«Biz kalkulyatorni qo‘lga olib, har bir sohada monopoliyadan ko‘rilayotgan zararni hisoblab chiqsak, tezda to‘g‘ri qarorlar qabul qila boshlaymiz».

Ta'lim sifati oshirilishiga nima to‘siq bo‘lyapti? O‘zbekiston monopoliyalar sababli nimalarni boy bermoqda? Jamiyatning ayollarga munosabatida qanday xatolar bor? Biz Singapur tajribasidan nimalarni o‘rganishimiz mumkin?

Davlat boshqaruvini modernizatsiyalash va elektron hukumat masalalari bo‘yicha mutaxassis, Smartgov.consulting kompaniyasi ijrochi direktori Aziza Umarova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shular xususida o‘z mulohazalarini bildirdi.

― Ta'lim sifatini oshirish hukumat oldidagi asosiy masalalardan biri bo‘lib turibdi. Turli shakl va ko‘rinishda o‘zgarishlar qilinayotgan bo‘lsa-da, ijobiy siljish sezilgani yo‘q. Aksincha, muammo chuqurlashgan holatlar ham bo‘ldi...

― Chunki bizda akademik erkinlik va oliy ta'lim avtonomiyasi yo‘q. Agar universitet xususiy bo‘lsa, u boshqa oliygohlar bilan raqobatlashadi. Ta'lim dasturi progressiv va qiziqarli bo‘lishiga, eng yaxshi o‘qituvchilar ishlashiga harakat qiladi. Yaxshi kitoblar, kompyuterlarga resurs tikishga, talaba eng yaxshi bilimlarni olishi uchun sharoit qilishga imkoniyat paydo bo‘ladi. Chunki raqobat bor.

Raqobat bo‘lmasa, barcha oliy ta'lim muassasalari davlatniki bo‘lsa... Ularda hisobdorlik yuqori, doim qandaydir hujjatlar talab qilinadi. Va ular har qanday holatda ham davlat o‘ziga pul berishini biladi.

Deylik, xususiy universitet va davlat universiteti. Ular davlat subsidiyalari uchun kurashadi. Davlat xususiy universitetga pul beradi va menga bu yil 100 nafar kadr tayyorlab berasan, deydi. Va xususiy universitet davlat uchun talabalarni tayyorlab beradi. Chunki bu universitetda iqtisodiyot bo‘yicha yaxshi dastur bor. Narigi universitetda esa tibbiyot dasturi yaxshi. Balki xususiydir, balki davlatniki. Ular doim davlat moliyalashtirishi uchun o‘zaro raqobat olib borishadi.

Ana shunda davlat universitetlari ham o‘zgarishga majbur bo‘ladi. Bizda hech qachon bunday bo‘lmagan. Sifatli ta'lim haqida o‘ylar ekanmiz, gap yana oliy ta'lim tizimidagi monopoliyaga, raqobatning yo‘qligiga borib taqaladi.

Aviatsiya bo‘ladimi, oliy ta'limmi, sog‘liqni saqlashmi ― har qanday sohada ham raqobat paydo bo‘lsa, sifat yaxshilanadi. Kuchsizlar chekinadi, kuchlilar qoladi. Kuchlilar o‘z xizmatlarini yaxshilash orqali o‘zaro kurash olib boradi.