21:45 / 24.04.2020
8685

«Xayriya pullar soliqqa tortilmaydi». Dilshod Sultonov bilan suhbat

Kun.uz pandemiya va inqiroz masalalariga oid bo‘lgan suhbatlarni muntazam o‘tkazib kelmoqda. Dasturimizning navbatdagi mehmoni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov bilan xayriyaga bel bog‘lagan tadbirkorlarga yaratib berilgan imkoniyatlar haqida ma'lumot berdi.

Moliya vaziri o‘rinbosarinning aytishicha, «Saxovat va ko‘mak»  umumxalq harakatini tashkil etishdan maqsad, tadbirkorlarga maksimal darajada ko‘mak berish orqali, ularning yordamini xalqqa yetkazishdir. 

Shunga muvofiq, davlat rahbarining ikkita farmoni (PF-5969 va PF-5978) bilan tadbirkorlarni uzluksiz ishlashlari va kelgusi faoliyatlarida salbiy holatlarni oldini olish maqsadida, manzilli choralar ko‘rildi:

1. Faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga 541 mlrd. so‘mlik jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i qat'iy summasi va ijtimoiy soliq summalari hisoblanishi to‘xtatildi.

2. “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ, turizm hamda mehmonxona xizmati faoliyati bilan band 1764 ta xo‘jalik sub'yektlariga yer va mol- mulk soliqlaridan ozod etilishi va ijtimoiy soliq summalarini 12 foizdan 1 foizga tushirilgani hisobiga ularning ixtiyorida 136 mlrd.so‘mlik mablag‘lar qoldi.

3. Foydalanilmay turgan bo‘sh maydonlarga ega 20267 ta sub'yektlarga 1,1 trln.so‘mlik yuqori stavkalarda soliqlar hisoblanishi, undirilishi va kechiktirilgan kunlar uchun penya hisoblanishi to‘xtatildi.

4. Tovar aylanmasi oyiga 1 mlrd.so‘mdan oshmaydigan va QQS to‘lovchisi bo‘lgan, elektron hisobvaraq-fakturasidan foydalanadigan 25,2 mingta sub'yektlarga 450 mlrd. so‘mlik soliqlarini chorakda bir marotaba to‘lash imkoniyati berildi.

5. Tashqi savdo operatsiyalari bilan shug‘ullangan 2542 ta sub'yektlarga 717 mlrd.so‘mlik jarimalar qo‘llanilmasligi to‘g‘risida tadbirkorlarga shaxsiy kabineti orqali elektron xabarlar yuborildi. 

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov

«Umumxalq harakatiga ko‘pchilik qo‘shilish istagini bildirdi. Agar harakatga qo‘shilsam, qanday soliq majburiyati paydo bo‘ladi, degan savol yuzaga keladi. Misol uchun, men tadbirkor bo‘lib, 20ta oilaga yordam qilishni rejalashtirdim. Oziq-ovqatini yetkazib berib yo moddiy yordam ko‘rsatmoqchiman. Men uchun tadbirkorlik faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan ish qo‘shilgan qiymat solig‘iga tortiladi. Men uni bozordan sotib olib, berayotganimda QQS paydo bo‘ladi. Hozirgi taklif: xayriya ishlariga yo‘naltirilgan mablag‘ QQSga tortilmasin», - deya ma'lumot berdi. 

Sultonovning aytishicha, xayriya ishlarini tashkil etishning ikkinchi huquqiy-moliyaviy masalasi - oluvchining daromaddan soliq to‘lashi. Garchi tovar yo pul ko‘rinishida yordam olayotgan bo‘lsa-da, bu daromad hisoblanadi. Shu tufayli, muhtoj oilalarning xayriyalarni qabul qilishi daromad solig‘iga tortilmasligi lozim. 

«Uchinchi masala - foyda tomonidan gapirsak, chegirilmaydigan xarajatlar. Xayriyaga sarflangan pullarni foyda hisobidan chegirib tashlash kerak, negaki ular foyda solig‘i ichida aks etadi», - deya qayd etdi vazir o‘rinbosari Dilshod Sultonov.

Moliya vazirligi rahbariyatining ta'kidlashicha, ushbu takliflar tez orada ishlab chiqiladi va davlat rahbariga taqdim etiladi. 

Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektorda davlat rahbari tomonidan «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surilib, uning doirasida tadbirkorlar imkoniyatidan kelib chiqib o‘z hududlaridagi yordamga muhtoj aholiga yordam ko‘rsatishi maqsadga muvofiqligini ta'kidlagan edi. Davlat tomonidan esa bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari, zarur resurslar bilan ta'minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar berilishi ham ma'lum qilingandi.

Suhbatning to‘lig‘ini Youtube orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Mavzuga oid
Top