O‘zbekiston | 14:14 / 24.04.2020
2295
2 daqiqa o‘qiladi

Saxovat tadbirlarida qatnashayotgan tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari hozircha ma'lum emas - DSQ

Ayrim soliq turlari bo‘yicha imtiyoz bevosita davlat rahbari qarori bilan beriladi. Xayr-ehson qilayotgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlarini belgilash va yengilliklar berish bo‘yicha davlat rahbarining tegishli qarori hali qabul qilinmadi.

Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Muzaffar Nazarov xayriya tadbirlarida qatnashgan tadbirkorlarga qanday soliq imtiyozlari berilishi ko‘zda tutilgani haqidagi savolga javob berdi.

«2020 yil 1 yanvardan amalga kiritilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 75-moddasiga asosan, ayrim soliq turlari bo‘yicha imtiyoz bevosita davlat rahbari qarori bilan beriladi.

Bu ayrim soliq turlari bo‘yicha belgilangan soliq stavkasini ko‘pi bilan 50 foizgacha pasaytirish va bu imtiyozni 3 yil muddatgacha saqlab qolishni nazarda tutadi», dedi Muzaffar Nazarov.

Soliq qo‘mitasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, xayr-ehson qilayotgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlarini belgilash va yengilliklar berish bo‘yicha davlat rahbarining tegishli qarori hali qabul qilingani yo‘q. Hujjat qabul qilinishi bilan soliq imtiyozlari haqida barcha soliq to‘lovchilar xabardor qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektorda davlat rahbari tomonidan «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surilib, uning doirasida tadbirkorlar imkoniyatidan kelib chiqib o‘z hududlaridagi yordamga muhtoj aholiga yordam ko‘rsatishi maqsadga muvofiqligini ta'kidlagan edi. Davlat tomonidan esa bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari, zarur resurslar bilan ta'minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar berilishi ham ma'lum qilingandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid