O‘zbekiston | 07:53 / 24.04.2020
7243
4 daqiqa o‘qiladi

Karantin vaqtida suv ta'minoti bo‘yicha bir kunlik tushum 10 barobarga kamaygan

Karantin e'lon qilingan kunga qadar ko‘rsatilgan ichimlik va oqava suv xizmatlari uchun respublika bo‘yicha o‘rtacha bir kunlik tushum 3,1 mlrd. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 10 barobarga kamayib, 0,3 mlrd. so‘mni tashkil etmoqda.

Joriy yilning 15 martidan boshlab koronavirusga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo‘yicha joriy etilgan karantin davrida respublikadagi barcha ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlar singari suv ta'minoti korxonalari xam kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilgan holda faoliyat yuritishmoqda, deb yozadi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Bildirilishicha, hukumat tomonidan karantin sharoitida iste'molchilarga yengilliklar yaratish maqsadida, ko‘rsatilgan ichimlik va oqava suv ta'minoti xizmatlari uchun o‘z vaqtida amalga oshirilmagan to‘lovlarga nisbatan penyalar hisoblanmaslik, qarzdor iste'molchilar bo‘yicha sudlarga da'vo arizalari kiritmaslik hamda iste'molchilarni tarmoqlardan uzib quymaslik bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

“Mamlakatimizda joriy qilingan karantin davrida aksariyat korxonalar, tashkilotlar va budjet muassasalari faoliyatining vaqtincha to‘xtatilganligi hamda aholining o‘z uylarida o‘zini o‘zi izolyatsiyalash tartibining joriy qilinganligi yuridik tashkilotlarning suv iste'moli kamayishiga hamda aholining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji oshishiga olib keldi.

Karantin e'lon qilingan kunga qadar ko‘rsatilgan ichimlik va oqava suv xizmatlari uchun respublika bo‘yicha o‘rtacha bir kunlik tushum 3,1 mlrd. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 10 barobarga kamayib, 0,3 mlrd. so‘mni tashkil etmoqda.

Bu kabi holatlar o‘z navbatida, suv ta'minoti korxonalarining karantin davrida moliyaviy barqaror faoliyat yuritishlariga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatgan holda, korxona xodimlarining ish haqi to‘lovlari, suvni tozalash uchun kerakli bo‘lgan kimyoviy reagentlarni xarid qilish, Hukumat kafolati ostida jalb qilingan kreditlarni qaytarish, budjet va davlat maqsadli jamg‘armalar oldidagi to‘lovlar, elektr-energiyasi hamda yuzaga kelgan avariyaviy holatlarni bartaraf etish uchun zaruriy materiallar, yoqilg‘i moylash mahsulotlarini xarid qilish bilan bog‘liq birinchi darajali to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilmasligiga olib kelmoqda.

Shu munosabat bilan, karantin sharoitida suv ta'minoti korxonalari moliyaviy ahvolining yomonlashuvini oldini olish, epidemiya oqibatlarini yumshatish maqsadida, Moliya vazirligi tashabbusi bilan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan birgalikda suv ta'minoti korxonalarining birinchi darajalari to‘lovlari uchun talab qilinadigan mablag‘lar miqdori o‘rganib chiqildi hamda karantin davrida suv ta'minoti sohasini Davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab quvvatlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritildi”, - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Moliya vazirligi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan birgalikda suv ta'minoti korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan bildirilgan takliflariga asosan, bosh vazirning maxsus topshirig‘i asosida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jami 61,4 mlrd. so‘m mablag‘lar suv ta'minoti korxonalarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlari hamda birinchi darajali xarajatlarini (kimyoviy reagentlar, yoqilg‘i moylash materiallari) qoplash uchun foizsiz ssuda sifatida ajratildi.

Mavzuga oid