Jamiyat | 23:12 / 27.04.2020
16996
13 daqiqa o‘qiladi

OAV pandemiyani qanday yoritmoqda? BBC va Amerika ovozi muxbirlari bilan suhbat

Kun.uz pandemiya va inqiroz masalalariga oid suhbatlarni davom ettirib, bu gal BBC muxbiri Ibrat Safo hamda Amerika ovozi muxbiri Behzod Mamadiyev bilan bog‘landik. 

Xorijda faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik jurnalistlar pandemiya masalalarini mediada yoritish, Markaziy Osiyo davlatlari OAVda kuzatilayotgan turlicha munosabat haqida fikr bildirishdi. Shuningdek, suhbatda inqirozdagi bosma matbuot, reklama bozori qisqarishi tufayli moliyaviy aziyat chekuvchi nashrlar haqida fikr almashilgan. 

Ibrat aka, mana ko‘rdik pandemiyaga nisbatan ko‘pchilik matbuot o‘zini xuddiki, muxolifatdek tutdi. Hukumatga nisbatan o‘zining noroziliklarini bildirdi. Hukumatning bu holatda yaxshi kurasha olmaganiga tanqidlarni bildirib keldi. Bu vaziyatni siz, Markaziy Osiyo misolida agar ko‘radigan bo‘lsak, qanday kuzatdingiz?

– Muxolifat demagan bo‘lardim, matbuot o‘zining har doimgi ishini qildi. Ya'ni, hukumatning amallarini so‘roqqa tutdi. Bu ayniqsa, hozir juda muhim. Chunki odamlarning hayoti savol ostida turibdi va minglab odamlar o‘lib ketyapti. Shuning uchun hukumat to‘g‘ri choralarni ko‘ryaptimi yo‘qmi, buni kundalik ravishda, har daqiqada so‘rab turish bu matbuotning ishi, vazifasi aslida. Shuning uchun buni muxolif yondashuv demagan bo‘lardim.

Markaziy Osiyoga keladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda, O‘zbekistonning ichida yoritilishi ancha faol bo‘lyapti. Tahlil ham anchagina ko‘p bo‘lyapti. Mana masalan, o‘zingizda, Kun.uzʼda ancha tahliliy maqolalar, suhbatlar bo‘lyapti. Savol ostiga ham olinyapti. Shaxsan o‘zim yomon emas, deb baholagan bo‘lardim. Bu yerda bir narsani nazarda tutish kerak, jurnalistlar hozir sal qo‘li bog‘lanib qolgan, pandemiya davrida uyda o‘tirish kerak va avvalgiday bemalol yurib, xohlagan idorasiga borib biror narsani surishtirish yoki aytaylik pandemiya holatida karantin joylari yoki kasalxonalarga ruxsatsiz borolmaysiz, bular hammasi rasmiy kanallar orqali qilinishi kerak. Shuning uchun jurnalistlarning qo‘li ham biroz bog‘liq. Shuni hisobga olsangiz ancha faol ishlashyapti degan bo‘lardim.

– Marhamat, Behzod aka.

– Koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni biz bevosita O‘zbekistondan turib kuzatish imkoniyatiga ega emasmiz. Chunki xorijdamiz. Shu sababdan bildiradigan fikrlarimiz chetdan turib kuzatgan jurnalist yoki oddiy kuzatuvchi sifatida bo‘ladi.

Amerika ovozi muxbiri Behzod Mamadiyev

Umuman olganda, O‘zbekistonda raqamlar nisbatan kam. Bu yaxshi narsa, masalan qo‘shni Qozog‘istonda aholisi O‘zbekistondan ikki baravar kam bo‘lgan bilan virusga chalinganlar soni adashmasam O‘zbekistonliklardan ko‘ra ikki baravar ko‘proq. Yoki Rossiyada, boshqa davlatlarda... Bu albatta o‘z vaqtida keskin choralar ko‘rilgani bilan bog‘lanyapti. Masalan, Toshkentda ilk holat aniqlanishi bilan karantin e'lon qilindi. Boshqa shaharlarda ham, haligacha bu davom etyapti. Buni men shaxsan olqishlayman. Ya'ni o‘z vaqtida choralar ko‘rilgani to‘g‘ri bo‘ldi. Jurnalistlarga kelsak, qanchalik yorityapti u mavzuni? Avvalo hukumat berayotgan rasmiy ma'lumotlardan boshqa jurnalistlarda ma'lumot yo‘q. Ular mustaqil qanchalik izlanyapti, mutaxassislar bilan brifinglarda ma'lumot olishyapti? 

Masalan Amerika bilan solishtiradigan bo‘lsak, Amerikada uyda o‘tirish buyurilgan barcha shtatlarda, muhim bo‘lgan bizneslar, faoliyat turlaridan boshqa barcha sohalar faoliyatdan to‘xtagan. Muhim faoliyat turlari bular oziq-ovqat do‘konlari, aptekalar, tibbiy korxonalar... va jurnalistlar ham muhim bo‘lgan ishchi toifasiga kirgan. Ya'ni, jurnalistlarga uyingda o‘tirasan, ishlamaysan, ko‘cha yopiq deya olmaydi. Jurnalistlar ham mana shu muhim bo‘lgan ishlar toifasiga kiritildi. Demak, ular oldingidek tartibda ishlayapti, akkreditatsiyadan o‘tish tartiblari bor albatta. Shular asosida intervyular qilishyapti.

Yana bir muhim narsa Amerikada, ko‘plab G‘arb davlatlarida har kuni markaziy hukumat va virus eng ko‘p tarqalgan regionlar muntazam mediabrifinglar berib boryapti. Masalan, AQShda har kuni, deyarli har kuni shaxsan prezident Donald Tramp va uning ishchi guruhi jonli tarzda ma'lumot beradi. Qancha yangi virus chiqdi, qanaqa qarshi choralar ko‘rilyapti yoki ayni paytda iqtisodiyotni qayta yo‘lga qo‘yish uchun nimalar qilish kerak? Nafaqat markaziy hukumat, balki Nyu-York, Nyu Jyersi kabi boshqa shtatlardayam gubernatorlar har kuni xalq oldiga chiqib batafsil ma'lumotlar beryapti.

O‘zbekistonda ham albatta brifinglar bo‘lyapti. O‘sha tegishli idoralar o‘zini yo‘nalishida ma'lumotlar beryapti. Lekin mana shu narsa ko‘proq bo‘lsa, jurnalistlar ko‘proq ishtirok etishiga imkoniyat berilsa menimcha, ular o‘zlarini qiziqtirgan, ya'ni berilgan ma'lumotlardan tashqari o‘zlari xohlagan, aholiga qiziqarli bo‘lgan qo‘shimcha savollar orqali ko‘proq ma'lumot olish imkoniga ega bo‘lardi deb o‘ylayman.

Ibrat Safo:

–  Alisher, masalaning yana bitta jihati bor deb o‘ylayman. Masalan pandemiya holatida o‘zi aholi qanday yashayapti yoki yordamga muhtoj odamlar qanday yashayapti yoki ba'zi tumanlar, qishloqlar karantinda butunlay yopilib qoldi, o‘sha yerda, karantin ichida hayot qanday? Yoki shu kurash bilan bevosita shug‘ullanayotgan shifokorlarning shaxsiy hayoti qanday? Mana shularni bilish uchun rasmiy kanallarni aylanib o‘tish kerak bo‘ladi va bunda jurnalistning izlanuvchanligi va ayni damda o‘sha odamlarda gapirishga qo‘rquv bo‘lmasligiyam muhim-da. 

Biz shunga duch keldik, masalan karantin ostidagi odamlardan intervyu olamiz deganimizda ularda qattiq qo‘rquv borligi, bilmadim, balki hozir shunday kayfiyat hukm surayotgandir. Mutasaddi shaxslar ham rasmiy liniyadan chiqqisi kelmaydi. Hozir qo‘rquv bor-da, mana shu narsadan qanchalik aylanib o‘ta olsangiz va odamlarni gapirishga ko‘ndira olsangiz va asl vaziyatni ko‘rsatib berishga harakat qilsangiz... rasmiy kanalni aylanib o‘tish kerak demoqchiman-da.

BBC muxbiri Ibrat Safo

–  Epidemiyani pandemiyaga aylanib bo‘lgunga qadar, mintaqamizda tushunarsiz holat yuz berdi. Ya'ni mintaqadagi beshta sobiq sovet davlatlari ichida epidemiya davrida koronavirus aniqlanganligi rasman tasdiqlanmadi. Biroz muddat bu narsada to‘xtalish bo‘ldi. Bu ko‘proq G‘arbiy Yevropa va Amerikada aniqlanganda, Xitoyda va Janubiy Koreyada tasdiqlangandan so‘ng, sekin asta Qozog‘istonda, Qirg‘izistonda va O‘zbekistonda tasdiqlandi. Shu paytga qadar Turkmaniston va Tojikistonda bu holat aniqlanmadi rasman.

Behzod Mamadiyev:

–  Tojikiston, Turkmaniston misolida oladigan bo‘lsak u yerda haqiqatan ham hukumat ma'lumotlarni yashirayotgan bo‘lishi mumkin, degan shubha ko‘proq. Chunki bu mamlakatlar har doim yopiq rejim bo‘lgan. Ularda ma'lumotlar, statistikaning doim to‘g‘ri bo‘lib chiqishiga hech kim ishonmaydi. Shu nuqtai nazardan ularda virus chiqmadi, deb biz ma'lumot bergan taqdirimizda ham “rasmiy ma'lumot yo‘q” deb eslatib ketishimiz kerak. Chunki aslida qanday buni hech kim bilmaydi — balki bordir, balki yo‘q.

O‘zbekistonda ancha kech aniqlandi bu narsa. Bu bo‘lishi mumkin, yashirilganmi yo‘qmi, men shaxsan bilmayman. Ayni paytda kundalik raqamlar muntazam berib borilayotganiga qarasak, demak hukumat ma'lumotni yashiryapti, deyishimizga jiddiy asos ko‘rmayapman. Lekin nafaqat O‘zbekistonda, rivojlangan, ancha demokratik jamiyatlarda ham koronavirus davrida so‘z erkinligini bo‘g‘ish holatlari yuz beryapti. Bu narsa yaqinda Chegara bilmas muxbirlarning yillik hisobotida ham xavotir bilan tilga olindi. Hatta Yevropada, Vengriyada, ko‘p davlatlarda aynan koronavirus epidemiyasi davrida mish-mishlarni tarqatmaslik, vahima, ishonchsiz ma'lumotlarni tarqatganlarni jazolash bo‘yicha maxsus qonunlar qabul qilindi hatto. Shu yo‘lda jurnalistlar, so‘z erkinligi bo‘g‘ilyapti, deb xavotir bildirilyapti.

O‘zbekistonda ham esingizda bo‘lsa virus yangi chiqqan paytda yoqilg‘i quyish shoxobchalarida, do‘konlarda navbat ko‘payib ketdi. Odamlar turnaqator bo‘lib ketdi, buni videoga olib, rasmga olib tarqatganlarga go‘yoki qaysidir idoralardan ogohlantirishlar kela boshladi. “Siz vahima tarqatyapsiz, bu ma'lum bir ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin” degan qo‘rqitishlar yuzaga kela boshladi. O‘zimiz ko‘rdik, o‘zbekistonliklar bu haqda xabar berishdi. Bu albatta favqulodda holatda,odatdagi paytda so‘z erkinligini yoki konstitutsiyaviy huquqlarni buzishga ruxsat beriladi. 

Bu masalan hozir Amerikadayam favqulodda holat e'lon qilingan. Nazariy jihatdan Donald Tramp so‘z erkinligini bo‘g‘ish huquqiga ega. O‘zbekistonda favqulodda holat e'lon qilindimi? Shaxsan mening xabarim yo‘q. Ya'ni inson huquqi cheklanadigan qarorlar chiqariladigan bo‘lsa, bunga asos bo‘lishi kerak. Avvalo favqulodda holat e'lon qilinishi kerak. Odatdagi jamiyatlarda shunday bo‘ladi. Balki O‘Zbekistonda ham bordir, mening xabarim yo‘q. Shu nuqtai nazardan so‘z erkinligi bo‘g‘ilish holatlari yuz berishi mumkin va yuz beryapti.

Ibrat Safo:

–  Endi Tojikiston va Turkmanistonda haqiqatan g‘alati vaziyat. Buni nafaqat jurnalistlar balki oddiy odamlar ham tushunib yetsa kerak. Qaysiki “chto to ne tak” ekanini. Balki yashirish bo‘layotgandir. Bu BBSning shubhasi emas, shaxsan o‘zim shunday deb o‘ylayman. Negaki, Tojikistonni oladigan bo‘lsak afsuski bu juda ayanchli hol – pnevmoniya holatlari ko‘paygani borasida xabarlar chiqyapti va ko‘plab odamlar pnevmoniya kasali bilan shifoxonaga tushayotgani yo vafot etayotgani aytilayapti. Va pnevmoniya kasalligini ular qayd etib boryapti. Pnevmoniya tashxislari oshib borayotganiga qaramasdan haliyam koronavirus tashxisi qo‘yilmayapti-da... Judayam g‘alati hol.

Bu yerda JSST borishi kerak edi Tojikiston va Turkmanistonga hozircha bilmadim bordimi yo‘qmi, shu hafta borishi kerak edi. Balki ularni shu tashxisni qo‘yishga ishontirmoqchi bo‘lganmi bu delegatsiya hali xulosa chiqsa ko‘ramiz. Agar yashirilayotgan bo‘lsa albatta hukumatning qandaydir bosimi o‘zining siyosiy qarashlaridan kelib chiqib balki aytaylik Tojikistonda saylovlar kutilyapti, shunga bog‘liqligi bo‘lishi mumkin, Turkmanistonda bilmadim, to‘g‘risini aytsam biror narsani mantiq bilan izohlash qiyin.

Shuning uchun har kimning o‘ziga yarasha sababi bo‘lishi mumkin. Lekin afsuski oxir oqibat baribir xalq jabr ko‘radi. Agar bu narsa ochiqchasiga, ma'lumotlar shaffoflik bilan tarqatilmasa baribir xalq bilmasdan ham yanada ko‘proq xavfga qolib, qurbon bo‘lib, ko‘proq odamlar o‘lishi mumkin. Shuning uchun albatta, bu yerda shaffoflik va erkinlik judayam-judayam muhim. 

Suhbat davomida xorijda faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik jurnalistlar bosma matbuot va mustaqil nashrlar pandemiyadan so‘ng duch keladigan masalalar yuzasidan fikrini bildirishdi. 

Suhbatni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin. 

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Mavzuga oid