Prezidentning koronavirus pandemiyasiga oid yangi qarori qabul qilindi
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati tibbiyot xodimlarining mehnatini yanada rag‘batlantirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tibbiyot xodimlarining lavozim maoshiga mehnatning sog‘liq uchun xavfliligi va og‘ir sharoitlari uchun belgilanadigan qo‘shimcha to‘lovlar miqdorini tegishincha 15 foizdan 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshirish, shuningdek mehnatga haq to‘lash razryadlari bo‘yicha tarif koeffitsiyentini 5 foizga oshirgan holda qo‘llash orqali ularni moddiy rag‘batlantirish belgilangan.
Ushbu qarorni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Qarorda nazarda tutilgan moddiy rag‘batlantirish choralari 2020 yilning 16 martidan boshlab, respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlari rasman to‘xtatiladigan oy yakuniga qadar amal qiladi.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan davrda Agentlik va uning hududiy bo‘linmalari tibbiyot xodimlari uchun oylik lavozim maoshiga nisbatan 6 foiz miqdorida kunlik qo‘shimcha to‘lov, shuningdek, qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa ustamalarni olish huquqi saqlanib qoladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasining hududiy boshqarmalari xodimlarining umumiy cheklangan soni 3 266 ta etib belgilanadi hamda buning natijasida bo‘shayotgan 913 ta shtat birligi Agentlikka o‘tkaziladi hamda Agentlikning markaziy apparatida Davlat inspeksiyasidan o‘tkazilayotgan shtat birliklari hisobidan 7 ta shtat birligidan iborat Moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etish boshqarmasi tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shaharlar Bosh davlat sanitariya vrachlariga karantin tadbirlarini amalga oshirish davrida, davlat va nodavlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot va boshqa xodimlarini jalb qilgan holda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha epidemiyaga qarshi vaqtinchalik otryadlarni tashkil etish huquqi berildi.
Shuningdek, qarorga binoan, karantin tadbirlarini amalga oshirish davrida vaqtinchalik otryadlar tarkibiga jalb etilgan:
davlat tibbiyot muassasalari xodimlarining asosiy ish joyidagi mehnatga haq to‘lash tartibi, shartlari va miqdorlari saqlanib qoladi;
nodavlat tibbiyot muassasalari xodimlarining mehnati uchun to‘lovlar, zarur hollarda, davlat tibbiyot muassasalaridagi tegishli lavozim va toifadagi xodimlar uchun belgilangan shartlar va miqdorlarda sanitariya-epidemiologiya xizmatlariga koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish uchun Jamg‘armadan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi;
davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari hamda Agentlik va Davlat inspeksiyasi, shuningdek, ularning hududiy bo‘linmalari xodimlari oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar sanitariya-epidemiologiya xizmatlariga koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish uchun Jamg‘armadan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
09:55 / 15.10.2024
Avtobus yo‘laklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
07:16 / 20.08.2024
Sanoatni boshqarishning vertikal tizimi joriy etiladi
07:40 / 17.08.2024
Kriptologiya sohasida idoralararo ekspert guruhi tashkil etiladi
07:15 / 24.07.2024