O‘zbekiston | 20:01 / 04.05.2020
37944
3 daqiqa o‘qiladi

«Agar qoidalarga amal qilmasak, karantin yanada jiddiylashishi mumkin» - Turdimov samarqandliklarga murojaat qildi

Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov viloyat ahliga murojaat qildi. U so‘nggi kunlarda odamlar karantin qoidalarini unutib qo‘yganiga e'tibor qaratgan, qoidalar yumshatilishi karantinga zid harakat qilish mumkin degani emasligini ta'kidlagan.

«Hurmatli, samarqandliklar! Hozirda karantinni yumshatish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Ammo kecha va oldingi kun bo‘yicha aytadigan bo‘lsak, odamlar karantin qoidalarini unutib qo‘ydi. Unutib qo‘ydi! Karantin qoidalarining yumshatilishi karantinga zid harakat qilish mumkin degani emas. Dushanba kuni holatida koronavirusga chalinganlar soni 115 nafarga yetdi (Samarqand viloyatida deyilmoqda).

Bu esa oldimizda katta xavf turibdi degani. Kasallik ko‘paymoqda. Qayerlarda? Toyloq tumani, Samarqand shahri, Loyish shaharchasi va unga tutash hududlarda, Chelak shaharchasi va unga tutash hududlarda vaziyat yaxshi emas. Shu sababli, bu hududlarda karantin qoidalariga jiddiy rioya qilinishi kerak.

Birinchi iltimosim shuki, karantin qoidalariga rioya qiling, oraliq masofani saqlang. Ruxsat beribdi deb moshinaning ichiga 5-6 nafarlab odamni mindirib kira qilib yurishibdi. Mumkin emas axir, ertaga sharmanda bo‘lasiz. Mashinaga ikki kishidan ko‘p odam bo‘lmasligi kerak.

Ko‘pchilikda niqob ham esdan chiqa boshladi. Hurmatli, samarqandliklar! Karantin qoidalariga jiddiy rioya qilishimiz kerak. Davlatimiz karantinni yumshatish haqida bosh qotirmoqda. Agar biz karantinga amal qilmasak, choralar yana jiddiylashishi mumkin. Bunga sababchi bo‘lib qolmaylik. O‘zimizni, ota-onalarimiz va farzandlarimizni o‘zimiz asrashimiz kerak», deya Turdimovning so‘zlarini keltirmoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Kun.uz muxbirining aytishicha, 4 may kuni ertalabdan Toyloq tumanida nazorat yanada kuchaygan. Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari tumandagi qishloqlarni muntazam ravishda mashinalarda aylanib, odamlarni karantin qoidalariga amal qilishga chaqirmoqda.

26 apreldan buyon kirish va chiqish cheklangan Toyloq tumani Samarqandda virus o‘chog‘iga aylangani haqida turli mish-mishlar paydo bo‘lgan, ammo bu borada rasmiy ma'lumot berilmayotgandi. Viloyat hokimi ilk marta bu tumandagi vaziyat og‘irligi haqida gapirdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid