Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BBC Trampdan uzr so‘radi, ammo kompensatsiya to‘lashni rad etdi
BBC Britaniya ommaviy axborot korporatsiyasi Tramp nutqining parchalari mojaro keltirib chiqargan hujjatli filmda qay tarzda montaj qilinganidan afsusdaligini, biroq «tuhmat bo‘yicha da’vo arizasi uchun asoslar mavjud emasligiga qat’iy ishonch» bildirdi.
BBC Britaniya mediakorporatsiyasi Panorama dasturida Tramp nutqi tahrir qilingan hujjatli film ortidan kelib chiqqan mojaro uchun AQSh prezidenti Donald Trampdan uzr so‘radi, ammo Tramp talab qilgan kompensatsiyani to‘lashni rad etdi. «BBC videorolik qanday montaj qilinganidan chin dildan afsusda, biroq tuhmat bo‘yicha da’vo arizasi uchun asoslar yo‘qligiga qat’iy ishonadi», — deya ma’lum qildi korporatsiya 13 noyabr kungi bayonotda.
BBC Kengashi raisi Samir Shax Oq uyga yo‘llagan shaxsiy xatida, o‘zi va korporatsiya Trampning Kapitoliyga hujum kuni aytgan nutqi qanday tarzda montaj qilinganidan afsusda ekanini aniq bayon etgani qayd etiladi. Mojaroli dastur qayta efirga uzatilmaydi va BBC platformalarida joylashtirilmaydi.
«Tramp: ikkinchi shans?» nomli hujjatli film BBC efiriga 2024 yildagi AQSh prezidentlik saylovlari arafasida chiqqan bo‘lib, unda 2021 yil 6 yanvar kuni aytilgan Tramp nutqining uch qismi birlashtirib montaj qilingan. Bunday montaj 2020 yilgi prezidentlik saylovlari natijalarini tasdiqlash kuni Tramp tarafdorlari Kapitoliyga hujum qilgan paytda u zo‘ravonlikka chaqirgan, degan taassurot uyg‘otgan.
Oq uy BBC’ni «feyk yangiliklar» tarqatishda aybladi, Trampning advokatlari esa korporatsiya filmda aytilganlarni rad etmasa, uzr so‘ramasa va kompensatsiya to‘lamasa, BBC’ga nisbatan 1 mlrd dollar miqdorida da’vo qo‘zg‘atish bilan tahdid qildi. Mojaro fonida BBC bosh direktori Tim Deyvi va BBC News yangiliklar bo‘limi rahbari Debora Terness iste’fo berdi.
«Barcha davlat tashkilotlari kabi BBC ham mukammal emas, biz doim ochiq, shaffof va hisobdor bo‘lishimiz kerak. Garchi bu yagona sabab bo‘lmasa-da, BBC News atrofidagi hozirgi bahslar, tabiiyki, mening qarorimga ta’sir qildi», — deb yozadi Deyvi kompaniya saytida e’lon qilingan maktubida. U «ayrim xatolar»ga yo‘l qo‘yilganini tan oldi va yakuniy mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.
Debora Terness esa alohida bayonotida sodir bo‘lgan voqealar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u BBC News tarafini olgan holda ish tutgani to‘g‘risidagi ayblovlarni rad etdi.
Mavzuga oid
23:07 / 17.06.2026
Tramp yakuniy kelishuv uchun Eronga 60 kun muhlat berdi
22:32 / 17.06.2026
Tramp Rossiya va Xitoyni «butun dunyoni portlatib yubormaslik» uchun yadroviy kelishuvga chaqirdi
13:33 / 17.06.2026
«Mensiz Isroil bo‘lmasdi» – Tramp Isroilning Livandagi harbiy taktikasini tanqid qildi
22:24 / 16.06.2026