Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sardobadagi avariyadan beri bir hafta o‘tdi - Nega hech kim matbuot anjumani o‘tkazishga shoshilmadi?
O‘zbekistonda, katta ehtimolki, 1966 yilgi zilziladan keyingi yarim asr ichidagi eng yirik ofat ro‘y berdi – «Sardoba» suv ombori qurib bitkazilganiga uch yil o‘tar-o‘tmay dambaning bir qismi o‘pirilib, toshqin oqibatida minglab insonlar boshpanasiz qoldi. Boshqa viloyatlar aholisi jabrlanganlarga yordamga oshiqmoqda, mas'ullar esa bir hafta o‘tsa-da jurnalistlarning savollariga javob berishga shoshilmayapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil boshida parlamentga yo‘llagan murojaatidagi eng muhim signallardan biri, fikrimizcha, quyidagi ta'kidda aks etgandi:
«Demokratik islohotlar yo‘li – biz uchun yakka-yu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir».
Albatta, oliy hokimiyat demokratik islohotlar yo‘lida davom etishini e'lon qilishi – juda ijobiy belgi. Davlat rahbarining bunday bayonoti – demokratiya tamoyillaridan biri bo‘lgan oshkoralik va xalq bilan muloqot borasida ham oxirgi yillarda erishilgan natijalar bilan cheklanib qolinmasligini tasdiqlash demakdir.
2020 yil sinovli yil bo‘lganini ta'kidlar ekanmiz, bir nechta yo‘nalishlar qatorida aynan ochiqlik siyosati ham jiddiy sinovdan o‘tayotganini unutmaslik lozim.
Avvaliga Buxoro, so‘ng Sirdaryoda ro‘y bergan favqulodda holatlar aholida ko‘plab savollarni tug‘dirdi, ammo oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, mutasaddilar tomonidan hamon matbuot anjumani o‘tkazilgani yo‘q.
Bundan ko‘rinadiki, davlat idoralari favqulodda vaziyatlarda jamoatchilik bilan normal kommunikatsiyani yo‘lga qo‘yishda hamon oqsamoqda. Afsuski, rahbarlarda mansabdor shaxs sifatida jamoatchilik bilan shaxsan muloqot qilishim kerak, degan mas'uliyat hissini shakllantira olmadik.
Matbuot xizmatlari orqali bir tomonlama rasmiy ma'lumotlar e'lon qilinishi ayniqsa favqulodda vaziyatlarda yetarli bo‘lmaydi. Chunki brifinglarda aynan jurnalistlar beradigan savollar hodisa tafsilotlarini yanada ochib berish va jamoatchilikni xavotirga solayotgan nuqtalarga oydinlik kiritishga xizmat qiladi.
Bunday matbuot anjumanlari – fuqarolik jamiyatining ajralmas qismi. Rivojlangan davlatlarda u yoki bu hodisadan keyingi dastlabki soatlarda tegishli tashkilotlarning mas'ul xodimlari jurnalistlar savollariga javob berishsa, biroz vaqt o‘tib vazirlik va idoralarning shaxsan birinchi rahbarlari ishtirokida matbuot anjumanlari tashkil etilishi odat tusiga kirgan.
Bu kabi davomli muloqot natijasida jamoatchilik o‘zini bir chekkada turgan tomoshabin deb emas, balki o‘z yurtida yuz berayotgan ishlarning bevosita ishtirokchisi deb his qiladi, davlat va jamiyat alohida ikki guruh emas – yagona tana sifatida harakatlanadi. Bu esa jamiyatning davlatga ishonchini belgilovchi favqulodda zarur omildir.
1 may kuni «Sardoba» suv ombori bilan yuz bergan falokat ham favqulodda hodisa bo‘lib, u bilan bog‘liq barcha tafsilotlarni jamoatchilik o‘z vaqtida bilishga haqli edi. Buning uchun esa mas'ul idoralar qo‘shma matbuot anjumanlari o‘tkazishlari lozim edi. Ammo bu haligacha qilinmadi. Nega?
Sardobadagi fojiadan beri bir hafta vaqt o‘tdi. Bu muddat bir dunyo savollarni tug‘dirdi. Vaholanki, bu savollarga javob berishi kerak bo‘lgan o‘nlab mas'ullar bor.
Birinchi navbatda – Sirdaryo viloyati hokimi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Qurilish vazirligi va «O‘zbekgidroenergo» AJning rasmiylari ishtirokida jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etilishi lozim edi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» qoshidagi «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» korxonasi «Sardoba» suv omborini qurgan o‘nta subpudratchi qay tariqa tanlab olingani haqida ma'lumot berishi va ularning nomini oshkor qilishi, o‘pirilgan 6-piketda qaysi quruvchi tashkilot ish olib borganini ochiqlashi kerak edi.
Qozog‘iston rasmiylarining suv ombori qurilishi ular bilan kelishilmagani va O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari oqim Qozog‘iston hududiga kirmasligini aytgani yuzasidan ham izoh berilishi zarur.
Toshqin qurbonlari haqida ham deyarli ma'lumot yo‘q, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari bunga oydinlik kiritishi maqsadga muvofiq.
Buzilgan to‘g‘onning tumshug‘ida baliq xo‘jaliklari bo‘lgani, yemirilishga buning aloqasi borligi haqida mish-mishlar tarqalmoqda. Sirdaryo viloyati hokimligi va «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi bu masalaga e'tibor qaratishi lozim.
1 may kuniyoq hodisa oqibatlarini bartaraf etish va sabablarini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan hukumat komissiyasi ham birinchi kunlardanoq Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vositasida mas'ul idoralar bilan brifinglar tashkil etilishini ta'minlashi mumkin edi. Bu orqali turli salbiy fikrlar va mish-mishlarning ham oldi olingan bo‘lar edi.
Kun.uz tahririyati
Mavzuga oid
23:37 / 06.05.2024
Sirdaryodagi maktabda o‘quvchilar klip tomosha qildi, sinf rahbaridan direktorgacha ishdan olindi
07:34 / 20.04.2024
Tadbirkorning 943 mln so‘mlik materiallarini o‘zlashtirgan sobiq menejer aniqlandi
23:56 / 02.05.2023
Sardoba fojiasiga 3 yil: oldini olish mumkin bo‘lgan falokat va uning oqibatlari
13:53 / 18.09.2022