Jahon | 00:39 / 01.05.2020
45895
8 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Yangi holatlarsiz Janubiy Koreya va ayanchli reytingda uchinchi o‘ringa chiqqan Britaniya

Janubiy Koreyada koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon ilk marta yangi zararlanish holati qayd etilmadi, AQShda prezident Donald Tramp karantinni uzaytirishga qarshi bo‘lmoqda, turizm sanoati milliardlab zararga kirdi.

So‘nggi kunda Janubiy Koreyada epidemiya boshlanganidan buyon ilk marta virusdan zararlanish bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmadi. Mamlakatda ancha vaqtdan buyon ijobiy dinamika kuzatilmoqda va mamlakat hukumati o‘tgan haftada karantin choralarini yumshatishni boshlagandi. Ijtimoiy masofa saqlash tartibi ham qisman yumshatilgan.

Janubiy Koreyada bayram / GETTY IMAGES

Payshanba kuni Janubiy Koreyada nilufar chiroqlar festivali o‘tkazildi va Seul parklarida yuzlab odamlar to‘plandi.

BBC’ning Seuldagi muxbiri Lora Bikerning xabar berishicha, Janubiy Koreyada kasallik aniqlanmagani - epidemiyaga qarshi kurashdagi muhim bosqichdir.

Fevral oyida bu mamlakat kasallik tarqalishining asosiy o‘choqlaridan biriga aylangandi. «Men virus keng tarqalgan Tegu shahrida holdan toygan shifokorlar va hamshiralarni ko‘rgandim. Ular menga virus tarqalishi tempini pasaytirish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishayotganini bildirishgandi, bu vaqtda shifoxonalar atrofida bemorlarni olib kelgan ko‘plab tez tibbiy yordam mashinalari navbat kutib to‘plangandi», deydi muxbir.

Ayni vaqtda esa Janubiy Koreya aholisi bahor quyoshidan bahra olmoqda. Xiyobonlar piknik uchun chiqqan odamlar bilan to‘lgan, aeroportlarda ham janubdagi Cheju oroliga ta'tilni o‘tkazish uchun yo‘l olgan ko‘plab turistlar oqimi kuzatilmoqda.

Atmosfera tozalandi
Bu vaqtda Xalqaro energetika agentligi (IEA) energiyaga talab kamayishi munosabati bilan atmosfera qatlamiga karbonat angidrid gazi chiqarilishi hajmi bu yilda 8 foizga kamayishi mumkinligini ma'lum qildi - tarixda bunaqasi kuzatilmagandi.

Butun dunyodagi yo‘llarda mashinalar soni keskin kamaydi EPA

Shu bilan birgalikda, agentlik prognozlariga ko‘ra, 2020 yil yakunida jahonda energiyaga bo‘lgan talab 6 foizga pastlaydi - bu taxminan jahondagi eng yirik energetika iste'molchisi bo‘lmish Hindistonning yillik iste'moliga teng. Ko‘mirga talab bundan ham ko‘proq pasayishi kutilmoqda, faqat qayta tiklanadigan energiya manbalariga talab ortishi mumkin.

Butun dunyodagi yirik shaharlarda nafas olish osonlashdi, karantin choralari tufayli bu shaharlarda transport harakati cheklangani bunga sabab bo‘ldi. Yo‘llarda mashinalar o‘rnini velosipedlar egallagan - bu esa turli davlatlar hukumatlariga yordam bermoqda.

Fransiya hukumati velosiped infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 mln yevro ajratdi: bu mablag‘lar veloyo‘laklar qurilishi uchun sarflanadi, mamlakat aholisi velosipedlarini tuzatish uchun 50 yevrolik vaucherlar olishi mumkin. Belgiya poytaxti Bryusselda jami 40 kilometr uzunlikdagi yangi velosiped yo‘llari quriladi.

Tramp karantinni uzaytirmoqchi emas
AQSh prezidenti Donald Tramp 1 mayga qadar joriy etilgan ijtimoiy masofa saqlash bo‘yicha tavsiyalar muddatini uzaytirmoqchi emasligini bildirdi.  Mart oyi oxirida 15 kun muddatga joriy etilgan, ammo keyinroq 30 kunga uzaytirilgan tartibga ko‘ra, amerikaliklarga imkon qadar uydan turib ishlash tavsiya qilingan va odamlardan ko‘pchilik bo‘lib to‘planishdan tiyilish so‘ralgandi. Bundan tashqari, surunkali kasalliklari bor fuqarolardan o‘z o‘zini ihotalash so‘ralgandi.

Foto: Reuters

Mamlakatda kunlik zararlanish holatlari soni va o‘lim holatlari soni kamaymayapti - so‘nggi bir kunda yana 14 mingdan ortiq kishida kasallik aniqlandi va 874 kishi vafot etdi. AQShda ayni vaqtda zararlanish holatlari soni 1,1 millionga yaqinlashmoqda, koronavirus qurbonlari soni 62 mingdan oshdi. Ammo prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu bosqichda iqtisodiyotni avvalgi holatiga qaytarish muhimdir.

Trampning o‘zi keyingi haftada mamlakat bo‘ylab harakatlanishni boshlamoqchi: Oq uydagi bir oylik «dam olish»dan so‘ng prezident Arizona shtatiga bormoqchi.

Covid-19 epidemiyasi tufayli Amerika iqtisodiyoti so‘nggi o‘n yilliklardagi eng og‘ir davrni boshdan kechirmoqda. Mamlakatda ishsizlar armiyasi soni 30 million kishidan oshgan, AQSh YaIM yil boshidan buyon 4,8 foizga pasaygan va iqtisodiyotchilar bu hali tub emasligini aytishmoqda.

G‘amgin reyting
Britaniyadagi rasmiy statistikaga shifoxonalardan tashqaridagi Covid-19’dan vafot etganlarni ham kiritishga qaror qilindi va endi Buyuk Britaniya qurbonlar soni bo‘yicha jahon reytingida Ispaniyani quvib o‘tib, uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Bungacha o‘z uyida, keksalar uylarida yoki boshqa muassasalarda vafot etganlar asosiy statistikada qayd etilmayotgandi. Endi Buyuk Britaniyadagi jami qurbonlar soni 26 166 nafarga yetdi.

Eng ko‘p qurbon bergan davlatlar o‘nligi quyidagicha:

AQSh (62,5 mingdan ortiq o‘lim)
Italiya (27 967)
Buyuk Britaniya (26 771)
Ispaniya (24 543)
Fransiya (24 121)
Belgiya (7 594)
Germaniya (6 518)
Eron (6 028)
Niderlandiya (4 795)
Xitoy (4 637)

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson payshanba kuni shifoxonadan chiqqanidan buyon ilk marta koronavirus mavzusida brifing o‘tkazdi. Jonson mart oyi oxirida koronavirus belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgan va reanimatsiya bo‘limida uch tun o‘tkazgandi. U shu haftada ishga qaytdi, ammo hozircha matbuot anjumanida ishtirok etmagandi.

BBC nashrining siyosiy tahlilchisi Lora Kunsbergning so‘zlariga ko‘ra, Jonson virus reproduksiyasi indeksi haqida gapirmoqchi. Aynan shu ko‘rsatkichga qarab hukumat karantinni uzaytirish, yumshatish yoki yanada kuchaytirish haqida qarorlar qabul qilishi mumkin.

Germaniyada nimalar bo‘lmoqda?
Germaniya turindustriyasi vakillari hukumatdan yordam talab qilmoqda, mamlakatda xalqaro turizmga taqiq 14 iyunga qadar uzaytirilgan.

Bundan tashqari, hozircha mamlakat ichkarisida harakatlanish ham cheklangan. Hukumat nemislar bu yil ta'tilni odatdagi kabi o‘tkaza olmasligi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Germaniya turoperatorlar assotsiatsiyasi yil boshidan buyon sohadagi yo‘qotishlar 4,8 mlrd yevroni tashkil qilishni bildirgan. Umuman olganda, prognozlarga ko‘ra, Germaniya iqtisodiyoti bu yilda rekord darajada 6,3 foizga qisqarishi mumkin.

Germaniyada o‘tgan hafta boshida karantin choralarini yumshatish boshlangandi. Ushbu mamlakat Covid-19’dan zararlanish holatlariga nisbatan o‘lim holatlari soni kamligi bo‘yicha G‘arbiy Yevropada eng ijobiy ko‘rsatkich qayd etmoqda. Germaniyada pandemiya boshlanganidan buyon 162 123 kishida virus aniqlangan va 6228 kishi vafot etgan.

Ammo bu davlatda R0 ko‘rsatkichlari ham kamayganmi?

  • R0 — virusni yuqtirib olgan va bu haqida hali o‘zi bexabar bo‘lgan bir nafar kasallik tashuvchi odamning o‘zida infeksiya borligini bilguniga qadar muddatda o‘rtacha necha nafar kishiga virus yuqtirishi sonidir.

Germaniya sog‘liqni saqlash xizmati boshqa ko‘p davlatlar qatori bu ko‘rsatkich 1dan kam bo‘lishiga intilmoqda. Ya'ni - virusdan zararlangan bir kishi virus yuqtiradiganlar soni 1dan kam bo‘lishini ta'minlashga. Bunday vaziyatda virus tarqalishi o‘zi to‘xtatishini kutish mumkin.

Mart oyi boshida Germaniyada R0 ko‘rsatkichi 3ga teng edi, aprel oyi o‘rtalarida 1dan pastga tushdi. Shu hafta boshida esa raqamlar yana ko‘tarila boshladi, keyin yana tushdi, hozirda bu ko‘rsatkich 0.76 holatiga kelgan. Bu haftada Germaniyada kunlik zararlanish holatlari soni 1000 bilan 1500 o‘rtasida bo‘ldi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid