Jahon | 16:00 / 07.05.2020
9186
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistondagi kimyo zavodidan gaz sizib chiqishi oqibatida 5 mingdan ortiq odam jabrlandi

 Hindistonning Andxra-Pradesh shtatidagi kimyo zavodida ro‘y bergan avariya oqibatida minglab odamlar jabrlandi, kamida 10 nafari halok bo‘ldi.

Foto: The Times of India

 7 may kuni Andxra-Pradesh shtati, Vishakxapatnam (Vizak) shahridagi ximiya zavodidan gaz sizib chiqishi natijasida 5 mingdan ortiq odam jabrlandi, kamida 10 nafari halok bo‘ldi, deb xabar beradi Times of India.

 Mahalliy vaqt bilan soat 3:00da LG Polymers zavodidan noma'lum gaz sizib chiqqan. Natijada, 3 kilometr radiusda yashayotgan aholi orasida vahima ko‘tarilgan. Ko‘chalardagi ko‘plab odamlarda nafas olish bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgan, teri yuzasida toshmalar paydo bo‘lib, ko‘zlari shishib ketgan, ba'zilar hushsiz holda yerga yiqilgan.

 Halok bo‘lganlar orasida ikki qariya va 8 yoshli bola borligi aytilmoqda.

 Voqea joyida qutqaruvchilar ishlayapti, shaharning ba'zi hududlari va yaqin qishloqlar aholisi evakuatsiya qilinyapti. Yuzlab odamlar shifoxonalarga yotqizilgan. Voqeaning sabablari hali aniqlanmagan.

 Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Vizakdagi vaziyatga baho berish uchun Ichki ishlar vazirligi va tabiiy ofatlarga qarshi kurash milliy boshqarmasi (NDMA) bilan bog‘langanini ma'lum qildi.

 Andxra-Pradesh shtati sanoat vaziri Mekapati Gutam Reddi bayonotiga ko‘ra, «gaz sizib chiqqani haqida xabarlar paydo bo‘lishi bilan zavodda zudlik bilan uni bartaraf qilish jarayoni boshlangan».

Reddi yuz bergan voqea uchun kompaniya javobgar bo‘lishidan ogohlantirdi. «Ular qaysi qoidalarga amal qilingani, qaysilari bajarilmaganini tushuntirib berishi shart. Ularga qarshi jonoyat ishi ochiladi», – deb qo‘shimcha qildi vazir.

 Ma'lumot o‘rnida, 1984 yili Hindistonnning Bxopal shahrida tarixdagi eng katta texnogen falokatlardan biri yuz bergan edi. Union Carbide zavodidan xlor va azot birikmalarining sizib chiqishi natijasida 15 mingga yaqin odam halok bo‘lgan, 500 mingdan ortig‘i zaharlangan.

Mavzuga oid