14:39 / 25.04.2020
26537

XTV: maktablarga ishga qabul qilish vaqtincha to‘xtatilgan

Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov koronavirusga qarshi kurashish shtabida bo‘lib o‘tgan navbatdagi brifingda sohaga oid savollarga javob berdi

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning aprel oyidan direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan beriladigan to‘lovlar to‘xtatildi. Lekin endilikda daftar tekshirish, sinf rahbarligi uchun ham pul to‘lanmaydi deyishdi. Shu ma'lumotga aniqlik kiritib bersangiz.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 16 apreldagi 232-son qaroriga asosan 2020 yil 16 apreldan boshlab 1 oktyabrga qadar umumta'lim muassasalarida faqat direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilib kelgan barcha to‘lovlar hisoblanishi to‘xtatiladi.

Bunda direktor jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilmaydigan, jumladan, toifalar bo‘yicha bazaviy tarif stavkalar, chet tili o‘qituvchilari uchun ustama, daftar tekshirish va informatika kabineti mudirligi (mehnat ta'tilidan tashqari bo‘lgan yozgi o‘quv ta'tili davri bundan mustasno), sinf rahbarligi uchun qo‘shimcha to‘lovlar, ixtisoslashgan maktablardagi xodimlarga belgilanadigan ustamalar, olis hududlarga borib ishlayotganligi uchun ustama va boshqa to‘lovlar saqlanadi.

Ikkita maktabda dars beraman. Birida 0,5 stavka, ikkinchisida 0,3 stavka, jami 0,8 stavka. Karantin vaqtida har ikkala maktabdan ham maosh to‘lanadimi?

Ikkita maktabda dars beradigan o‘qituvchi maktabning birida asosiy o‘qituvchi sifatida, ikkinchi maktabga o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilinadi. O‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning mehnatiga haq to‘lash soatbay asosida amalga oshiriladi.

Joriy yilning 31 martidagi Xalq ta'limi vazirining 91-sonli buyrug‘ida maktab o‘qituvchilarining ish faoliyatini masofaviy tarzda davom ettirish belgilangan.

Shuningdek, Xalq ta'limi vazirining joriy yil 13 aprelda karantin davrida davlat budjeti mablag‘laridan yanada samarali va maqsadli foydalanishni ta'minlash maqsadida qabul qilingan 105-sonli buyrug‘idan kelib chiqib, o‘qituvchilarga ichki va tashqi o‘rindoshlik asosida (joriy yil 1 aprelga qadar) biriktirilgan dars mashg‘ulotlari uchun (ta'tilda bo‘lmagan davrda) soatbay asosda ish haqi to‘lab beriladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, ikkita maktabda joriy yilning 1 apreliga qadar biriktirilgan dars soatlariga ega masofaviy tarzda dars mashg‘ulotlarni olib borayotgan o‘qituvchilarga oylik maoshlari to‘liq to‘lab beriladi.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 apreldagi 232-son qaroriga asosan 2020 yil 16 apreldan boshlab 1 oktyabrga qadar umumta'lim muassasalarida direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilib kelgan barcha to‘lovlar hisoblanishi to‘xtatilgan.

Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlar edim. 2019 yil muddatli harbiy xizmatga ketdim. Harbiy xizmatdan 2020 yil mart oyi oxirida qaytib kelib, ishga qaytish to‘g‘risida ariza yozdim. Lekin koronavirus sababli ishga olish to‘xtatilgan degan javob oldim. Shu nechog‘li to‘g‘ri?

Respublikamizdagi hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, davlat budjeti mablag‘laridan yanada samarali va maqsadli foydalanishni ta'minlash maqsadida Xalq ta'limi vazirining joriy yil 13 aprelda 105-sonli buyrug‘i qabul qilingan.

Mazkur buyruq asosida respublikada mavjud epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar ta'lim muassasalarida vaqtinchalik joriy yilning 1 aprelidan boshlab o‘qituvchilar va boshqa xodimlarning turli sabablarga ko‘ra mehnatga layoqatsizlik davrida (homiladorlik va tug‘ish ta'tili hamda boshqa holatlar) bo‘lgan hamda bola parvarishlash ta'tilidan chiqqan xodimlarning dars soatlarini xodimlar o‘rtasida qayta taqsimlanishiga va bo‘shab qolgan lavozimlar bo‘yicha shtat birliklariga ishga qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Ayni paytdagi vaziyat barqarorlashgandan so‘ng yuqorida belgilangan vaqtinchalik ko‘rsatmalar bekor qilinadi hamda ta'lim muassasalariga amaldagi mehnat qonunchiligi asosida mutaxassisligingiz bo‘yicha ulardagi bo‘sh (vakant) lavozimlarga ishga qabul qilish yuzasidan murojaat etishingiz mumkin.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top