O‘zbekiston | 12:10 / 30.04.2020
4066
3 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar yangi tahrirdagi «Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yangi tahrirdagi “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi.  

Foto: Shutterstock

Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, endilikda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning energiya  samaradorligi ko‘rsatgichlariga  muvofiqligini majburiy sertifikatlash me'yorlarining o‘rnatilishi qonunda belgilangan  majburiy talablardan biridir.

Qonunda Energetika vazirligi energiyadan oqilona foydalanish sohasida maxsus vakolatli davlat organi hisoblanishi belgilangan. Vazirlik iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obektlarida energiyadan oqilona foydalanish bo‘yicha yagona davlat siyosatini yuritadi.

Shunga ko‘ra, Energetika vazirligi ishlab chiqarish jarayonlariga energiya samarador va energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqadi va tegishli monitoringni amalga oshiradi.

Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obektlariga energiya jihatdan samarador va energiya tejamkorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkillashtirish, investitsiya loyihalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish ham vazirlik zimmasiga yuklatildi.

Vazirlik tomonidan tovarlar (ishlar, xizmatlar), binolar, inshootlar, jumladan ko‘p qavatli uylarning energiya samaradorligi va energiya tejamkorligi darajasini o‘rnatish talablari belgilanadi.

Shuningdek, energiya samaradorligi past mahsulotni mamlakatda ishlab chiqarish yoki O‘zbekistonga import qilishni cheklash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish ham vazirlik zimmasiga yuklangan.

Energiya iste'molchilarini majburiy ravishda tekshirish va tegishli tavsiyalarning bajarilishi ustidan monitoring olib boriladi. Yangi tahrirdagi qonunda vazirlikning energiyadan oqilona foydalanish sohasida maxsus vakolatli davlat organi sifatidagi boshqa vazifalari ham belgilangan.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunda Vazirlar Mahkamasi, ushbu sohadagi davlat nazorati organlari va joylardagi davlat hokimiyati organlarining energiyadan oqilona foydalanish bo‘yicha vakolatlari ham belgilangan.

Energiyadan oqilona foydalanish sohasida yagona davlat siyosatini yuritishda majburiy hisoblangan energiyadan oqilona foydalanish bo‘yicha davlat, tarmoq va hududiy dasturlar va loyihalarning ustuvorligi qonun bilan belgilangan.

Ular qisqa muddatda (bir yildan ikki yilgacha), o‘rta muddatda (ikki yildan besh yilgacha) va uzoq muddatda (besh yildan va undan uzoqroq bo‘lgan davrda) ishlab chiqiladi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Yangi tahrirdagi “Energiyadan oqilona foydalanish   to‘g‘risida”gi qonun  energiya samaradorligi bo‘yicha talablarga  rioya qilish bo‘yicha davlat  nazoratini amalga oshiradi va energiya jihatdan besamar bo‘lgan mahsulotni  ishlab chiqarish va import qilishni  cheklash, davlat organlari va tashkilotlarning  energiya manbalarini tejashga qaratilgan.

Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan yangi tahrirdagi “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi qonun Oliy Majlis Senati tomonidan ma'qullanishi kerak, hujjat prezident tomonidan imzolanganidan so‘ng kuchga kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid