O‘zbekiston | 07:42 / 25.04.2020
13122
4 daqiqa o‘qiladi

Suv ta'minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarini sug‘orish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi

Suv ta'minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari hamda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Vazirlar Mahkamasining “Suv ta'minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari hamda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi Suv ta'minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari hamda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish uchun artezian quduqlarini qazish, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatishga davlat budjeti hisobidan subsidiya ajratish to‘g‘risida taklif bergan.

Suv ta'minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari, dehqon xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish uchun artezian quduqlarini qazish, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish uchun subsidiya:

qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritish bilan bog‘liq bo‘lgan har bir gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni foydalanishga kiritish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobaridan oshmagan holda;

aholi xonadonlarida qaziladigan artezian quduqlarini qazish bilan bog‘liq xarajatlarning har bir quduqqa bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobaridan oshmaydigan miqdorida;

kamida 50 ta aholi xonadonining tomorqa yerlarini sug‘orish uchun artezian quduqlarini qazishga 120 million so‘mdan oshmaydigan qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 fevraldagi 109-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritishda irrigatsiya va melioratsiya obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom talablari asosida amalga oshiriladi.

Bunda mazkur tartib prezidentning «Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni 3-ilovasida keltirilgan tuman (shahar)larning qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan sug‘oriladigan yerlarga hamda tuman hokimliklari zaxirasidagi yer maydonlari negizida tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi birlashmalariga ham tatbiq etiladi.

Belgilanishicha:

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda har yili 1 aprelga qadar suv ta'minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarida qaziladigan quduqlarning manzilli dasturini shakllantirib tasdiqlaydi;

loyihalar tashabbuskorlariga ajratiladigan subsidiyalar O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda tasdiqlanadigan ro‘yxatga asosan 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga prezidentning 2020 yil 19 martdagi farmoniga asosan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan, 2021 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan ajratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020 yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Suv ta'minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari hamda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish uchun artezian quduqlarini qazish, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatishga davlat budjeti hisobidan subsidiya ajratish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid