSh dollari, umuman, dunyo tashqi savdosida, ya'ni eksport-import operatsiyalarida ham AQSh dollari yetakchilik qiladi.

 

 — Bu holatning milliy iqtisodiyotimizga ta'siri nimalarda seziladi?

 — Milliy valuta kursining tushishi masalasiga keladigan bo‘lsak, hozirgi kunda nafaqat bizda, shuningdek, balki bizning asosiy tashqi savdo hamkorlarimizda devalvatsiya jarayonlari kuzatilmoqda. Albatta, bu holat bizga ham o‘z ta'sirini o‘tkazadi. Masalan, Xitoyda koronavirusni keng tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan pandemiya tufayli Xitoy iqtisodiyotida harakatsizlik kuzatildi, ya'ni iqtisodiy jarayonlar pasayish tendensiyasiga ega bo‘ldi. Buning natijasida, Xitoyning yoqilg‘iga bo‘lgan talabi keskin kamayishi oqibatida neft-gaz mahsulotlarini importini sezilarli darajada qisqartirishiga sabab bo‘ldi. Buning natijasida, zanjirli reaksiya oqibatida neft-gaz xomashyolarining narxi tushdi, xususan, neftning narxi keskin pasaydi, gaz importining hajmi tushdi, oqibatda uning ham narxi pasayishi kuzatildi. O‘zbekistonning tashqi savdosiga gaz eksportining pasayganligi, tashqi savdoda eksportning sezilarsiz bo‘lsa-da, pasayishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, to‘lov balansini xalqaro transferlar moddasida keskin kamayishi kuzatildi, sababi, xorijda ishlayotgan migrantlarimiz tomonidan jo‘natilayotgan xalqaro pul o‘tkazmalarining sezilarli darajada pasayishi kuzatildi. Tijorat banklarining valuta pozitsiyalarida qisqa muddatli likvidlilik muammolari kuzatilishi ro‘y berdi. Lekin, eng yaxshi tomoni milliy valuta - “so‘m” kursini ushlash uchun sun'iy harakat qilinmayapti, bozor qonunlariga muvofiq devalvatsiya kuzatilmoqda. Butun dunyoda valuta kursini barqarorligini ta'minlash uchun Markaziy banklar tomonidan valuta intervensiyasi o‘tkaziladi. 

Valuta intervensiyasidan ko‘zlangan asosiy maqsad bo‘lib, valuta kursining qisqa vaqt oralig‘ida kutilmaganda yuzaga keladigan keskin tebranishlariga barham berish hisoblanadi. Ya'ni, bunda Markaziy bank tomonidan valuta bozoriga milliy valutani xorijiy valutaga sotib olish yoki aksincha sotish orqali ta'sir qilishi instrumenti sifatida ko‘rish mumkin. Mamlakatimizda talab va taklif asosida real kurs belgilanishi, sun'iy ta'sir bilan oltin-valuta zaxiralari hisobiga kursni ushlab qolinmaganligi ma'lum darajada devalvatsiyani, natijada inflatsiyani yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

 Devalvatsiya (lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, de-valeo- qadri tushish ma'nosini anglatadi)ga berilgan ta'riflar ichida norasmiy va mashhuri bu – devalvatsiyaga antibiotik sifatida qaralishidir. Chunki, devalvatsiya – bu rasman milliy valuta kursini chet el valutasiga nisbatan tushishidir. 

 Devalvatsiyani qo‘llashga quyidagi ikki omilni sabab qilib ko‘rsatish mumkin: 

1. Eksportni rag‘batlantirishning zarurligi;

2. Milliy valutaning rasmiy kursi bilan uning real xarid quvvati o‘rtasidagi sezilarli farqni yo‘qotish orqali importni cheklashga xizmat qilishi. 

 Agar oltin-valuta zaxiralari hisobiga kursning barqarorligi saqlanadigan bo‘lsa, avtomatik ravishda milliy valuta qadrining oshishiga, natijada chet eldan importni jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi oqibatida tashqi savdoda import hajmining keskin oshishiga olib keladi. 

 Shu bilan birga, devalvatsiyani doimiy ravishda qo‘llash iqtisodiyotga samara beradi, deb hisoblash noto‘g‘ri. Ya'ni, jahon iqtisodiyotda amalga oshirilgan revalvatsiya (lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, re-valeo- qadri oshish ma'nosini anglatadi) va devalvatsiyani tahlil qilsak, asosiy o‘rinni devalvatsiya egallagan. Jahon iqtisodiyotida revalvatsiya devalvatsiyaga nisbatan juda ham kam qo‘llanilgan.  

 Bizning asosiy tashqi savdo hamkorlarimiz Xitoy, Rossiya Federatsiyasida devalvatsiya kuzatilmoqda, demak, bu holat bevosita bizning tashqi savdomizga, ya'ni eksport-import operatsiyalarimizga salbiy ta'sir etganini ko‘rishimiz mumkin. Bu barcha salbiy jarayonlar bizning milliy iqtisodiyotimizga bog‘liq emas. 

 To‘lov balansi bu shunday hujjatki, unda mamlakatning xorijiy davlatlar bilan bo‘ladigan aloqalari natijasida yuzaga keladigan valuta tushumlari va to‘lovlarining haqiqatdagi summasi aks ettiriladi. To‘lov balansi holati mamlakat ichki iqtisodiy siyosati uchun muhim signal vazifasini o‘tashi mumkin. Chunonchi, iste'mol tovarlari importi miqdori juda ham yuqori bo‘lsa, ichki siyosat importni cheklash yoki import o‘rnini bosuvchi sanoatni rivojlantirishga qaratilishi mumkin.

To‘lov balansi barqarorligi bevosita milliy valuta barqarorligiga ta'sir ko‘rsatadi. To‘lov balansida pandemiya sabab yuzaga kelgan iqtisodiy harakatsizlik natijasida eksportni kamayganligini kuzatishimiz mumkin. Shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalari oqimining kamayishi kuzatilmoqda. Demak, bu to‘liq bizga bog‘liq emas, biz qanchalik oqilona va samarali iqtisodiy siyosat yuritishimizdan qat'iy nazar bizning asosiy savdo hamkorlarimizda ham barqarorlik kuzatilishi muhimdir. 

 — Demak, holat normallashishida pandemiyaning yakuniga ko‘p narsa bog‘liq?

 Bilasizmi, faqatgina pandemiyaning o‘ziga ham bog‘liq emas. Pandemiya bartaraf etilgandan so‘ng, oldingi siklga chiqib olish uchun ma'lum muddat kerak. Chunki, bu qator iqtisodiy jarayonlardan iboratdir. Masalan, may oyini o‘rtasi, yoki oxirida pandemiya bartaraf etildi ham deylik, bu degani iyun oyidan boshlab tezlik bilan barqarorlikka erishiladi degani emas, chunki, ... albatta ma'lum foizlarda. Demakki, biz qisqa muddatli oraliqda, 3 oy bo‘ladimi, 6 oy bo‘ladimi tashqi savdoda barqarorlikka erishadigan bo‘lsak, buni ijobiy holat sifatida baholashimiz mumkin. 

                                                                       Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid