O‘zbekiston | 21:03 / 28.04.2020
10487
2 daqiqa o‘qiladi

110 mingdan ortiq xonadonga tabiiy gaz ta'minoti qayta tiklandi

28 aprelga o‘tar kechasi O‘zbekistonning g‘arbiy hududida ro‘y kuzatilgan kuchli shamol va yomg‘ir tufayli 120ta gaz quvurlari va gaz ta'minoti tizimining boshqa obektlariga talafot yetkazilgan, natijada 138 mingdan ortiq xonadon vaqtincha gaz ta'minotidan uzilgandi. «Hududgazta'minot» AJ matbuot xizmati xabar berishicha, ayni vaqtda 110 mingdan ortiq xonadonga tabiiy gaz ta'minoti qayta tiklangan.

«Oqibatlarni bartaraf etish uchun «Hududgazta'minot» AJning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan 63ta avariya-tiklash brigadalari tuzildi. Kun davomida olib borilgan ta'mirlash ishlari natijasida Samarqand va Navoiy viloyatlari, Buxoro shahri hamda Buxoro viloyatining ayrim tumanlaridagi iste'molchilarga gaz ta'minoti to‘liq tiklandi.

Xususan, favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi Shirin gaz taqsimlash stansiyasidan gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatildi. Gaz taqsimlash stansiyasidan gaz yetkazib berish ishlari qisqa vaqt ichida tiklandi, bu esa tuman ahliga avvalgi rejimda gaz yetkazib berish tiklanishiga imkon berdi.

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Ishtixon, Narpay tumanlaridagi 141 uyga gaz yetkazib berish qayta tiklandi. Daraxtlar va shoxlar qulashi oqibatida past bosimli gaz quvuridagi nosozliklarni tiklash uchun 4ta avariya-tiklash guruhi joylarga chiqarildi. Kunning birinchi yarmida «Hududgaz Samarqand» MChJ mutaxassislari to‘rtta tumandagi gaz ta'minotini tiklash ishlarini yakunladilar.

«Hududgaz Navoiy» MChJ tomonidan Navoiy viloyatining Navoiy, Konimex, Navbahor, Qiziltepa va Karmana tumanlarida past va o‘rta bosimli gaz quvurlarining shikastlanishlarini ta'mirlash uchun 15ta avariya-tiklash guruhlari tuzildi. 28 aprelning shu vaqtiga qadar 21 mingdan ortiq xonadon yana gaz ta'minoti tizimiga ulandi.

Buxoro viloyatining Buxoro, Kogon, Romitan, Peshku, G‘ijduvon, Shofirkon, Qorovulbozor va Vobkent tumanlarida ta'mirlash-tiklash ishlari yakunlandi. «Hududgaz Buxoro» MChJ tomonidan tuzilgan 44ta avariya-tiklash guruhlari keltirilgan talafotlarni bartaraf etib, viloyatning shahar va tumanlaridagi 90 mingdan ortiq xonadonga gaz ta'minotini qayta tikladilar. Buxoro viloyatining Olot, Jondor va Qorako‘l tumanlarida ta'mirlash-tiklash ishlari yaqin vaqtlarda yakunlanadi», deyiladi «Hududgazta'minot» AJ matbuot xizmati xabarida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid