Texnologiya | 21:33 / 25.04.2026
790
3 daqiqa o‘qiladi

Smartfonda energiya tejash rejimini qachon yoqish kerak?

Energiya tejash rejimi - bu faqat past quvvatda «qutqaruv halqasi» emas, balki avtonomlikni uzaytirish uchun to‘laqonli vositadir.

Ko‘pchilik foydalanuvchilar telefondagi quvvat tejash rejimini favqulodda chora sifatida qabul qiladi - odatda u quvvat 10-20 foizdan pastga tushganda yoqiladi, ammo mutaxassislar bu yondashuvni qayta ko‘rib chiqishni va funksiyadan tez-tez foydalanishni maslahat beradi.

Zamonaviy smartfonlar fondagi jarayonlar, ekranning yuqori yorqinligi va ma’lumotlarning uzluksiz sinxronlanishi tufayli batareya quvvatini faol sarflaydi. Bunday sharoitlarda energiya tejash rejimi qurilmaning quvvatlashsiz ishlash muddatini sezilarli darajada uzaytirishi mumkin, deb yozdi BGR.

Tejamkor rejim yoqilganda, telefon avtomatik ravishda tizim yuklamasini kamaytiradi. Xususan, ilovalarning fondagi faoliyati cheklanadi, ekran yorqinligi va yangilanish tezligi pasayadi, protsessor unumdorligi esa taxminan 30-40 foizga pasayishi mumkin.

Android qurilmalari va iPhone’larda bu funksiya Battery Saver yoki Power Saving Mode deb nomlanishi mumkin, biroq ishlash tartibi hamma joyda bir xil - ikkinchi darajali jarayonlarni cheklash orqali energiya sarfini kamaytirish.

Quvvat tejash rejimidan muntazam foydalanish mumkinmi?

Mutaxassislarning asosiy xulosasi shuki, energiya tejash rejimi qurilma uchun xavfsiz va batareyaga zarar yetkazmaydi, shuning uchun uni muntazam ravishda ishlatish mumkin.

Bundan tashqari, u faqat juda past «zaryad»da foydali emas. Masalan, agar telefonni uzoq vaqt davomida quvvatlash moslamasiga ulay olmasligingizni bilsangiz - sayohatda, sayr paytida yoki ish kuni davomida - uni oldindan yoqish maqsadga muvofiqdir.

Afzalliklariga qaramay, tejamkor rejimning cheklovlari ham bor. Samaradorlikning pasayishi tufayli smartfon sekinroq ishlashi va ba’zi funksiyalar - masalan, fondagi bildirishnomalar yoki sinxronlash - kechikishi mumkin.

Shuning uchun undan doimiy foydalanish har doim ham qulay emas, ayniqsa o‘yin o‘ynayotgan, video ko‘rayotgan yoki «og‘ir» ilovalar bilan ishlayotgan bo‘lsangiz.

Energiya tejash rejimi 10-20 foiz quvvatda nafaqat «qutqaruv halqasi», balki avtonomlikni uzaytirish uchun to‘laqonli vositadir. Uni vaziyatga qarab yoqish kerak: qurilmaning uzoq vaqt ishlashi maksimal unumdorlikdan ko‘ra muhimroq bo‘lganda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid