Jahon | 23:58 / 10.05.2020
12594
9 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda o‘qituvchilarni himoya qiluvchi yangi qonuniy tartib kuchga kirdi

Qozog‘istonda o‘qituvchilarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etganlik va ulardan ortiqcha hujjatlarni talab qilganlik uchun javobgarlik belgilangan. 10 may kunidan kuchga kirgan qaror bilan pedagoglardan talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Foto: Informburo.kz

Bu haqda mamlakat Ta'lim va ilm-fan vaziri Asxat Aymagabetov ma'lum qildi.

«Men 2020 yil 6 aprel kuni imzolagan, pedagoglarning ortiqcha hisobdorligi muammosini hal etuvchi 130-sonli buyruq kuchga kirdi. Buyruq bilan o‘rta, texnik va professional ta'lim tashkilotlari pedagoglari to‘ldirishi majburiy bo‘lgan hujjatlarning aniq ro‘yxati belgilab qo‘yildi», – deb yozdi vazir Asxat Aymagambetov Facebook sahifasida.

Vazirning tushuntirishicha, bu hujjat bilan o‘qituvchilarni ko‘plab hisobotlardan qutqarish uchun huquqiy asos yaratilgan.

«Endi vazirlik tomonidan tasdiqlangan aniq ro‘yxat bor. Bu ro‘yxatga kirmaydigan hujjatlarni o‘qituvchidan talab qilish «Pedagog maqomi to‘g‘risida»gi qonun va Ma'muriy kodeksga asosan javobgarlikka sabab bo‘ladi: ular tegishli organlar tomonidan jarimaga tortilishi mumkin», – deydi Aymagambetov.

U prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev avgust oyidagi konferensiyada aynan shunday topshiriq berganini eslatib o‘tgan.

Belgilangan qoidalarni buzganlar 55 ming tenge ($130)dan 333 ming tenge ($790)gacha ma'muriy jarimaga tortiladi.

Qozog‘iston ta'lim va ilm-fan vaziri yangi o‘rnatilgan tartib haqida batafsil ma'lumot berdi.

«Birinchidan. Endi fan o‘qituvchilari har kuni ikkita hujjatni to‘ldiradilar: sinf jurnalini yuritish va yaqin istiqboldagi darslar rejasini tayyorlash. Shuningdek, o‘quv yili boshida o‘rta muddatli istiqbol uchun taqvim-mavzuviy rejalar tuzish va har chorak yakunida mezonlar bo‘yicha baholash hujjatlarini to‘ldirish talab etiladi. Qolgan barcha turdagi ko‘plab hujjatlar bekor qilinadi.

Foto: Qozog‘iston Ta'lim va ilm-fan vazirligi

Agar o‘qituvchi yosh pedagogga ustozlik ham qilsa, u holda buning uchun taxminan 17 ming tenge ($40) ustama ham oladi va bunda o‘qituvchi tayyorlashi kerak bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatiga yosh hamkasbi bilan birgalikdagi faoliyati yuzasidan tayyorlaydigan bitta metodik hujjat ham qo‘shiladi.

Agar o‘qituvchi sinf rahbari bo‘lsa, o‘quv yili boshida tarbiyaviy ishlar rejasini tayyorlaydi; bu rejani amalga oshirib borish barobarida ota-onalar majlisi haqidagi protokollarni elektron formatda to‘ldirib boradi, o‘quvchilarning tabellarini to‘ldiradi, zarurat tug‘ilganda o‘quvchilarning shaxsiy hujjatlarini yangilaydi.

Maktablar rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari uchun ham yuritilishi kerak bo‘lgan eng zaruriy hujjatlar ro‘yxati tasdiqlanib, barcha ortiqcha hujjatlar bekor qilindi.

Kollej o‘qituvchilaridan quyidagi hujjatlarni tayyorlash etiladi: o‘quv yili boshida – ishchi o‘quv dasturi va taqvim-mavzuviy reja; har kuni – dars rejasi, nazariy va ishlab chiqarish ta'limi hamda individual mashg‘ulotlar jurnali.

Foto: Qozog‘iston Ta'lim va ilm-fan vazirligi

O‘qituvchilardan talab etiladigan hujjatlar sonini keskin kamaytirish bo‘yicha shu kabi ishlar maktabgacha ta'lim va oliy ta'limda ham amalga oshirilmoqda.

OTMlar o‘qituvchilarida ham kerak qog‘oz ishlari juda ko‘p. Vazirlik nazorati sababli yuritiladigan va normativlarda belgilangan hujjatlar to‘liq qayta ko‘rib chiqilmoqda; hozirga kelib ularning ko‘pini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Misol uchun, kafedra faoliyati rejasi, komissiyalar protokollari, ishchi o‘quv rejalari va shu kabi hujjatlar bekor qilinyapti.

Vazirlik OTMlardagi ichki jarayonlarni nazorat qilmasligi, faqatgina ta'lim natijalari bo‘yicha umumiy talablarga e'tibor qaratishi kerak. OTMlardagi o‘zgarishlar haqida alohida ma'lumot beriladi.

Ishonchim komilki, ortiqcha hisobdorlikni olib tashlash va hujjat shakllarini unifikatsiya qilish, birinchi navbatda, pedagogning yelkasidagi yukni kamaytirib, unga o‘z ishiga ijodiy yondashish imkonini beradi; bu orqali keraksiz hujjatlar almashuvi maqbullashtiriladi; turli shakllardagi hujjatlar vositasida ma'lumot yig‘ishdek eskirgan amaliyotga barham beriladi.

Ta'lim jarayoni markazida bola, uning shaxsiyati turishi kerak. Shuning uchun ham vazirlik pedagogni keraksiz yumushlardan ozod etishni maqsad qilgan, toki u butun ish vaqtini bolalarga, ularning bilim darajasini oshirishga ajrata olsin, pedagogda o‘quvchilar bilan yakka holda shug‘ullanishga ham vaqti bo‘lsin.

Qozog‘iston Ta'lim va ilm-fan vaziri Asxat Aymagambetov
Foto: primeminister.kz

Shu bilan birga, zaruriy sharoitni yaratib, yuklamani kamaytirar ekanmiz, biz pedagoglardan yuqori professionalizm va ta'lim jarayonining sifatini talab qilishimiz joiz.

O‘qituvchilar qog‘ozbozlikka ko‘mib yuborilgan, ularni o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etishadi, kabi gaplarni eshitib o‘rganib qolganmiz; o‘quv dasturlari va darsliklarni ishlab chiqishga ko‘plab e'tirozlar bor, ya'ni ta'lim sifatiga putur yetayotganiga sabab sifatida shu singari turli omillar sabab qilib keltiriladi. Shu va shu kabi muammolar hal qilinmoqda, ularning yechimini topish bo‘yicha ishlar kelgusida ham davom etadi, lekin ta'lim sifati doimo birinchi navbatda pedagogning professional mahoratiga bog‘liq bo‘ladi. Shunday ekan, o‘qituvchi muntazam o‘z ustida ishlashi, o‘z professional saviyasini oshirib borishi zarur.

Ikkinchidan, javobgarlikka tortish vakolati kimga tegishli?

Pedagoglarni o‘z kasb vazifalariga kirmaydigan ishlarga jalb etish, ulardan lavozim majburiyatlariga oid bo‘lmagan ortiqcha hujjat yoki ma'lumot talab qilish holatlari bo‘yicha murojaat kelib tushganda, Ta'lim va ilm-fan vazirligi Ta'lim va ilm-fan sohasida sifatni ta'minlash qo‘mitasining hududiy departamentlari huquqbuzarlik qayd etilgani bo‘yicha navbatdan tashqari tekshiruv o‘tkazilishini Bosh prokuraturaning Huquqiy statistika va maxsus hisobga olish qo‘mitasi organlarida ro‘yxatdan o‘tkazadi va ta'lim tashkilotlariga borib yoki bormasdan tekshiruvni olib boradi», – deb yozadi Qozog‘iston ta'lim va ilm-fan vaziri Asxat Aymagambetov.

Quyidagilar huquqbuzarlik ro‘y berganini isbotlovchi dalillar deb hisoblanadi:

  • pedagoglar o‘z kasbiy faoliyatlariga aloqador bo‘lmagan ishga jalb etilganini ko‘rsatuvchi foto va videolar; xatlar, buyruqlar, aktlar, protokollar yoki pedagoglar o‘z vazifasiga kirmaydigan ishga jalb qilinganini tasdiqlovchi boshqa materiallarning nusxalari;
  • pedagogdan Qozog‘iston Respublikasining ta'limga oid qonunchiligida ko‘zda tutilmagan hisob-hujjatlar yoki axborotlar talab qilinganini tasdiqlovchi yozma topshiriqlar yoki ularning nusxalari, buyruqlarning nusxalari va shu kabi boshqa materiallar;
  • Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilmagan tekshiruv o‘tkazilgani ko‘rsatuvchi foto va videolar hamda boshqa materiallar;
  • pedagog biror bir tovarni sotib olishga yoki xizmatdan foydalanishga majburlanganini ko‘rsatuvchi foto va videolar, cheklar, tovar hisoblari, schet-fakturalar, kvitansiyalar va boshqa materiallar;
  • pedagog maktab tomonidan tashkil etilmagan tadbirlarda qatnashishga majburlanganini ko‘rsatuvchi foto va videolar, xatlar nusxalari, buyruqlar, aktlar, protokollar va boshqa materiallar.

«Agar birinchi marta huquqbuzarlik sodir etayotgan shaxslar o‘z aybini tan olsa, Qo‘mita va hududiy organ ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida protokol tuzmaydi va aybdor shaxsga ogohlantirish berish haqida qaror qabul qiladi», – deydi vazir.

Ma'lum qilinishicha, takroriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi. Jarima miqdori – eng kam ish haqining 20 barobaridan 120 barobarigacha: 55 ming tengedan 333 ming tengegacha ($130–$790).

Ma'lumot uchun, Qozog‘istonda «Pedagog maqomi to‘g‘risida»gi qonun shu yilning 11 yanvaridan kuchga kirdi. Qonun bilan qator o‘zgarishlar, jumladan o‘qituvchilar maoshini 25 foizga oshirish belgilangan.

Mavzuga oid