O‘zbekiston | 09:38 / 08.05.2020
3416
5 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi faoliyati takomillashtiriladi

Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta'limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Tegishli nizom loyihasiga ko‘ra, Xalq ta'limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi xalq ta'limi tizimidagi islohotlarni jamg‘arma mablag‘lari doirasida qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.

Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablag‘lar, bunda iste'mol narxlarining tegishli yildagi prognoz indeksiga teng koeffitsiyenti qo‘llaniladi;

muassisi Vazirlik hisoblangan korxonalar ixtiyorida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin qoladigan sof foyda;

umumta'lim muassasalarining mol-mulkini sotishdan tushgan mablag‘larning 100 foizi;

xalq ta'limi muassasalari faoliyatini tekshirish natijalari bo‘yicha Vazirlikning ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlangan va O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari va budjetdan tashqari jamg‘armalar daromadiga undirilgan noqonuniy sarflangan budjet mablag‘larining, talon-toroj, rastratalar, kamomadlar summalarining 50 foizi;

xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hududiy markazlar tomonidan tashkil etilgan xalq ta'limi tizimi xodimlarini qayta tayyorlash kurslarida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning 5 foizi;

xalq ta'limi muassasalarining budjetdan tashqari jamg‘armalariga tushadigan mablag‘larning 5 foizi;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishdan, shuningdek, Vazirlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlar tomonidan umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta'lim sohasida nodavlat xizmatlarni ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlardan olinadigan daromadlarning bir qismi;

yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.

Jamg‘arma mablag‘lari:

Vazirlik, uning hududiy bo‘linmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlar xodimlariga ustamalar, mukofotlar va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar to‘lash;

fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy ekspertlar va xorijda yashaydigan vatandoshlarni Vazirlikda ishlash uchun jalb etish;

Vazirlik, uning hududiy bo‘linmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlar balansidagi bino va inshootlarni saqlash, ulardan foydalanish, ularni qurish va ta'mirlash, zarur anjomlar, shu jumladan mebel, aloqa, kompyuterlar va boshqa vositalar bilan ta'minlash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish;

Vazirlik xodimlarini, shu jumladan xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot, ta'lim va boshqa muassasalarida o‘qitish, malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish;

Vazirlik, uning hududiy bo‘linmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

Vazirlik xodimlariga mamlakatda va xorijdagi xizmat safarlari xarajatlarini to‘lab berish;

Vazirlik faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun sarflanadi.

Xalq ta'limi tizimiga kiruvchi zamonaviy maktablarni sertifikatlash va baholash xizmati faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
 
Jamg‘arma faoliyatini boshqarish va uning mablag‘larini maqsadli taqsimlash Jamg‘arma faoliyatini boshqarish Kengashi tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri Jamg‘arma kengashi raisi hisoblanadi.

Jamg‘arma kengashi O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vazirining buyrug‘i bilan kamida to‘qqiz nafar kishidan iborat tarkibda tasdiqlanadi va vazir o‘rinbosarlari, vazirlikning tegishli boshqarma va bo‘lim boshliqlaridan shakllantiriladi.

Jamg‘arma kengashi o‘z faoliyatini Nizomga muvofiq olib boradi. Jamg‘arma kengashi a'zolari Jamg‘arma boshqaruvidagi o‘z majburiyatlarini jamoatchilik asosida bajaradi.

Jamg‘arma kengashi majlisi a'zolarning yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid